“Martabang ulug‘ bo‘lsin, ona tilim” mavzusida bayram tadbiri bo‘lib o‘tdi

Туман янгиликлари

Til − millatning bebaho boyligi, benazir qadriyati va tengsiz mulki hisoblanadi. Tilda ana shu tilning ijodkori bo‘lgan xalq, elatning tarixi va madaniyati aks etadi.

1989 yil 1 dekabr — Qoraqalpog‘iston tarixidagi muhim sanalardan biri sifatida tarixga muhrlangan. Mazkur sanada Qoraqalpoq xalqining azaliy orzusi ro‘yobga chiqdi va qoraqalpoq tiliga davlat tili maqomi berildi. Ushbu kun har yili Qoraqalpog‘iston Respublikasining barcha hududlarida keng tarzda nishonlanib kelinadi. Shu jumladan Amudaryo tumanida ham sana munosabati bilan qator tadbirlar tashkil etildi.

1 dekabr kuni Prezident ta’lim muassasalari Agentligi tizimidagi Amudaryo tumani ixtisoslashtirilgan maktabi jamoasi hamda tuman Madaniyat bo‘limi hamkorligida “Martabang ulug‘ bo‘lsin, ona tilim” mavzusidagi tadbir o‘tkazildi.

Tadbir avvalida ixtisoslashtirilgan maktab direktorining ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari Ravshan Xolmuradov qoraqalpoq tiliga davlat tili maqomi berilganining 33 yilligi bilan barcha o‘quvchilarni va o‘qituvchilarni tabrikladi. Shu bilan birga qoraqalpoq xalqining milliy urf-odatlari, an’analari, qadriyatlari haqida gapirib, Ibrayim Yusupovning go‘zal she’rlaridan namunalar o‘qidi.

Shuningdek, u o‘z so‘zida so‘nggi yillarda o‘zbek va qoraqalpoq tillarini yanada rivojlantirish, boyitishga alohida e’tibor berilayotganligini, bu borada Amudaryo tumanida ham barcha sharoitlar yaratilib, ta’lim muassasalari o‘zbek va qoraqalpoq tillaridagi darsliklar bilan yetarli darajada ta’minlanganligini aytib o‘tdi.

Tadbir davomida tumanimizning taniqli san’atkorlari, tuman Madaniyat bo‘limi xodimlari, havaskorlik jamoalari hamda maktab o‘quvchilari ishtirokidagi katta konsert dasturi namoyish qilindi.

Rang-barang badiiy chiqishlar, dilrabo kuy-qo‘shiqlar, maftunkor raqslar tomoshabinlarda katta taassurot qoldirdi.

Ona tili, Vatan, do‘stlik hamda insoniy fazilatlarni ulug‘lovchi go‘zal she’rlar o‘quvchilar qalbida vatanparvarlik tuyg‘ularining yanada mustahkamlanishiga xizmat qildi.

Konsert dasturi davomida tadbir mehmoni bo‘lgan O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi tuman Kengashi ijrochi kotibi Shirin Yangibayeva barchani bayram bilan samimiy tabrikladi.

 O‘quvchilarga qoraqalpoq tilining jamiyatdagi o‘rni, uni yanada rivojlantirish, boyitish maqsadida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar, qabul qilinayotgan normativ-huquqiy hujjatlarning mazmun-mohiyati haqida batafsil ma’lumot berdi. Shuningdek, o‘quvchilarga tilmizning sofligini saqlash zarurligi, uni yanada boyitish uchun har bir shaxs hissa qo‘shishi lozimligini aytib o‘tdi.

Darhaqiqat, bugungi kunda qoraqalpoq tilining o‘rni va obro‘sini orttirish bo‘yicha ko‘plab amaliy ishlar qilinmoqda. Jumladan, “Qoraqalpoq tilining raqamlashtirilgan texnologiyasi” nomidagi ilmiy-amaliy loyiha amalga oshirilmoqda. Shu bilan birga qoraqalpoq tilidagi audio-kitoblar platformasini yaratish ustida ish olib borilmoqda.

 Qolaversa, atamalarning qoraqalpoq tilidagi tarjimalari Atamalar komissiyasi tomonidan ishlab chiqilib, 5 tomlik “Qaraqalpaq tiliniң tүsindirme sөzligi” kitobi nashrga tayyorlanmoqda.

 Aytish kerakki, amalga oshirilayotgan bu kabi chora-tadbirlar qoraqalpoq tiliga bo‘lgan yuksak e’tiborning yorqin namunasidir.

Tuman hokimligining Axborot xizmati.