2022 yilning 9 oyini tuman mahalliy budjeti 56 mlrd 322,8 mln so‘m daromad bilan yakunladi

Туман янгиликлари

5 dekabr kuni Amudaryo tuman hokimligi majlislar xonasida Xalq deputatlari tuman Kengashining mahalliy budjet, iqtisodiy islohotlarni amalga oshirish, investitsiyalar va tadbirkorlikni rivojlantirish masalalari bo‘yicha doimiy komissiyasining yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Yig‘ilishda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, xalq deputatlari Amudaryo tuman Kengashi deputatlari, hokimlik ma’sul xodimlari, korxona, tashkilotlar va ovul, mahalla fuqarolar yig‘inlari raislari, ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.

Yig‘ilishda “Amudaryo tumani mahalliy budjetining 2022 yil 9 oyi davomidagi ijrosi to‘g‘risida”gi masala ko‘rib chiqildi.

Kun tartibidagi masala yuzasidan tuman moliya bo‘limi mudiri o‘rinbosari Abay Sag‘inbayev hisobot berdi. Hisobotda ta’kidlanishicha, tuman mahalliy budjetining daromadlar qismi rejasi 52 mlrd 749,3 mln so‘mga belgilangan bo‘lib, xaqiqatda 56 mlrd 322,8 mln so‘mga, ya’ni 106,8 foizga bajarilgan. Bu rejaga nisbatan 3 mlrd 573,5 mln so‘mga ortiq deganidir.

2022 yil 9 oyi davomida budjet xarajatlari rejasi kiritilgan o‘zgarishlardan keyin jami 214 mlrd 759,4 mln so‘mni tashkil qilgan. Hisobot davrida budjet hisobidan jami 213 mlrd 77,9 mln so‘mlik mablag‘lar sarflangan.

Jumladan, qishloq xo‘jaligi va obodonlashtirish sohasiga jami 14,2 mlrd so‘m sarf qilingan. Bu jami budjet xarajatlari hajmining 6,6 foizini tashkil qiladi. Maktabgacha ta’lim sohasiga jami 15,2 mlrd so‘m, yoki jami budjet xarajatlari hajmining 7,12 foizi, ta’lim sohasiga esa 8,8 mlrd so‘m, yoki jami budjet xarajatlarining 4,11 foizi sarflangan.

Bundan tashqari, madaniyat va sport sohasiga jami 4,33 mlrd so‘m, sog‘liqni saqlash sohasiga jami 63,3 mlrd so‘m, ijtimoiy ta’minot sohasiga jami 79,2 mlrd so‘m mablag‘ sarflangan. Shuningdek, ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi, “Yoshlar daftari” va “Ayollar daftari” xarajatlari uchun jami 595 million 200 ming so‘m sarf-xarajat qilingan.

Davlat boshqaruv organlarini saqlash uchun salkam 11 mlrd so‘m sarflangan. Bu jami budjet xarajatlari hajmining 5,15 foizini tashkil qiladi. Shuningdek, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari sohasiga jami 3,7 mlrd so‘m, zaxira jamg‘armasi mablag‘ari uchun jami 1,8 mlrd so‘m, fuqarolar tashabbusli jamg‘armasi mablag‘lari uchun 10,2 mlrd so‘m, boshqa xarajatlar uchun esa 849 mln 445 ming so‘m sarf-xarajat qilingan.

Xalq deputatlari Amudaryo tuman Kengashining va tuman xokimining tegishli qaror va farmoyishlari asosida budjet mablag‘lari tasdiqlangan rejasidan tashqari yil boshidagi erkin qoldiq mablag‘lari hisobidan jami 764 mln 989 ming so‘m sarflangan. Qoraqalpog‘iston Respublikasi va tuman mahalliy budjetlari daromadlar rejasining ortiqcha bajarilgan qismi mablag‘lari hisobidan esa jami 4 mlrd 41,9 mln so‘m sarflangan.

Yig‘ilishda tuman mahalliy budjetining 9 oyi davomidagi ijrosi yuzasidan deputatlar va doimiy komissiya yig‘ilishi ishtirokchilari o‘z fikr va mulohazalarini bildirib, savollar bilan murojaat qildilar va tegishli javoblar oldilar.