FЕRMЕRNING ULUG' IMKONLARI

Туман янгиликлари

Mamlakatimizda fermerlik harakati boshlanganida bu agrotuzilmaning kelajagiga ishonmaganlar, ikkilanganlar ko‘p bo‘ldi. Lekin fermerlik harakati bilan jamoa va davlat xo‘jaliklari faoliyatini o‘zicha, mustaqil ravishda iqtisodiy tahlil qilib ko‘rgan (Alloh rahmat qilsin!) Nurulla Yaxshimurodov qishloq xo‘jaligi sohasiga joriy etilayotgan bu yangilikni dadillik bilan qabul qildi.

Nurulla og‘a Amudaryo tumanining yirik mulkdori – tadbirkor va uddaburon fermeriga aylandi. Uzoq yillar o‘zi  tashkil etgan “Yusufxo‘ja” fermer xo‘jaligini mohirlik bilan boshqardi. Qisqa  vaqt ichida “Yusufxo‘ja” fermer xo‘jaligini Amudaryo tumanining mash’al xo‘jaliklaridan biriga  aylantirdi.

Hayot insonga, nainki yaxshi yashash uchun kurashish maydoni, balki o‘zining ezgu amallaridan zavq olib, huzur-halovatli umr kechirish uchun berilgan imkon. N.Yaxshimurodov halol va fidoyi mehnati zavqini suradigan paytda bu hayotdan ketdi. Uning ortida iqtisodiy jihatdan baquvvat, paxtachilik va g‘allachilikda o‘ziga xos ulkan tajriba  maktabiga ega “Yusufxo‘ja” fermer xo‘jaligi, gurkiragan bog‘-rog‘lar, obod va ravon ko‘chalar, o‘tayotgan har bir kunidan rozi xalq qoldi.

Bugungi kunda bu makonda N.Yaxshimurodov tarbiyasini olgan, hayot tajribalarini chuqur o‘zlashtirgan “Yusufxo‘ja” fermer xo‘jaligining ikkinchi, uchinchi avlod vakillari yashab, mehnat qilishadi. Fermer xo‘jaligiga esa mashhur fermerning o‘g‘li Shavkatjon Yaxshimurodov rahbarlik qiladi. Otasi hayotligidayoq, 1995 yildan buyon qishloq xo‘jaligining turli sohalarida samarali mehnat qilib kelayotgan Shavkatjon uchun “Yusufxo‘ja” fermer xo‘jaligini  yuritish qiyinchilik tug‘dirmadi. Qolaversa, otasidan o‘rgangan tajribalari, xo‘jalik hududidagi har bir qarich yerning tabiati, meliorativ holati to‘g‘risida yaxshi bilishi uning ishni to‘g‘ri tashkil etishida muhim omil bo‘ldi.

Ayni paytda fermer xo‘jaligi tasarrufidagi umumiy yer maydon 143,1 gektar bo‘lib, shundan ekin maydonlari 135,6 gektarni tashkil etadi.

Xo‘jalikning 6,9 gektar yerdagi bog‘dorchilik tarmog‘i, 0,6 gektarlik ko‘p yillik daraxtzorlari ham fermer xo‘jaligining iqtisodiy barqarorligini  ta’minlash imkonini beradi.

Shavkatjon ekin-tikin ishlariga  o‘ta mas’uliyat bilan yondashadi. Avvalo eng sara urug‘ tanlaydi, seyalka agregatini shaxsan  o‘zi nazorat qilgach, dalaga olib chiqadi, tajribali mexanizatorlar, tajribali seyalkachilarni  ekishga jalb etadi. Natijada bahorgi yumushlar ko‘ngildagiday ado etiladi. Kuzda, g‘alvir suvdan ko‘tarilganda esa “Yusufxo‘ja”liklar yana fermer xo‘jaliklari orasida mash’al, birinchi bo‘lishadi!

U otasi vafotidan so‘ng, 2015 yilda fermer xo‘jaligini qabul qilib olgan bo‘lsa, o‘shandan buyon o‘tgan 7 yil davomida barcha yo‘nalishlar  bo‘yicha yillik shartnomaviy rejalarini ortig‘i bilan ado etib kelmoqda.

Xususan, so‘nggi uch yil davomida Amudaryo tumanida “Yusufxo‘ja” fermer xo‘jaligining oldiga tushadigan xo‘jalik bo‘lmadi hisob. Xo‘jalik dehqonlari 2020-2021-2022 yillarda har yili 77 gektar maydonga chigit ekishdi. Uch yil davomida hosildorlik 40-45 sentnerga yetkazilib, yillik hosil xirmoni har gal 309-325 tonnani, bu boradagi reja esa kamida 110-140 foizni tashkil etdi.

Bundan tashqari, xo‘jalikda qatorasiga uch yil davomida, har yili 26 gektar yerga bug‘doy ekilib, hosildorlik har gektar hisobiga  44,8 sentnerga, 2022 yilda esa 80 sentnerga yetkazilib, Amudaryo tumanining iqlim sharoitida ham g‘alladan yuqori hosil olish mumkinligini amalda ko‘rsatib berdi.

Bugungi kunda fermer xo‘jaligining qishloq xo‘jalik mahsulotlarini yetishtirish va sotishdan oladigan sof foydasi         2,1 mlrd. so‘mni tashkil etib, rentabellik darajasi  19 foizga yetkazildi.

Ayni paytda xo‘jalikning yana bir qo‘shimcha tarmog‘i – asalarichilik ham jadal rivojlanmoqda. Shuningdek, 250 bosh parranda parvarish qilinib, qo‘shimcha daromad manbaiga aylangani xo‘jalik ishchilarini zarur paytda arzon parrandachilik mahsulotlari bilan ta’minlash imkonini bermoqda.

O‘z faoliyatida tejamkorlikka qat’iy amal qilgani bois, xo‘jalikni texnologik jihatdan mustahkamlash imkoni yaratilib, barcha texnika vositalari yuqori samaradorlik quvvatiga ega holatga keltirildi va so‘nggi uch yilda 45,4 mln. so‘m mablag‘ iqtisod qilindi. Iqtisod qilingan mablag‘ hisobiga xo‘jalik hududidagi ichki irrigatsiya tarmoqlari rekonstruksiya qilinib, yerlarning meliorativ holati tubdan yaxshilandi. Dehqonchilikdan olingan sof foyda, albatta, fermer xo‘jaligining texnikalarini qaytadan yangilash imkonini berdi.

Shavkatjon qishda ham mehnat maydonidan beri kelmaydi. U xo‘jalik hududida yashovchi yoshlarni, yosh oilalarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida ustoz-shogird an’anasi asosida 6 nafar ishsiz yoshga fermerlikning nozik sirlarini o‘rgatmoqda. Yoshlar Shavkatjondan fermer xo‘jaligini tashkil etish va uni yuritish bo‘yicha saboq olish bilan birga ular moddiy jihatdan manfaatdor ham. Chunki Shavkatjon ularning har biriga o‘rtacha 1 mln. so‘mdan oylik maosh ham tayinlagan.

Shavkatjon otasi amal qilgan bir ezgu amalni bajarishga hamisha o‘zini burchli deb biladi. U pandemiya davrida ham, keyin ham hududdagi  47 ta kam ta’minlangan oilalardan xayr-saxovatini, mehrini aslo darig‘ tutmaydi. Aynan ana shu maqsadda  salkam 40 mln. so‘mlik xayr-ehson qilib, 40-sonli maktab ta’miri uchun 5,5 mln. so‘mlik qurilish ashyolari olib berdi.

Shavkatjon ibratli oila sohibi sifatida hamqishloqlari orasida hurmat va e’tiborga sazovor. Mahalladoshlarining yaxshi-yomon kunlarida hamisha yelkadosh. Yoshlarni tadbirkorlikka  jalb etish, ularning bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazishlariga doimiy ko‘makdosh, yaqin maslahatgo‘y.

Ayni shunday kunlarda esa Shavkatjon Yaxshimurodov yangi 2023 yilning rejalarini tuzadi. Ana shu ezgu rejalar ro‘yobi yo‘lida mehnat qilishdan aslo charchamaydi

Robiya YO‘LDOSHЕVA.