Xotin-qizlar faollariga planshetlar topshirildi

Туман янгиликлари

Ma’lumki, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev raisligida 2022 yil 1 mart kuni xotin-qizlarning jamiyatdagi mavqeini yanada mustahkamlash hamda ularni qo‘llab-quvvatlash masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tgan edi. Yig‘ilishda Yurtboshimiz “Agar xalqimizning rozi bo‘lishini xohlasak, avvalo mo‘tabar onalarimiz, opa-singillarimiz uchun munosib turmush sharoitlarini yaratishimiz kerak. Ona rozi bo‘lsa, oila rozi bo‘ladi, oila rozi bo‘lsa, jamiyat rozi bo‘ladi” degan edilar. Bu maqsad mamlakatimizning “Taraqqiyot strategiyasi”da eng muhim yo‘nalishlardan biri qilib belgilangan. Ularning ijrosini har bir mahalla kesimida tizimli ravishda amalga oshirish uchun Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasini tashkil etish to‘g‘risidagi Prezident farmoni qabul qilindi.

Farmonga muvofiq, Respublikamizning barcha hududlaridagi singari Amudaryo tumanining barcha ovul va mahallalariga ochiq tanlov asosida xotin-qizlar faollari tayinlandi. Bugungi kunda xotin-qizlar faollari o‘z mahallasidagi ayol-qizlarning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish, muammolarini hal qilish yo‘lida sidqidildan mehnat qilib kelishmoqda.

Shu bilan birga xotin-qizlar faollarining faoliyat samaradorligini oshirish, ularga qulay mehnat sharoitlarini yaratish borasida ko‘plab ijobiy ishlar amalga oshirildi. Jumladan, har bir xotin-qizlar faoliga mahalla binosidan alohida xona, zaruriy ish jihozlari, zamonaviy kompyuterlar ajratildi.

11 noyabr kuni Amudaryo tumani hokimligining majlislar zalida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi o‘rinbosari Maryam Ahmedova tomonidan tumandagi xotin-qizlar faollariga eng so‘nggi rusumdagi zamonaviy planshetlar topshirildi.

Ushbu planshetlar xotin-qizlar faollariga mahallalarda “oilabay” tizimini yuritishda, ijtimoiy himoyaga muhtoj, tadbirkorlik qilish istagidagi xotin-qizlarni bazalarga kiritishda samarali vosita bo‘lib xizmat qiladi.

Shu o‘rinda aytish kerakki, xotin-qizlarning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, ularning mamlakat ijtimoiy-siyosiy hayotidagi o‘rni va faolligini oshirish, gender tenglik kafolatlarini ta’minlash, ilmiy faoliyatga keng jalb qilishda xotin-qizlar faollarining o‘rni tobora ortib bormoqda.

Ular xotin-qizlarning muammolarini o‘z vaqtida aniqlash, og‘ir ijtimoiy ahvolga tushib qolganlarga ijtimoiy-huquqiy, psixologik yordam ko‘rsatish, mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan kasblar bo‘yicha bilim va ko‘nikmalarni egallashlari uchun zarur sharoitlar yaratish, qishloq joylardagi xotin-qizlarni oilaviy va xususiy tadbirkorlikka, hunarmandchilikka keng jalb etish borasidagi keng ko‘lamli ishlarni yo‘lga qo‘ymoqdalar.

Shuningdek, xotin-qizlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini shakllantirish, oiladagi ma’naviy-axloqiy qadriyatlarni mustahkamlash bo‘yicha manzilli chora-tadbirlarni amalga oshirmoqdalar. Bir so‘z bilan aytganda, jamiyatning asosiy bo‘g‘ini hisoblangan oilalar tinchligi, xotirjamligini ta’minlashda xotin-qizlar faollari samarali tarzda mehnat qilishmoqda.

Tuman hokimligining Axborot xizmati.