“MЕHR HARAKATI” DOIRASIDA KAM TA’MINLANGAN OILALAR FARZANDLARIGA QISHKI KIYIM-KЕCHAKLAR TARQATILDI

Туман янгиликлари

Shu kunlarda yurtimizda “Mehr harakati” doirasida kam ta’minlangan, ehtiyojmand oilalar holidan xabar olinib, ularga zarur bo‘lgan uy-ro‘zg‘or buyumlari, kiyim-kechaklar, oziq-ovqat mahsulotlari berilmoqda. Harakat doirasida Amudaryo tumani Mahalla va nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash bo‘limi binosida “Mahalla” xayriya jamoat fondi mablag‘lari hisobidan umumta’lim maktablarida ta’lim oluvchi kam ta’minlangan oilalar farzandlariga qishki kiyim-kechaklar berildi.

13 dekabr kuni o‘tkazilgan tadbirda tuman hokimi Sultonboy Yo‘ldashev hamda sektorlar rahbarlari, Xalq ta’limi bo‘limi mas’ullari va umumta’lim maktablari direktorlari ishtirok etdilar. Tadbirda tumanimiz maktablarida ta’lim-tarbiya olayotgan kam ta’minlangan va boquvchisini yo‘qotgan, ehtiyojmand oilalarning 95 nafar farzandlariga qishki kiyim-kechaklar tarqatildi.

Ma’lumki, Vazirlar Mahkamasining 1997 yil 20 avgustdagi “O‘qituvchilar va o‘quvchilar moddiy sharoitini yaxshilashga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” hamda 2002 yil 25 yanvardagi “Aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarini aniq yo‘naltirilgan tarzda qo‘llab-quvvatlashning 2002-2003 yillarga mo‘ljallangan dasturini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” tegishli qarorlarida kam ta’minlangan oilalarga mansub o‘quvchilarni bepul qishki kiyim-bosh to‘plami bilan ta’minlash belgilangan. Shunga ko‘ra bunday o‘quvchilar ro‘yxati maktab rahbari va ota-onalar qo‘mitasi tomonidan aniqlanib, shakllantirilgan ro‘yxat bo‘yicha qishki kiyim-kechaklar tarqatilib kelinmoqda.

Undan tashqari, mazkur qarorga muvofiq ko‘makka muhtoj oilalarning bolalarini qishki kiyim-bosh, maktab formasi va o‘quv qurollari bilan ta’minlash maqsadida “Temir daftar”ga kiritilgan, boquvchisini yo‘qotgan va nogironligi bo‘lgan 16 yoshga to‘lmagan bolalarga bir martalik yordam puli berildi. Ushbu moddiy yordam bilan tumandagi muhtoj oilalardagi bolalar qamrab olinadi. Shuningdek, boquvchisini yo‘qotgan oilalardagi va nogironligi bo‘lgan 16 yoshga to‘lmagan bolalar ro‘yxati shakllantirilib, pensiya va nafaqalariga qo‘shib berildi.

Ta’kidlash joizki, yurtimizda “Yangi O‘zbekiston Taraqqiyot strategiyasi”da ijtimoiy adolat tamoyili asosida aholining yordamga muhtoj qatlamlarini qo‘llab-quvvatlash va kambag‘allikni bartaraf etish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishi etib belgilangan. Aslida bu xalqimizga xos insonparvarlik tamoyilining amaldagi ifodasidir. Oxirgi yillarda e’tiborga muhtoj aholi qatlamiga g‘amxo‘rlik ko‘rsatish bo‘yicha yangi tizim yaratildi.

Tadbirda ushbu ezgu ishlarni davom ettirish, yurtimizdagi mehr-oqibat muhitini mustahkamlashga qaratilgan yanada keng imkoniyatlar xususida so‘z yuritildi. Shuningdek, bolalar o‘zlariga topshirilgan qishki kiyim-kechaklar to‘plamidan iborat bo‘lgan sovg‘alarni mamnuniyat bilan qabul qildilar. Tadbirda ishtirok etgan ota-onalar ham davlatimizning muruvvat yordami g‘amxo‘rliklari, e’tiboridan mamnun ekanligini bildirdilar.

O.Xudoyberganova.