“Korrupsiyaga qarshi birgalikda kurashamiz” mavzusida o‘tkazilgan insholar tanlovi g‘oliblari aniqlandi

Туман янгиликлари

Korrupsiya – insonni qiyin ahvolga solib, ruhan ezishi, adolatsizlikka keng yo‘l ochishi bilan ham juda xavflidir. Bu shaxsning o‘z mansab yoki xizmat mavqeidan foydalanib, shaxsiy manfaat orttirishi yo‘lidagi harakatlaridan ko‘pchilik aziyat chekadigan illatdir. Inson huquq va erkinliklarining poymol bo‘lishiga olib kelishidan tashqari, har qanday davlat yoki jamiyatning siyosiy-iqtisodiy rivojlanishiga jiddiy putur yetkazadi.

Korrupsiya jinoyati faqatgina bir yoki bir nechta davlatlarga xos emas. Balki, dunyo miqyosida hal etilishi lozim bo‘lgan global muammodir. Ushbu jinoyat sodir etilishi xalqning davlat boshqaruviga bo‘lgan ishonchi susayishiga olib kelishi uning eng achinarli oqibatlaridan biridir. Shu boisdan ham mamlakatimizda hozirgi vaqtda ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy-huquqiy muammolar orasida korrupsiyaga qarshi kurash muammosi muhim o‘rin tutadi.

Bu boradagi ishlarni yuqori tashkil etish, zararli illatga qarshi kurashni keng avj oldirish, korrupsiyaning zararli oqibatlarini jamoatchilikka targ‘ib etish maqsadida mamlakatimizda 9 dekabr – Xalqaro korrupsiyaga qarshi kurashish kuni qilib belgilangan. Sana munosabati bilan Aksilkorrupsiya haftaligi o‘tkazildi.

Haftalik doirasida tumanimizda ham korrupsiyaning insoniyat va jamiyat taraqqiyotiga salbiy ta’sirini ifodalovchi ko‘pgina tadbirlar o‘tkazildi. Tumanimizdagi umumiy o‘rta ta’lim maktablarining 8-, 11-sinflari o‘quvchilari orasida tuman hokimligi, tuman Xalq ta’limi va Yoshlar ishlari agentligi tuman bo‘limi tomonidan “Korrupsiyaga qarshi birgalikda kurashamiz” mavzusida o‘tkazilgan insholar tanlovi ham shular jumlasidandir.

Tanlovda o‘quvchilarning korrupsiyaning salbiy oqibatlari xususidagi va bu illatga qarshi kurash samaradorligini oshirishga qaratilgan ta’sirchan choralar amalga oshirilishi lozimligi xususidagi yozgan fikrlari e’tiborni tortadi.

Hakamlar hay’ati a’zolarining bildirishicha, o‘quvchilarning aksariyati korrupsiyani o‘z shaxsiy manfaati yo‘lida pora olish yoki pora berish sifatida ta’riflashgan. Ayrimlari esa shaxsning o‘z manfaati yo‘lidagi qonunga xilof harakati sifatida baholashgan.

Tanlovga taqdim etilgan insholar g‘oyaviy jihatdan mazmundorligi, xatolarsiz, chiroyli yozilishiga qarab, haqqoniy baholandi.

Tanlovda ishtirok etgan o‘quvchilar orasida 31-sonli maktab o‘quvchisi Shahnoza Tozaboyeva 89 ball to‘plab birinchi, 61-sonli maktab o‘quvchisi 85 ball to‘plab ikkinchi, 26-sonli maktab o‘quvchisi Ruxshona Husanova 78 ball to‘plab uchinchi o‘rinlarni egalladilar.

9 dekabr kuni tuman hokimligida ushbu tanlov g‘oliblarini taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi. Unda insholar tanlovi g‘oliblari, ularning ustozlari ishtirok etdilar.

Yig‘ilishni tuman hokimi o‘rinbosari Rashid Salayev ochdi va olib bordi. U korrupsiyaviy huquqbuzarliklarni o‘z vaqtida aniqlash, ularning oqibatlarini bartaraf etish, oldini olish, shu toifadagi huquqbuzarlikni sodir etganlik uchun javobgarlikning muqarrarligi ta’minlanishi xususida ma’ruza qildi. Shu mavzuda o‘quvchilarning bilimlarini sinash maqsadida o‘tkazilgan insholar tanlovidagi g‘olib bo‘lgan o‘quvchilarni rag‘batlantirish maqsadida taklif etilganligini ma’lum qildi.

Insholar tanlovida tanlovida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan o‘quvchilarga tuman hokimligining sovg‘alari taqdim etildi.

Korrupsiya chegara bilmaydigan, keng ko‘lamli ijtimoiy hodisadir. Uning kelib chiqishi, salbiy oqibatlari haqida o‘quvchi-yoshlarning o‘z fikri va xulosalari borligi juda ahamiyatlidir.

Oygul RAJABOVA.