HAR QANDAY DAVLATNING TARAQQIYOTINI TA’LIM SIFATI BЕLGILAYDI

Туман янгиликлари

Jonajon yurtimizda har bir fuqaro jinsi, irqi, millati, tili, dini, va ijtimoiy mavqeidan qat’iy nazar, ta’lim olish huquqiga egadir. Bu bosh Qomusimizda kafolatlab qo‘yilgan. Ta’lim tizimi yagona va uzluksiz bo‘lib, ular biri-birini to‘ldirib turadi.

Jumladan, ta’limning poydevori bo‘lgan maktabgacha ta’lim va tarbiya bolalarni o‘qitish va tarbiyalashga, ularni intellektual, ma’naviy-axloqiy, estetik va jismoniy jihatdan rivojlantirishga, shuningdek, umumiy o‘rta ta’limga tayyorlashga xizmat qiladi.

Amudaryo tumanida 128 ta maktabgacha ta’lim tashkiloti mavjud bo‘lib, shundan 51 tasi davlat, 4 tasi davlat-xususiy sherikchilik asosidagi hamda 73 tasi oilaviy nodavlat MTTlaridir.

Tumanda bolalarni maktabgacha ta’lim tizimiga qamrov darajasini yanada oshirish, maktabgacha ta’lim muassasalarini yangidan barpo etish, eskilarini rekonstruksiya qilishga alohida ahamiyat berilmoqda. 2022 yil davomida 5 ta, ya’ni 8-, 18-, 33-, 44-, 47-sonli MTTlarida joriy ta’mirlash ishlari amalga oshirildi.

 Shuningdek, tadbirkorlarni jalb qilgan holda 11 ta oilaviy nodavlat MTTlari tashkil qilindi.

Tumanimizda 3 yoshdan 7 yoshgacha bo‘lgan bolalar 16 841 nafar bo‘lib, ularning 11 949 nafari, ya’ni 71 foizi MTTlarga qamrab olingan.

Yil yakuniga qadar investitsiya dasturi asosida Yuqori qishloq mahallasida rekonstruksiya qilinayotgan 28-sonli MTT filialiga 120 nafar, Choyko‘l ovuli hududidagi hamda Oybek nomli mahalladagi oilaviy nodavlat MTTlarga 75 nafar bolalarni qamrab olish rejalashtirilgan.

 2022 yil davomida tumanda maktabgacha ta’limning uzviy davomi bo‘lgan umumiy o‘rta ta’limni yuqori bosqichga olib chiqish, ta’lim sifatini yuksaltirish, o‘qituvchilar malakasini oshirish, ta’mirtalab maktablarni rekonstruksiya qilish borasida ko‘plab samarali ishlar amalga oshirildi.

Jumladan, yil davomida investitsiya dasturi doirasida Qipchoq ovuli hududidagi 18-sonli maktab binosi, Chordara mahallasi hududidagi 36-sonli maktab binosi, Boy ovul mahallasi hududidagi 56-sonli maktab, binosi rekonstruksiya qilinib, foydalanishga topshirildi.

Mazkur yilda investitsiya dasturi doirasida 3 ta maktab qayta ta’mirlangan bo‘lsa, Prezidentining 2022 yil 23-24 fevral kunlari Qoraqalpog‘iston Respublikasiga tashrifi davomida berilgan topshiriqlar ijrosini ta’minlash maqsadida yana 3 ta maktab joriy ta’mirdan chiqarildi.

Shuningdek, “Obod qishloq” dasturi doirasida Ayoqchi mahallasi hududidagi 69-sonli maktab binosi mukammal ta’mirlandi.

2022 yilda Prezident ta’lim muassasalari agentligi tizimidagi Amudaryo tuman ixtisoslashtirilgan maktabining ish boshlashi quvonchli voqea bo‘ldi.  Ushbu ta’lim maskanida aniq va tabiiy fanlar yo‘nalishlarida 16 sinfda 384 nafar o‘quvchi ta’lim olmoqda. Ularga oliy toifali, yuqori malakali 34 nafar pedagoglar ta’lim-tarbiya berishmoqda.

Umumta’lim maktablarining 9-sinf bitiruvchilarini kasbga o‘rgatish, ularning bandligini ta’minlash masalasiga ham alohida e’tibor berib kelinmoqda.

Bugungi kunda Qipchoq ovuli hududidagi 1-sonli kasb-hunar maktabida 304 nafar o‘quvchi 11 ta kasb mutaxassisliklari bo‘yicha ta’lim-tarbiya olmoqdalar. 2021-2022-o‘quv yilida kasb-hunar maktabini 4 ta mutaxassislik bo‘yicha 118 nafar o‘quvchilar bitkazishdi. Shundan 16 nafar o‘quvchi oliy ta’lim muassasasi talabasi bo‘ldi. Qolgan o‘quvchilar o‘z kasbi bo‘yicha tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘ydilar.

Mang‘it shahrining Do‘stlik mahallasi hududidagi 2-sonli kasb-hunar maktabida 424 nafar o‘quvchi ta’lim-tarbiya olmoqda. Ularga 24 nafar malakali o‘qituvchi va 13 nafar ishlab chiqarish ta’limi ustalari ta’lim-tarbiya berib kelishmoqda.

Kasb-hunar maktabida avtomobillarga texnik xizmat ko‘rsatish va ta’mirlash, yo‘l harakati qoidalari, payvandlovchi, gaz va suv tizimlarini ta’mirlash, tikuvchilik, elektrotexnika jihozlarini ta’mirlash, oshpaz va qandolatchilik, ustaxonalari mavjud bo‘lib, o‘quvchi-yoshlar malakali ustozlaridan olgan bilim va ko‘nikmalarini ustaxonalarda amaliyotda qo‘llab, o‘z tajribalarini oshirmoqdalar. Tumandagi umumta’lim va kasb-hunar maktablarida o‘quvchilarning bilim olishi, kasb-hunar egallashlari uchun barcha sharoit va imkoniyatlar yaratilgan.

Tuman Xalq ta’limi bo‘limi tizimidagi umumta’lim maktablarida 4064 nafar o‘qituvchi 38 476 nafar o‘quvchiga o‘zlarining bor bilimlarini berib kelishmoqda. O‘qituvchilarning 185 nafari oliy, 642 nafari birinchi, 1239 nafari ikkinchi toifali hamda 1790 nafari oliy ma’lumotli mutaxassislardir. Ustozlardan olingan bilim va ko‘nikmalar asosida 2021-2022 o‘quv yilida 2 572 nafar bitiruvchining 589 nafari oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirishdi.

Ta’limga berilayotgan e’tibor natijasida tumandagi Xalq ta’limi bo‘limiga qarashli umumta’lim maktablari O‘zbekiston Respublikasi bo‘yicha milliy reytingda 200 ta  tuman ichida 110-o‘rinni, Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi barcha tumanlar ichida 5-o‘rinni egalladi.

Maktabdan tashqari ta’lim samaradorligini oshirish maqsadida tashkil qilingan “Barkamol avlod” bolalar maktabi ham samarali tarzda faoliyat yuritib kelmoqda. Maktabga 1 668 nafar o‘quvchi qamrab olingan. Maktabda “Madaniyat va san’at”, “Texnika, konstruktorlik va modellashtirish”, “Jismoniy  tarbiya va  sport”, “Hunarmandchilik va qo‘l mexnati”, “Turizm va ekologiya” hamda “Oliy ta’lim muassasalari va maktabga tayyorlov” yo‘nalishlari bo‘yicha 66 to‘garak faoliyati yo‘lga qo‘yilgan. O‘quvchilar mazkur to‘garaklarda maktabdan tashqari bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazmoqdalar.

Bugungi kunda ko‘plab rivojlangan davlatlarning taraqqiyotini o‘sha mamlakat o‘quvchilariga berilayotgan ta’lim sifatiga bog‘lashadi. Yuqori saviyaga, sifatli bilimga ega bo‘lgan insonlar jamiyatning iqtisodiy, ijtimoiy va siyosiy o‘sishi, rivojlanishini ta’minlaydigan islohotlarni amalga oshirib, jamiyat taraqqiyotiga hissa qo‘shadilar.

Tumanimizda yakunlanayotgan yilda amalga oshirilgan ta’lim sohasidagi samarali ishlar yuqoridagi ezgu maqsadlarni amalga oshirishga xizmat qilishi shubhasiz.

F.ESHIMBЕTOVA.