Amudaryo tumanida 3 dekabr− Xalqaro nogironlar kuniga bag‘ishlangan tadbir o‘tkazildi

Туман янгиликлари

1992 yil 14 oktabr kuni Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 37-yalpi majlisida qabul qilingan rezolyutsiyaga muvofiq, 3 dekabr – Xalqaro nogironlar kuni sifatida belgilangan. Shundan buyon har yili mazkur sana doirasida nogironlar duch kelayotgan muammolarni chuqurroq anglash, shu kabi masalalarni hal etish, ularning qadr-qimmati, huquqini himoya qilish, turmush sharoitini yaxshilashga qaratilgan tadbirlar uyushtiriladi, imkoniyati cheklanganlarga moddiy yordamlar berilib, ma’naviy qo‘llab-quvvatlanadi.

Mamlakatimizda ham nogironligi bo‘lgan shaxslarga jamiyat va davlat tomonidan ko‘mak va yordam ko‘rsatish, ularni ijtimoiy-siyosiy hayotga faol jalb etishga qaratilgan keng ko‘lamli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Hozirgi vaqtda ushbu toifaga mansub fuqarolarni qo‘llab-quvvatlashga ixtisoslashgan bir qator tuzilmalar, xususan, O‘zbekiston nogironlar jamiyati, Nogironlar assotsiatsiyasi, Ko‘zi ojizlar jamiyati, Karlar jamiyati va boshqa jamoat hamda nodavlat notijorat tashkilotlari samarali faoliyat ko‘rsatmoqda.

 Eng muhimi, taqdir taqozosi bilan nogiron bo‘lib qolgan bironta ham yurtdoshimiz xalqimizning, davlat idoralarining mehru e’tiboridan chetda qolmasdan, o‘zining mehnati va qobiliyati bilan nafaqat hayotda o‘z o‘rnini egallab kelmoqda, balki azmu matonati, sabr-bardoshi va shukronalik fazilatlari bilan ko‘pchilikka ibrat bo‘lmoqda.

3 dekabr kuni Amudaryo tumanidagi “Sher” restoranida nogironligi bo‘lgan yurtdoshlarimiz uchun tadbir tashkil etildi.

Tadbirda tuman hokimi Sultonboy Yo‘ldashev, sektorlar rahbarlari, hokim o‘rinbosarlari hamda yuz nafarga yaqin imkoniyati cheklangan yurtdoshlarimiz ishtirok etishdi.

Tuman hokimi Sultonboy Yo‘ldashev jamiyatimizning ajralmas qismi bo‘lgan nogironligi bor fuqarolarning huquq va manfaatlarini ta’minlash, mehnat va turmush sharoitlarini yaxshilash borasida mamlakatimizda bir qator qonunlar hamda 25 dan ortiq boshqa me’yoriy-huquqiy hujjatlar qabul qilinib, mustahkam qonuniy baza yaratilganligini, bu esa mazkur toifa vakillariga tibbiy-ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish, ularning bilim olishi, mehnat qilishi, malakali tibbiy xizmatlardan foydalanishi, o‘z iste’dod va salohiyatini ro‘yobga chiqarishi, muxtasar aytganda, o‘zlarini jamiyatimizning to‘laqonli a’zosi deb his etishlari uchun yanada qulay sharoitlar yaratish imkonini berayotganligini ta’kidladi.

Tadbir davomida so‘zga chiqqanlar ishtirokchilarga ularning sabr-u matonati, shijoati, shukronaligi bilan barchaga o‘rnak bo‘layotganligi, hamda intilish va iste’dodlarini xalqimiz yukasak qadrlashini aytib, mamlakatimizning ijtimoiy-iqtisodiy hayotidagi faol ishtiroki uchun chuqur minnatdorlik bildirdi.

Shundan so‘ng, imkoniyati cheklangan yurtdoshlarimizga qimmatbaho sovg‘alar tan’tanali tarzda topshirildi. Undan tashqari, nogironligi bo‘lgan 15 nafar yurtdoshlarimiz reabilitatsiya-texnik vositalari bilan ta’minlandi.

Tadbir ishtirokchilari to‘kin dasturxon atrofida jamuljam bo‘lishib, tuman Madaniyat bo‘limi tomonidan tayyorlangan konsert dasturini maroq bilan tomosha qildilar. Tadbir davomida tumanimizning ustoz san’atkorlari, umidli estrada yulduzlari tomonidan Vatan, do‘stlik, sevgi-muhabbat va insoniy fazilatlarni ulug‘lovchi go‘zal kuy-qo‘shiqlar yangradi.

Tadbir qatnashchilari o‘zlariga ko‘rsatilayotgan bu kabi e’tibor uchun tuman hokimligiga va tashkilotchilarga minnatdorlik bildirishdi.

Tuman hokimligining Axborot xizmati