ISTIQBOLLI RЕJALAR BЕLGILANDI

Туман янгиликлари

2022 yilning 20 dekabr kuni hammamiz O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoyevning parlamentga Murojaatnomasini tingladik. Prezidentimiz o‘z Murojaatlarida davlat va jamiyatimizni rivojlantirishning asosiy yo‘nalishlari, kelgusida har bir sohada bajariladigan ishlarning ko‘lami va ularni amalga oshirish yo‘llarini ko‘rsatib o‘tdilar. Men ham deputat va Xalq ta’limi tizimi vakilasi sifatida Murojaatni tinglar ekanman, so‘nggi yillarda ta’lim tizimida qilingan ishlarni ko‘z oldimga keltirdim.

Yangi 2023 yil “Insonga e’tibor va sifatli ta’lim yili”  deb e’lon qilindi. “Biz O‘zbekistonda olib borayotgan davlat siyosatining markazida inson va uning manfaatlarini ta’minlashni ustuvor vazifa qilib belgiladik” – dedi Prezident.

Ta’kidlanganidek, o‘quvchilarning chet tillarini mukammal darajada o‘rganishlari, kompyuter savodxonligiga erishishlari ham kelajakda ularning jamiyatda o‘z o‘rinlarini topishlariga yordam beradi. Bugun ko‘pchilik yoshlar dasturlash tizimlarini puxta egallab, moddiy manfaat ko‘rayotganligini bilamiz. Kelayotgan yilda Xorazm va Qoraqalpog‘istondagi boshlang‘ich sinf o‘quvchilari kabi O‘zbekistondagi barcha boshlang‘ich sinf o‘quvchilari uchun bepul tushlik berilishi rejalashtirilayotgani, buning uchun davlat budjetidan 2,3 trillion so‘m ajratilishi ko‘zda tutilgani davlatimizning yosh avlodning sog‘lom va barkamol ulg‘ayishiga zamin hozirlayotganining isbotidir.

Murojaatni tinglar ekanman, jamiyatda bo‘layotgan har bir o‘zgarishni, davlatimiz berayotgan imtiyozlarni aholiga yetkazishda xalq vakillari bo‘lgan deputatlarga mas’uliyat yuklanayotgani, deputatlik nazoratini jiddiy olib borish zarurligini angladim. Negaki, davlatimiz tomonidan ajratilayotgan mablag‘larning maqsadli sarflanishini nazorat qilish, ularning talon-taroj qilinishiga yo‘l qo‘ymaslik har birimizning burchimizdir.

Mana, Yangi yil eshik qoqmoqda. Xalqimizning kelayotgan yildan umidlari katta. Prezidentimiz ta’kidlaganlaridek, aniq maqsad yo‘lida birlashsak, ko‘zlagan maqsadlarimizga yetishimizga shubha yo‘q.

Sanobar Xo‘jamurodova,

Jo‘qorg‘i Kenges deputati, 40-sonli maktab direktori.