Farovon mahallasidagi ko‘p qavatli yangi uylarning qurilishi boshlandi

Туман янгиликлари

Muhtaram Prezidentimiz boshchiligida olib borilayotgan xalqchil va oqilona siyosat yurtimizning barcha hududlarida yashovchi aholi hayotida o‘zining ijobiy natijasini ko‘rsatmoqda.
Jumladan, Amudaryo tumanining markazi, ovul va mahallalarida ham katta bunyodkorlik ishlari amalga oshirilib, mahallalar ko‘rkam qiyofa kasb etmoqda.
Tumanning me’moriy qiyofasini yaxshilash, yangi-yangi binolar barpo qilish va hududlarni obodonlashtirish ishlari zamirida avvalo, odamlar uchun munosib turmush sharoiti yaratish maqsadi mujassamdir.
Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan 2017 yildan boshlab mamlakatimiz bo‘ylab turar joyga muhtoj oilalar uchun arzon va har tomonlama qulay uy-joylar qurilishi boshlangan.
Amudaryo tumanida ham o‘tgan 2022 yil davomida Gulzor mahallasi hududida 15,6 mlrd.so‘m mablag‘ evaziga 3 ta 5 qavatli, jami 90 ta xonadonli uy-joylar qurildi.
Ushbu uy-joylarning qurib bitkazilgani va foydalanishga topshirilgani uy-joyga muhtoj yurtdoshlarimiz uchun katta sovg‘a bo‘ldi.
Bunyodkorlik ishlarini izchil davom ettirish hamda aholini arzon uy-joylar bilan ta’minlash maqsadida Mang‘it shahrining Farovon mahallasi hududida buyurtmachi tashkilotlar tomonidan 6 ta, tadbirkorlar tomonidan 4 ta, har birining qiymati 5,5 mlrd. so‘mlik jami 10 ta ko‘p qavatli turar joylar qurish rejalashtirilgan.
 6 yanvar kuni tender savdolarida g‘olib bo‘lgan “Amudaryomaxsusqurilish” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan qurilishi rejalashtirilgan 4 ta 5 qavatli jami 140 xonadondan iborat uy-joylarga ramziy qoziq qoqish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Shu munosabat bilan o‘tkazilgan tadbirda Qoraqalpog‘iston Respublikasi qurilish vaziri Azimjon Qurbanbayev, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashining Qurilish masalalari bo‘yicha kotibiyat boshlig‘i Jaxongir Yakubov, tuman hokimi o‘rinbosari Nodirbek Kamolov mahalla raislari, imom-xatiblar, nuroniylar hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etishdi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Qurilish vaziri Azimjon Qurbanbayev keyingi yillarda qurilayotgan arzonlashtirilgan uy-joylarning asosiy qismi ijtimoiy himoyaga, uy-joyga muhtoj, ko‘p bolali oilalar farzandlari uchun ajratilayotgani mamlakatimizda yuritilayotgan xalqchil siyosatning yorqin namunasi ekanligini ta’kidladi.
Mahalla raisi Madamin Kazakov Farovon mahallasida qurilayotgan yangi uylarning avtomobil yo‘llari, suv, gaz va elektr tarmoqlari, bolalar bog‘chalari, savdo shoxobchalari, sport maydonchalari bilan birgalikda qurib bitkazilishi aholining qulay shart-sharoitlarda yashashi uchun kompleks tizim hosil qilishini aytib o‘tdi.
Mahalla imom-xatibi tamal toshi qo‘yilayotgan ko‘p qavatli uylarda odamlar tinch-farovon yashashini, xonadonlarda faqat yaxshi kunlar, to‘ylar bo‘lishini tilab duoga qo‘l ochdi.
Shundan so‘ng, ramziy qoziq qoqish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Shu kundan boshlab Farovon mahallasida bunyod etilajak yangi uylarga ilk g‘isht qo‘yildi.
Mazkur uy-joylar sifatli hamda qisqa muddatlarda qurib bitkazilib foydalanishga topshirilishi uchun barcha zaruriy texnika va quruvchi kuchlari ajratildi.

Tuman hokimligining Axborot xizmati