"Yashil makon" umummilliy harakati doirasida Amudaryo tumani bo'yicha 2022 yil davomida amalga oshirilgan ishlar hisoboti

Туман янгиликлари

Yurtimizning har qarich yeri oltinga teng. Uning go‘zal tabiati, musaffo havosi, ziloldek tiniq va shifobaxsh suvlari har qanday kishini o‘ziga maftun etadi. Mana shunday betakror go‘zallikni asrab-avaylash, kelajak avlodga bus-butunligicha yetkazish har birimizning unutilmas burchimiz hamda majburiyatimizdir.
 Bu O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 50-moddasida  qat’iy belgilab qo‘yilgan. Unga ko‘ra, fuqarolar atrof tabiiy muhitga ehtiyotkorona munosabatda bo‘lishga majburdirlar.
 Shuningdek, aholining tabiatni muhofaza qilish sohasidagi huquq va majburiyatlari O‘zbekiston Respublikasining “Tabiatni muhofaza qilish to‘g‘risida”gi Qonunida ham o‘z aksini topgan.
Ta’kidlash joiz, so‘nggi yillarda mamlakatimizda ekologik barqarorlikni ta’minlash, aholining qulay tabiiy muhitga ega bo‘lishi uchun zarur bo‘lgan barcha shart-sharoitlar yaratish, tabiiy resurslardan samarali va oqilona foydalanish, vujudga kelayotgan ekologik muammolarning oldini olish va ularning salbiy oqibatlarini bartaraf etish masalalariga jiddiy e’tibor qaratib kelinmoqda.
Ammo, aholi sonining oshishi, turli ishlab chiqarish korxonalari, zavodlar ko‘payishi tufayli ulardan chiqayotgan tutun, chiqindilar atmosferaning ifloslanishiga olib kelmoqda.
Mana shunday nohush holatlarning oldini olish hamda Respublikamizda yashil hududlarni yanada ko‘paytirish maqsadida Muhtaram Prezidentimiz tashabbusi bilan “Yashil makon” umummilliy loyihasi tadbiq etildi.
Mazkur loyihaning ijobiy natijasi o‘laroq bugungi kunda yurtimizning barcha hududlarida yashil maydonlar ikki barobarga ko‘paydi.
Amudaryo tumanida ham umummilliy harakat uyushqoqlik bilan o‘tkazildi. 2022 yilning baxor mavsumida tuman bo‘yicha 744,3 ming dona daraxt ko‘chatlari ekildi. Xususan, har bir korxona, tashkilot, muassasa atrofidagi yashil maydonlarga mevali va manzarali ko‘chatlar, qalamchalarni ekish ishlari tashkil qilinib butun yoz bo‘yi parvarishlandi.
 Bahor mavsumida ekilgan ko‘chatlar bugun ko‘zni quvontirgudek darajada ko‘kka bo‘y cho‘zishgan.
Mazkur hayrli tadbirni izchil davom ettirish maqsadida 2022 yil 11 oktabr kuni Muhtaram Prezidentimiz raisligida videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi. Ushbu yig‘ilishda loyiha doirasida yil yakuniga qadar 75 million dona va 2023 yil bahor oylarida yana 125 million dona mevali va manzarali ko‘chatlar ekish vazifasi qo‘yildi. Hamda 20 oktabrdan 1 dekabrgacha ko‘chat ekish bo‘yicha “dolzarb 40 kunlik” e’lon qilinadi.
 Prezidentimiz aholi xonadonlarida va dala chetlarida ko‘proq mevali daraxtlar va sabzavot ekishlari faol targ‘ib qilinishi lozimligini ta’kidladilar.
Mazkur topshiriqlar ijrosini ta’minlash maqsadida tumanimizda shu yilning kuz mavsumida 434,6 ming dona daraxt ko‘chatlari ekildi. Dastur asosida umumfoydalanishdagi avtomobil yo‘llari yoqasidagi yerlarga 3,8 ming tup, qishloq xo‘jaligi yerlarida 35 ming tup, fermer xo‘jaliklarining ekin yer maydonlari chetlariga 125,7 ming tup, o‘rta maxsus ta’lim yo‘nalishi obyektlarida 5 ming tup, xalq ta’limi yo‘nalishi obyektlarida 7,5 ming tup, maktabgacha ta’lim yo‘nalishi obyektlarida 6 ming tup, sog‘liqni saqlash yo‘nalishi obyektlarida 6,5 ming tup, korxonalar va xizmat ko‘rsatish sohalari hududlarida 32,4 ming tup, tuman Obodonlashtirish boshqarmasi tasarrufidagi hududlar va obe’ktlarida 109,5 ming tup, tumandagi OFY va MFY hududlarida 103,2 ming tup daraxt ko‘chatlari ekilib belgilangan reja 103 foizga bajarildi.
Quvonarlisi, ushbu hayrli aksiyada yoshlardan tortib tumandagi barcha yoshi ulug‘ nuroniylar, mahalla faollari, korxona, tashkilot rahbarlarigacha faol ishtirok etishdi.
 Xalqimizda “Birni kessang, o‘nni ek” degan dono maqol bor. Bu bejizga aytilmagan. Uning zamirida zamonaviy imorat va korxonalar, avtomobil va turli rusumdagi mashinalar, logistika va texnika vositalari qurshovida qolgan makonga asl tabiatni tuhfa etish, ko‘chat ekish va bog‘ yaratish yotadi.
Ushbu ezgu maqsadni ro‘yobga chiqarishga qaratilgan mazkur umummilliy harakat natijasida Respublikamizdagi barcha hududlarda yashil makonlar ko‘paymoqda.
Eng asosiysi, yoshlarimiz ota-bobolarimizdan qolgan daraxt ekishdek azaliy qadriyatning nechog‘lik muqaddas ekanligini qalban his qilgan holda bunyodkorlik, yaratuvchanlik ishlarida munosib ishtirok etmoqdalar.
Fursatdan foydalanib o‘z mahallasi hududini, ish joyi atrofini obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish ishlarida uyushqoqlik bilan qatnashgan barcha amudaryoliklarga minnatdorlik bildirib 2023 yilning bahor mavsumida ham faollikka chorlab qolaman.

Tuman hokimi o‘rinbosari, Nodirbek Kamolov