NURSULTON O‘ZBЕKISTON ChЕMPIONI BO‘LDI

Туман янгиликлари

G‘alaba bizni kutmaydi – aslida biz g‘alaba tomon intilishimiz kerak. Yurakdan hayqirib chiqqan bu so‘zlar Nursultonning shioriga aylanganida u maktab o‘quvchisi edi. O‘quvchilik davrlaridayoq sportning stol tennisiga qiziqishi ustun keldi. Murabbiyi, O‘zbekiston va Qoraqalpog‘iston chempioni, sport ustasi Hamida Rajabova unga 5-sinfdaligidayoq stol tennisi uslublarini o‘rgata boshladi. Tez-tez Nukus shahri va Ellikqa’la tumanlariga borib, musobaqalarda ishtirok etdi va tengdoshlaridan ancha ustunlikka erishdi.

Nursulton Amudaryo tumanidagi 16-sonli maktabda o‘qish bilan birga Bolalar va o‘smirlar sport maktabi tennis to‘garagining eng faol a’zosiga aylandi.

“Buladigan bola – boshidan”, deganidek u umumta’lim maktabini tugatib, TATUning Nukus filialiga kompyuter-injiniring fakultetiga o‘qishga kirdi. Ayni paytda 2-bosqich talabasi.

Yaqinda Toshkent shahrida bo‘lib o‘tgan  “Besh tashabbus paraolimpiya” bosqichi o‘yinlarida sportning para stol tennisi bo‘yicha 1-o‘rinni egalladi va musobaqa kubogi, diplom hamda muzlatgich bilan taqdirlandi.

Uning bu yutug‘idan eng avvalo ota-onasi, Boyovul mahallasi mahalladoshlari, ustozi Hamida Rajabova, o‘zi ta’lim olayotgan universitet rahbariyati va do‘stlari quvonishdi. Chunki Nursulton Sariboyev ushbu yutug‘i bilan O‘zbekiston chempioni bo‘lgan edi. Chempionlik unga osonlik bilan nasib qilmadi, qancha mehnat, betinim mashg‘ulotlar, bo‘sh vaqtini to‘g‘ri tashkil etish orqali erishdi. Otasi Nurlan Sariboyev, onasi Shahnoza va yaqinlarining qo‘llab-quvvatlaganlari evaziga g‘alaba qozondi u. Universitet rahbariyati va pedagogika jamosi ham Nursultonni izlanuvchan talaba, deya e’tirof etib, televizor bilan taqdirladilar.

Shuni mamnuniyat bilan qayd etish kerakki, Amudaryo tumanni BO‘SM rahbari Chorsham Tojimurodovning homiyligi va insoniylik yordami ham alohida e’tiborga molik. Biz ham Nursultonning bundan keyingi o‘qish va ishlarida muvaffaqiyatlar, omadlar tilaymiz.

  Qizlargul Karimova