QAYTA TA’MIRLANGAN 33-SONLI MAKTABGACHA TA’LIM TASHKILOTI BINOSI FOYDALANISHGA TOPSHIRILDI

Туман янгиликлари

Amudaryo tumanining Arnabo‘yi mahallasidagi 33-sonli maktabgacha ta’lim tashkiloti binosi qayta ta’mirlanib, foydalanishga topshirildi.

12 dekabr kuni shu munosabat bilan o‘tkazilgan tadbirda tuman prokurori yordamchisi Zoidjon Xudoyberganov, tuman hokimligining Bolalarni himoya qilish sho‘basi rahbari Jahongir Xolmurodov, Maktabgacha ta’lim bo‘limi boshlig‘i o‘rinbosari Abdurashid Nasrillayev hamda fuqarolar yig‘ini mas’ullari ishtirok etdilar.

Zamonaviy ko‘rinishga keltirilgan tashkilot binosi ostonasida alvon rangli lentalar kesilgach, yig‘ilganlar o‘yin maydonchalari va mashg‘ulot xonalari, oshxona va yotoqxonalarda yaratilgan shart-sharoitlar bilan yaqindan tanishdilar.

Ta’kidlanganidek, Xalq deputatlari tuman Kengashining 2022 yil 21 apreldagi tegishli qarori hamda Amudaryo tumani hokimining 2022 yil 27 apreldagi “Mablag‘ ajratish to‘g‘risida”gi farmoyishi ijrosini ta’minlash maqsadida “Openbudjet.uz” elektron dasturida ko‘p ovoz to‘plagan Arna bo‘yi mahallasi hududidagi 33-sonli maktabgacha ta’lim tashkiloti binosida joriy ta’mirlash ishlari olib borildi. Binodagi 299 mln. so‘mlik qurilish ishlari “Urganch Murodjon servis” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan bajarilib, qayta ta’mirlandi.

Ushbu maktabgacha ta’lim tashkilotiga 120 nafar bola qamrab olingan bo‘lib, endilikda ularga zamonaviy ko‘rinishdagi, barcha shart-sharoitlar yaratilgan, yangidan jihozlangan binoda ta’lim-tarbiya berish imkoniyati yaratildi. Tashkilotning chiroyli, keng va ko‘rkam xonalari, musiqa zallarining devorlari kichkintoylarga mos chiroyli rasmlar bilan bezatildi.

Shu o‘rinda aytish joizki, joriy yilda investitsiya dasturi asosida To‘lqin ovuli hududidagi 39-sonli maktabgacha ta’lim tashkiloti hamda Yuqori qishloq mahallasi hududidagi 28-sonli maktabgacha ta’lim tashkiloti filiali binolarida rekonstruksiya qilish ishlari olib borilmoqda. Shuningdek, Obod qishloq dasturi asosida To‘lqin ovuli hududidagi 24-sonli maktabgacha ta’lim tashkiloti binosida mukammal ta’mirlash ishlari olib borilib, foydalanishga topshirildi.

Bundan tashqari tumandagi 5 ta, ya’ni 8-, 18-, 33-, 44-, 47-sonli maktabgacha ta’lim tashkilotlarida joriy ta’mirlash ishlari amalga oshirildi. Yil davomida maktabgacha ta’lim tizimiga tadbirkorlarni jalb qilgan holda 11 ta oilaviy nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari tashkil qilindi. Yil yakuniga qadar investitsiya dasturi hisobidan Yuqori qishloq mahallasida rekonstruksiya qilinayotgan 28-sonli maktabgacha ta’lim tashkiloti filialiga 120 nafar, Choyko‘l ovuli hududidagi 1 ta, Oybek nomli mahallasidagi 1 ta, jami 2 ta oilaviy nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotiga 75 nafar bolalarni qamrab olish rejalashtirilgan bo‘lib, muassasalardagi bolalar sonini 12 ming 144 nafar, ya’ni maktabgacha ta’lim yoshidagi bolalarning 72,1 foizga yetkazish rejalashtirilgan.

Tadbirga tashrif buyurgan mas’ullar qayta ta’mirlangan 33-sonli maktabgacha ta’lim tashkiloti binosida kichkintoylar uchun ularni maktab ta’limiga tayyorlash, intellektual salohiyatini yuksaltirish, har jihatdan yetuk va barkamol voyaga yetishlari uchun zarur bo‘lgan barcha sharoitlar yaratilganining guvohi bo‘ldilar.

Endilikda zamonaviy maxsus mebellar, yangi to‘shaklar bilan jihozlangan yotoqxonalar, xavfsiz qattiq va yumshoq o‘yinchoqlar, bino oldidagi yozgi o‘yin maydonchalari, ko‘rkam va fayzli oshxona bolajonlarning doimiy xizmatida bo‘ladi.

Kelajak egalari uchun yaratilgan ushbu qulayliklar nafaqat kichkintoylarni, balki tadbirga tashrif buyurgan mas’ullar, qolaversa, Arnabo‘yi mahallasining butun aholisini juda quvontirdi.

Ozoda Xudoyberganova.