ET BILAN TIRNOQ XALQLARMIZ

Туман янгиликлари

Xalqimiz hayotiga go‘zallik, fayz bag‘ishlovchi an’analar ko‘p. Milliy-tarixiy mezonlarimizni o‘zida mujassam etgan bunday an’analar ko‘p millatli mamlakatimiz xalqlari uchun intellektual mulk sifatida juda qadrli. 2017 yildan beri yangidan hayotimizga kirib kelgan yana bir an’ana – bu har yilning yakunida  Prezidentimizning Oliy Majlisga, xalqimizga Murojaatnomasidir. Mamlakatimiz hayotidagi eng muhim siyosiy voqea bo‘lgan Murojaatnomada tarixga aylanayotgan yildagi asosiy ko‘rsatkichlar, yangi yilga mo‘ljallangan maqsad va vazifalar o‘z aksini topgani uchun bu muhim tadbirni har birimiz hayajon bilan kutamiz.

Bu yilgi Murojaatnomada Prezidentimiz yakuniga yetayotgan 2022 yil g‘oyat murakkab va sinovli yil bo‘lganini ta’kidlarkan, barcha sohalarda erishilgan yutuq va kamchiliklarni birma-bir tilga olib o‘tdilar. Ayniqsa, globallashuv jarayonida xalqaro munosabatlarning chigallashib, o‘zaro ishonch kamayib, qarama-qarshilik va mojarolarning ortib borayotgani “barqarorlik va rivojlanishga jiddiy xavf solmoqda”, - dedi Prezidentimiz.

Shuningdek, mafkuraviy xurujlar oqibatida Qoraqalpog‘istonda shu yil yoz oyida sodir bo‘lgan noxush voqealar butun el-yurtimiz uchun qattiq qayg‘u, tashvish olib kelganiga alohida to‘xtaldi.

“Qoraqalpog‘istonning yutug‘i – butun O‘zbekistonning yutug‘i, Qoraqalpog‘istonning tashvishi – butun O‘zbekistonning tashvishi”, - degan g‘oya doimiy harakat dasturi bo‘lib qolishini alohida qayd etdilar.

Haqiqatan ham ming yillar davomida  et bilan tirnoq kabi ajralmas qon-qarindosh xalqlar – o‘zbek bilan qoraqalpoqni birini-biridan ajrataman, deganlar yanglishadilar. Chunki O‘zbekistonning qaysi tumani yoki viloyatiga bormang, har o‘zbekning bir qoraqalpoq qondoshi, har bitta qoraqalpoqning bir o‘zbek qarindoshi va qurdoshi bor. Birining otasi yoki onasi, yana birlarining enasi va momosi qoraqalpoq, yo o‘zbek bo‘lgan bu bag‘rikeng, o‘zaro ahil-inoq, totuv ikki millatga bugun mojaro emas, tinchlik, xotirjamlik, farovon hayot kerak. Prezidentimiz aytganlariday: “bu ikki xalqning ezgu maqsadi – birgalikda mehnat qilib, Yangi O‘zbekistonda har tomonlama rivojlangan, obod va farovon Yangi Qoraqalpog‘istonni bunyod etishdir”.

Men Prezidentimizning Qoraqalpog‘istonning buguni, kelajagi va et bilan tirnoq kabi ajralmas millatlar do‘stligi haqidagi so‘zlarini hayajon bilan tinglarkanman, ko‘z o‘ngimda kun sayin o‘zgarib, yangilanib borayotgan Qoraqalpog‘istonning eng olis tuman va qishloqlari, bu o‘zgarishlardan, o‘z  hayotlariga kirib kelayotgan yangilanishlar, farovonlikdan rozi qoraqalpoq do‘stlarim, ularning to‘kin-sochin hayoti gavdalandi. Ana shu to‘kislikda farzandlari, nevaralari bilan tonglarni xotirjam, osuda qarshilayotgan xalq uchun tinchlik ne’matidan boshqa yana nima kerak? Hech narsa! Chunki, tinchlik hokim bo‘lgan joyda taraqqiyot bor, yangilanish bor. Taraqqiyot esa har qanday xalqni ma’nan yuksaltiradi. Ma’naviyati yuksak xalqni esa hech qanday kuch yenga olmaydi. Bugungi Qoraqalpog‘iston xalqi – biz ana shunday ma’naviy yuksaklik sari qadam qo‘yayotgan, Yangi Qoraqalpog‘istonni bunyod etishga qodir kuchli xalqmiz. Ko‘pmillatli Yangi O‘zbekistonning eng teran, metin va mustahkam ildizimiz.

 

Robiya YO‘LDOSHЕVA, Qoraqalpog‘istonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist.