Mahalla va nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash bo‘limi tomonidan nuroniylarni qo'llab-quvvatlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan ochiq muloqot bo‘lib o‘tdi

Туман янгиликлари

2022 yil 25 noyabr kuni tuman hokimligining Axborot xizmati tomonidan Mahalla va nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash bo‘limi binosida navbatdagi ochiq muloqot o‘tkazildi.
 Unda tuman hokimligining Axborot xizmati rahbari Fotima Eshimbetova, Mahalla va nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash bo‘limi boshlig‘i o‘rinbosari, “Nuroniylar” jamoatchilik Kengashi raisi Baxadir Baltabayev, “Nuroniylar” jamoatchilik Kengashi raisi o‘rinbosari Bekman ota Allaberganov, faxriy jurnalist Xonimjon Rajabova hamda mahalla raislari, bo‘lim mutaxassislari, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdilar.
Ochiq muloqotni tuman hokimligining Axborot xizmati rahbari Fotima Eshimbetova ochdi va olib bordi.
 Ochiq muloqot davomida bo‘lim tomonidan 2022 yilning mart oyidan mazkur davrga qadar amalga oshirilgan ishlar sarhisob qilindi.
 Ta’kidlanganidek, ijtimoiy himoyaga muhtoj, yakka-yu yolg‘iz, o‘zgalar qaramog‘iga muhtoj keksalar holidan doimiy ravishda xabar olinmoqda.
Shuningdek, uyi ta’mirtalab ahvolga kelib qolgan nuroniylarning uylari ta’mirlab berilmoqda.
Undan tashqari, ijtimoiy himoyaga muhtoj keksalarning salomatligini tiklashlari uchun bepul dori-darmonlar, tibbiy xizmatlar tashkil etilmoqda.
Ayniqsa, oktabr oyining birinchi haftasi “Keksalar haftaligi”da nuroniylarga bo‘lgan e’tibor har qachongidan ham kuchaydi.
 Tumandagi Madaniyat markazlari hamda “Sahovat” va “Muruvvat” uylarida madaniy-ma’rifiy tadbirlar tashkil etildi.
Nuroniylar “Uch avlod uchrashuvlari”, “Salomatlik uchun 5 ming qadam” tadbirlariga jalb qilindi.
Noyabr oyining “Keksalar uchun turizm oyligi” deb e’lon qilinishi esa nuroniylarga bo‘lgan e’tibor va g‘amho‘rlikning yana bir amaliy isboti bo‘ldi.
Noyabr oyining shu kuniga qadar bo‘lgan davrda 6 ming 540 nafar nuroniylar chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi. 3 ming 851 nafar nuroniylar Toshkent, Samarqand, Buxoro, Xiva hamda Respublikamizning so‘lim go‘shalariga, muqaddas qadamjolariga, muzeylarga sayohatga olib borildi.
 Shuningdek, tumanda o‘zgalar parvarishiga muhtoj bo‘lgan 36 nafar keksalarning uylarida hasharlar o‘tkazildi.
 Faxriy jurnalist Xonimjon Rajabova keksalarni e’zozlash, ularga mehr-muruvvat ko‘rsatish tushunchasining mazmun-mohiyati o‘zining yoshlik davrlaridagi ko‘z-qarashlardan mutlaqo farq qilishini, ushbu tushuncha kundan kunga tobora sayqallanib, mukammallashib borayotganligini aytib o‘tdi.
 “Nuroniylar” jamoatchilik Kengashi raisi o‘rinbosari Bekman Allaberganov keksalarni e’zozlash, ularga hurmat ko‘rsatish muqaddas dinimizda ham o‘z aksini topganligini aytib keksalarga hurmat bajo keltirish savobi ulug‘ amallardan biri ekanligini ta’kidladi.
Ochiq muloqot davomida jurnalistlar Mahalla va nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash bo‘limi faoliyati natijadorligiga doir savollar bilan murojaat qilib tegishli javoblar oldilar.
 Shuning bilan ochiq muloqot o‘z yakuniga yetdi.

Tuman hokimligining Axborot xizmati.