MANG‘IT SHAHRIDA YANGI “BRIGHTON SCHOOL” O‘QUV MARKAZI BINOSI FOYDALANISHGA TOPSHIRILDI

Туман янгиликлари

Amudaryo tumanining Olmazor mahallasida tashkil etilgan ingliz va rus tillarini o‘rgatishga ixtisoslashgan “BRIGHTON SCHOOL” o‘quv markazining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.

2022 yil 31 dekabr kuni bo‘lib o‘tgan ushbu marosimga tashrif buyurgan mehmonlar karnay-surnay sadolari ostida kutib olindi. Zamonaviy ko‘rinishda barpo etilgan va bayramona bezatilgan markaz binosi oldida o‘tkazilgan tadbirda tuman hokimi Sultonboy Yo‘ldashev, Xalq ta’limi bo‘limi boshlig‘ining o‘rinbosari Ibragim Rajabov, “BRIGHTON SCHOOL” o‘quv markazi rahbari Nurbek Jumaniyozov, 40-sonli maktab direktori Sanobar Xo‘jamurodova, “AMU KIDS” o‘quv markazi rahbari Orzigul Ibragimovalar ishtirok etishdi. Undan tashqari, ochilish marosimida Olmazor mahalla fuqarolar yig‘ini mas’ullari, faollari va tadbirkorning oila a’zolari ham qatnashishdi.

Tadbirda so‘zga chiqqan tuman hokimi Sultonboy Yo‘ldashev mamlakatimizda xorijiy tillarni o‘qitishga, mutaxassislar tayyorlashga qaratilayotgan e’tibor haqida so‘z yuritdi. Bugungi kunda ko‘plab yoshlar muayyan mutaxassislik bo‘yicha ta’lim olish bilan birga chet tillarini ham puxta o‘rganayotgani, buning natijasida dunyo kezayotganini aytib, yoshlarni yaratilayotgan bunday imkoniyatdan oqilona foydalanishga chorladi.

Shuningdek, tadbir davomida so‘zga chiqqan 40-sonli maktab direktori Sanobar Xo‘jamurodova va boshqalar markaz rahbari, malakali ingliz tili fani o‘qituvchisi Nurbek Jumaniyozovning sohadagi fidoyiligi, izlanuvchanligi, o‘quvchilarning xorijiy tillarni o‘rganishlariga salmoqli hissa qo‘shayotgani, yosh bo‘lishiga qaramasdan ko‘plab shogirdlar yetishtirgani, bugungi kunda undan ta’lim olgan yoshlarning turli nufuzli oliy o‘quv yurtlari talabalari bo‘lishganini ham tilga olib o‘tdilar.

Nurbek Jumaniyozov oliy toifali o‘qituvchi. U SЕFR bo‘yicha B2 va C1 darajadagi sertifikatlar sohibi. Yaqinda Xalq ta’limi vaziri jamg‘armasidan ustama olish uchun o‘tkaziladigan sinov jarayonlarida muvaffaqiyatli ishtirok etib, 100 ballik natijani qo‘lga kiritdi va 100 foiz ustamaga ega bo‘ldi. Yosh o‘qituvchi hozirgi kunda 40-sonli maktabda ingliz tili fanidan dars berib kelmoqda. O‘tgan o‘quv yilida u ta’lim bergan variativ sinf o‘quvchilarining 93 foizi oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilindi. Ta’lim sohasidagi fidoyiliklari uchun Jo‘qorg‘i Kenges Prezidiumining qaroriga muvofiq “WATAN PIDAYISI” ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi.

Tumanimiz yoshlarining xorijiy tillarni o‘rganishlari uchun imkoniyat yaratish maqsadida “BRIGHTON SCHOOL” mas’uliyati cheklangan jamiyatiga qarashli o‘quv markazini tashkil qilgan Nurbek Jumaniyozov ushbu markaz binosi qurilishi va jihozlanishiga kredit mablag‘laridan 200 mln. so‘m, o‘z hisobidan 1 mlrd. so‘mga yaqin mablag‘ sarf etdi.

Zamonaviy ko‘rinishdagi mazkur o‘quv markazi 1,5 mingdan ortiq abituriyentga ingliz va rus tillarini o‘qitishga mo‘ljallangan. Ushbu o‘quv markazi har kuni uch navbatda faoliyat olib boradi. Unda 10 dan ortiq malakali til mutaxassislari hamda fan o‘qituvchilari abituriyentlarga saboq beradi. Mazkur til o‘qitish markazida o‘quvchi-yoshlarni IELTS va SEFR xalqaro hamda milliy sertifikatlarga o‘qitish kurslari ham yo‘lga qo‘yiladi.

Markazning foydalanishga topshirilishi munosabati bilan o‘tkazilgan tadbirda lenta kesish marosimidan so‘ng, mehmonlar binoda yaratilgan sharoitlar bilan tanishib chiqdilar. Ikki qavatli qilib qurilgan mazkur binoda o‘quv mashg‘ulotlari uchun 6 ta sinfxona, 1 ta ma’ruzalar xonasi, o‘qituvchilar, menejerlar, dam olish va kutish xonalari mavjud. Kutubxona, qabulxona va oshxonalarga ham xonalar ajratilgan. Markazda abituriyentlar uchun barcha qulayliklar yaratilgan. Zamonaviy jihozlar, kompyuter, proyektor, interaktiv doska, audio texnikalar bilan ta’minlangan.

Ushbu o‘quv markazi ishga tushirilishi natijasida 10 nafar ingliz va rus tili fani o‘qituvchilari, 5 nafar texnik xodimlari uchun yangidan ish o‘rni yaratiladi. O‘quv markazida asosan zamonaviy pedagogik, innovatsion usullarda mashg‘ulotlar tashkil etilib, yoshlarda ingliz tilida gapirish ko‘nikmasi shakllantiriladi. Qisqa fursat mobaynida ingliz va rus tillarida o‘z ona tilidek so‘zlashishlariga, grammatikasini o‘zlashtirishlariga yordam beriladi. Undan tashqari, boshlang‘ich sinf o‘quvchilari uchun ham ingliz tilini mukammal o‘rgatishga mo‘ljallangan mashg‘ulotlarni yo‘lga qo‘yish rejalashtirilgan.

Endilikda tumanimizda yangi tashkil etilgan “BRIGHTON SCHOOL” o‘quv markazi yoshlarning xorijiy tillarni mukammal o‘rganishlari va nufuzli oliygohlar talabalari safidan joy olishlariga imkoniyat yaratib, kelajak egalarining komil insonlar bo‘lib voyaga yetishlariga xizmat qiladi.

Ozoda Xudoyberganova.