“Mehr daftari”ga kiritilgan 3 nafar amudaryolik yoshlarga Nukus shahridan yangi xonadonlar sovg‘a qilindi

Туман янгиликлари

Yurtimizda kelajak egalari bo‘lgan yosh avlodning komil insonlar bo‘lib voyaga yetishlariga alohida e’tibor qaratilib, keng imkoniyatlar yaratilmoqda. Shu o‘rinda voyaga yetmaganlar davlatimiz himoyasiga olinganini, bu Konstitutsiya va Qonunlar bilan mustahkamlab qo‘yilganini e’tirof etish joiz. Voyaga yetmaganlar uchun ularning ota-onalari, vasiy yoki homiylari g‘amxo‘rlik qiladilar. Bevosita, Konstitutsiyamizning 45-moddasida ham voyaga yetmaganlar, mehnatga layoqatsizlar va yolg‘iz keksalarning huquqlari qonun himoyasidaligi keltirib o‘tilgan. Voyaga yetmaganlarning huquqlari bilan bog‘liq munosabatlar bugungi kunda davlatimizdagi dolzarb masalalardan biriga aylangan.

Amudaryo tumani hokimligining Bolalarni himoya qilish sho‘’basi tomonidan ham yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarning muammolari o‘rganib chiqilib, ularni hal qilish borasida qator ishlar amalga oshirilib kelinmoqda.

Prezidentimizning 2021 yilgi 9 avgustdagi tegishli Qaroriga ko‘ra “Mehr daftari”ga kiritilgan, 18 yoshga to‘lgan yetim va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan 3 nafar yoshlarning har biriga xonadonlar xarid qilingani ham bu boradagi amaliy ishlarga yorqin misoldir.

2 dekabr kuni tuman hokimligida o‘tkazilgan yig‘ilishda mazkur xonadonlarning kalitlari va hujjatlari o‘z egalariga tantanali ravishda topshirildi. Har birining qiymati 130 mln. so‘m bo‘lgan ushbu xonadonlar Nukus shahrida joylashgan. Shaxsiy yoki meros qoldirilgan uy-joyi bo‘lmagan, shuningdek, joriy yilda uy-joyga muhtoj fuqaro sifatida ro‘yxatga olingan yoshga xonadonlar kaliti va hujjatlari tuman hokimi Sultonboy Yo‘ldashev tomonidan tantanali ravishda topshirildi.

“Nuroniylar” jamoatchilik Kengashi raisi o‘rinbosari Bekman Allaberganov, hokimlikning Bolalarni himoya qilish sho‘’basi rahbari Jahongir Xolmurodov va boshqalar yoshni yangi xonadon bilan tabriklab, ularning kelgusi ishlarida omadlar yor bo‘lishini tilashdi.

Ta’kidlanganidek, tuman hokimligining Bolalarni himoya qilish sho‘’basi tomonidan shakllantirilgan “Mehr daftari” ro‘yxatida turgan bolalarning muammolarini o‘rganish maqsadida ular yashayotgan xonadonlarga muntazam ravishda borilib, holidan xabar olinib turiladi. O‘tgan davr mobaynida “Mehr daftari” jamg‘armasi hisobidan ro‘yxatda turgan 9 nafar bolaning har biriga 650 ming, jami 5 million 850 ming so‘mlik maktab formalari va o‘quv qurollari berildi. Shuningdek, jamg‘arma mablag‘lari hisobidan 1 nafar bola zamonaviy noutbuk va 1 nafar qiz tikuv mashinasi bilan ta’minlandi.

Ota-onasi yo‘qligi uchun vasiy qaramog‘iga olingan, ayni paytda 18 yoshga to‘lgan, uy-joyga muhtoj Azizbek Jumaboyev, Ozoda Bobojonova va Farida Inoyatovalarning har biriga alohida sovg‘a qilingan xonadonlar zarur mebellar bilan ham jihozlangan. Shuningdek, yangi xonadon egalariga tumanimizdagi saxovatpesha tadbirkorlar tomonidan beg‘araz homiylik yordami asosida televizor, uy-ro‘zg‘or buyumlari va boshqa maishiy buyumlar ham sovg‘a qilindi.

Tuman hokimi Sultonboy Yo‘ldoshev sahovatpesha tadbirkorlarga alohida minnatdorchilik bildirdi.

O‘zlarining alohida uylariga ega bo‘lgan yoshlar ota-onasidek g‘amxo‘rlik ko‘rsatgan davlatimizdan, qolaversa, tuman hokimi, Bolalarni himoya qilish sho‘’basi mas’ullaridan juda mamnun ekanliklarini aytib, minnatdorchilik izhor etdilar.

O.Xudoyberganova.