MULKDORLIK HUQUQINING MUSTAHKAM KAFOLATI

Туман янгиликлари

Davlatimizning demokratik siyosati inson huquqi va erkinliklarini ta’minlashga qaratilgan qonun va qonunosti hujjatlarida o‘z aksini topgan. Bosh Qomusimiz – Konstitutsiyaga xalqparvarlik g‘oyalari chuqur singdirilgan. Konstitutsiyamiz yurtimizda erkin bozor munosabati va xususiy mulk ustuvorligiga asoslangan iqtisodiyotni rivojlantirish kabi farovon hayotimizni ta’minlashga qaratilgan ezgu g‘oyalarning huquqiy poydevori bo‘lib xizmat qilib kelmoqda. Bosh Qomusimizning 36-moddasida har bir shaxs muldor bo‘lishga haqli ekanligi, bankka qo‘yilgan omonatlar sir tutilishi va meros huquqi qonun bilan kafolatlanishi belgilab qo‘yilgan.

Jamiyatimizda mulkdorlar va faol tadbirkorlar safining yildan-yilga kengayib borishi odilona islohotlarimizning samarasini ifodalaydi.

Do‘stlik mahallasi hududida 2018 yildan faoliyatini boshlagan Rahmatjon Tohirov rahbarligidagi «Amudaryo xizmat ko‘rsatish markazi» MCHJ ham yurtimiz iqtisodi rivojiga o‘zining munosib hissasini qo‘shib kelmoqda.

Jamiyat faoliyatining ilk davridan buyon elektr uskunalarini ishlab chiqarib, aholiga sifatli xizmat ko‘rsatib kelmoqda. Bugungi kunda jamiyatda ishlab chiqarish bo‘limi muhandisi Jonibek Vafoyev va yana 14 nafar ham-yurtimizning doimiy bandligi ta’minlangan. Rahmatjon Tohirov «Qoraqalpoq hududiy elektr tarmoqlari korxonasi» Amudaryo tuman bo‘limida 2010 yilda elektrik-montyor sifatida ish boshlagan. Ish faoliyati davomida sohadan yaxshi daromad ko‘rishga qiziqib, o‘zining rahbarligida «Amudaryo xizmat ko‘rsatish markazi» MCHJni tashkil qildi. U tumanimizda qurilayotgan obyektlarda elektrlashtirish ishlarini olib boradi. Suhbatimiz davomida Rahmatjon Tohirov xalqimizga xizmat ko‘rsatish katta mas’uliyat ekanligini, hamisha iste’molchilarning ishonchida bo‘lish ulkan sharaf ekanligini ta’kidladi.

Mamlakatimizda tadbirkorlar safi ko‘payishi natijasida iqtisodimiz o‘sishiga erishilmoqda. Bosh Qomusimiz - Konstitutsiya asosida hukumatimiz tomonidan ishlab chiqilgan qonunlar va qonunosti hujjatlari tadbirkorlarning faoliyati rivojiga mustahkam huquqiy zamin bo‘lib xizmat qilmoqda.

Shohzod Qurbonboyev.