Choyko‘l ovulida yoshlar bilan uchrashuv o‘tkazildi

Туман янгиликлари

Jamiyatning eng katta ta’sirchan kuchi sifatida bugun yurtimiz yoshlari davlatimizda olib borilayotgan keng islohotlar jarayonida faol ishtirok etishmoqda, Vatanimiz taraqqiyotini ta’minlash yo‘lida o‘z g‘oya va takliflari bilan maydonga chiqmoqda.

Shu boisdan aytish lozimki, yoshlarning intilishlari va hayotiy maqsadlari har qanday soha rivojida katta asos bo‘lib xizmat qilishi, shubhasiz.

5 yanvar kuni Amudaryo tumanining Choyko‘l ovul fuqarolar yig‘ini binosida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda yoshlar bandligini ta’minlash, bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish chora-tadbirlari hamda ayni masalalarning eng muhim jihatlariga atroflicha to‘xtalib o‘tildi.

Uchrashuvda tuman Xalq qabulxonasi bo‘limi mudiri Erkin Rajabov, tuman hokimi o‘rinbosari Mahmud Shermetov tegishli korxona-tashkilot mas’ullari va 30 ga yaqin faol yoshlar ishtirok etishdi.

Uchrashuvda tuman hokimi o‘rinbosari Mahmud Shermetov yoshlar bandligi va bu orqali ularning daromad topishlarini ta’minlash borasida so‘nggi yillarda amalga oshirilayotgan katta ijobiy o‘zgarishlarga to‘xtalib o‘tdi. Shuningdek, joylardagi yoshlar muammolari va takliflarini o‘rganishda ishni avvalo, mahalladan boshlash va yoshlarning kasbiy qiziqishlari va kelajak rejalarini aniqlashda mahalla institutining ahamiyati katta ekanligini ta’kidladi. Bunda eng muhim masala sifatida mahalla xodimlari tegishli mutasaddi tashkilotlar bilan hamkorlikda yoshlar masalalariga “fuqarobay” yondashishlari lozimligini aytib o‘tdi.

Shundan so‘ng, yoshlardan turli mazmundagi murojaatlar kelib tushdi. Mahallaning faol yoshlaridan biri Iqbol Otamuradov payvandlash ustasi sohasi bo‘yicha kasbga o‘qish istagi borligini hamda maxsus sertifikatni qo‘lga kiritib, payvandlash ustaxonasi ochish niyatida ekanligini bildirib bu masalada tuman hokim o‘rinbosaridan maslahat so‘radi. Oliy ta’lim muassasasi bitiruvchisi Akbar Otamuradov esa bandlik masalasida murojaat qildi.

Shuningdek, sartaroshlik kasbini puxta egallab o‘z mahallasida sartaroshxona ochib tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘ygan Nurbek Odilov zamonaviy sartaroshlik asbob uchkunalarini xarid qilish uchun imtiyozli kredit olishda amaliy yordam so‘radi.

Undan tashqari, Guluruh Sa’dullayeva Oliy ta’lim muassasasi talabasi ekanligini hamda oilaviy sharoiti sabab kontrakt to‘lovini to‘lashga qiynalayotganligini aytib, amaliy yordam so‘ragan bo‘lsa, Fazilat Yangibayeva tikuvchilik kasbini puxta o‘zlashtirgani, endilikda tikuvchilik bilan shug‘ullanish niyati borligini aytib, zamonaviy rusumdagi tikuv mashinasini olish uchun subsidiya ajratilishida amaliy yordam so‘radi.

Yoshlar tomonidan bildirilgan murojaatlarni tuman hokimi o‘rinbosari o‘z nazoratiga oldi va tez orada ijobiy hal qilinishiga kelishib olindi. Uchrashuvda yoshlarning bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish, ularning ijodiy qobiliyatlarini yuzaga chiqarish uchun zarur sharoitlar yaratib berish bo‘yicha ham muhim fikrlar bildirib o‘tildi.

Albatta, yoshlar Vatanimizning ertangi umidlari, kelajagimiz davomchilaridir. Shu ma’noda ularning orzu-intilishlari va hayotiy maqsadlarini amalga oshirish, mustahkam qanot bo‘lish bugungi kundagi katta va hayotiy maqsadga aylanmog‘i lozim.

 Tuman hokimi o‘rinbosarining yoshlar bilan uchrashuvi ham ayni shu maqsadlarga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.

Tuman hokimligining Axborot xizmati