Кўп бериладиган саволлар

Pensiya guvohnomasi qanday rasmiylashtiriladi?

Pensiya jamg‘armasi bo‘limining ish yurituvchisi pensiya oluvchining so‘roviga asosan axborot tizimidagi maʼlumotlar asosida pensiya guvohnomasini rasmiylashtiradi.

Bunda guvohnomani rasmiylashtirish uchun pensiya oluvchining tegishli fotosurati axborot tizimi orqali ish yurituvchi tomonidan chop etiladi.

Pensiya guvohnomasi berilishi mutlaqo bepul amalga oshiriladi.

 

Farzandimga boquvchisini yo‘qotganlik pensiyasi olaman. Farzandim 22 yoshda universitetga o‘qishga kirdi. Bunday holatda pensiya qachongacha to‘lanadi?

 

Qonunchilikka muvofiq, boquvchisini yo‘qotganlik pensiyasi taʼlim tashkilotining o‘quvchisi va talabalariga o‘qishning butun davri davomida, biroq 23 yoshga to‘lguniga qadar tayinlanadi va to‘lanadi.

Nogiron bolam bor. Faqat unga g‘amxo‘rlik qilaman. Pensiya yoshigacha hech kayerda ishlay olmasam menga pensiya tayinlanadimi?
 “Fuqarolarning davlat pensiya taʼminoti to‘g‘risida”gi Qonunga (https://lex.uz/docs/112314#127690) muvofiq, 18 yoshgacha nogironligi bo‘lgan bolaga qarab turish davri pensiyaga chiqishda ish stajiga qo‘shib hisoblanadi.

Bunda, qarab turish vaqti pensiya tayinlash uchun zarur bo‘lgan ish stajiga faqat qarab turgan va qarab turishga muhtoj bo‘lgan shaxs bilan birga yashagan shaxslardan biriga qo‘shib hisoblanadi.

 Ushbu qarab turish vaqti fuqaroda umumiy ish staji kamida 7 yil bo‘lgan taqdirda ish stajiga qo‘shib hisoblanadi.

 

Pensiya tayinlashda “ish staji kam chiqish” muammosiga duch kelmaslik uchun nima qilish kerak?

 

 

Masalan, siz biror tashkilotda ishlagansiz, lekin pensiyani hisoblash vaqti kelganda ushbu ishlagan davrdagi ish stajingiz tizimdan chiqmayapti.

 Bu muammo o‘sha vaqtda ishlaganligingiz to‘g‘risidagi maʼlumotlar Yagona milliy mehnat tizimi (https://t.me/PensionFundRUz/6277) (my.mehnat.uz) ga kiritilmaganligidan kelib chiqadi.

Bunday hollarda siz tashkilotdan ishga qabul qilish va ishdan bo‘shatish haqidagi buyruqlardan ko‘chirmalar olgan holda va ushbu joyda mazkur davr mobaynida mehnat faoliyati yuritganlik faktini tasdiqlatishingiz kerak bo‘ladi.

 Shuning uchun, biror tashkilotga ishga joylashayotganingizda yoki u yerdan bo‘shaganingizda doimo tashkilotning kadrlar bo‘yicha xodimidan maʼlumotlaringizni my.mehnat.uz bazasida to‘liq raqamlashtirilganligi to‘g‘risidagi maʼlumotlarni so‘rab oling.

 

Ayollar 53 yoshdan pensiyaga chiqishi mumkinmi?

 

 O‘zbekiston Respublikasi «Fuqarolarning davlat pensiya taʼminoti to‘g‘risida”gi Qonunining 14-moddasiga asosan (https://lex.uz/docs/112314#127089) texnologiyadagi, ishlab chiqarish va mehnatni tashkil etishdagi o‘zgarishlar, xodimlar soni yoki ish xususiyatining o‘zgarishiga olib kelgan ishlar hajmining qisqarganligi yoxud korxonaning tugatilganligi munosabati bilan ishdan ozod etilgan va ishsiz deb eʼtirof etilgan shaxslar:

 erkaklar — 58 yoshga to‘lganda va ish staji kamida 25 yil bo‘lgan taqdirda;

 ayollar — 53 yoshga to‘lganda va ish staji kamida 20 yil bo‘lgan taqdirda pensiya olish huquqiga ega bo‘ladilar.

 

Ikki ish joydan ham dekret puli olish mumkinmi?

 

Ikki ish joyingizdan ham dekret olishga haqlisiz.

Mehnat kodeksining 404-moddasiga binoan ayolga tug’ruqqacha etmish kalendar kun hamda tug’ruqdan keyin ellik olti kalendar kun (tug’ish qiyin kechgan yoxud ikki yoki undan ortiq bola tug’ilgan taqdirda etmish kalendar kun) homiladorlik va tug’ish ta’tili berilib, qonunchilikda belgilangan, lekin o‘rtacha oylik ish haqining etmish besh foizidan kam bo‘lmagan miqdorda nafaqa to‘lanadi.

Endi qarang! Vazirlar Mahkamasining 2012 yil 18 oktyabrdagi 297-son qarori bilan tasdiqlangan “O‘rindoshlik asosida hamda bir necha kasbda va lavozimda ishlash tartibi to‘g’risida”gi nizom 18-bandiga ko‘ra o‘rindoshlar o‘rindoshlik asosidagi ish joyi bo‘yicha vaqtincha mehnatga layoqatsizlik nafaqasi olish, ayollar esa, bundan tashqari, homiladorlik va tug’ish nafaqalari olish huquqiga egadir.

 Shunday ekan siz asosiy va o‘rindoshlikdagi ish joyingizdan homiladorlik va tug’ish ta’tiliga chiqishingiz va dekret puli olishingiz mumkin.

 

Hokimiyatdagilar ishchi guruh tashkil etib maktablarni tekshirishga haqqi bormi?

 

Avvalo, shuni aytish kerakki yangi tahrirdagi Konsitutsiyamizning 52-moddasi ikkinchi qismida davlat o‘qituvchilarning sha’ni va qadr-qimmatini himoya qilish, ularning ijtimoiy va moddiy farovonligi, kasbiy jihatdan o‘sishi to‘g’risida g’amxo‘rlik qilishi mustahkamlab qo‘yilgan.

Maktabgacha va maktab ta’limi vazirining 2023-yil 31-avgustdagi 282-son buyrug’iga 1-ilovada tasdiqlangan Umumiy o‘rta ta’lim muassasasining takomillashtirilgan namunaviy odob-axloq qoidaning 11-bandiga ko‘ra o‘quvchining ota-onasi yoki boshqa qonuniy vakillari ta’lim muassasasidagi dars jarayoniga aralashishi mumkin emas.

Shuningdek, bunday huquq boshqa shaxslarga ham berilmagan.

Bunday harakat esa Ma’muriy javogarlik to‘g’risdagi kodeksning 197-5-moddasiga muvofiq ta’lim muassasasi pedagog xodimining kasbiy faoliyatiga ta’lim oluvchilar bilimini to‘g’ri va xolis baholashiga ta’sir ko‘rsatish bilan ifodalangan tarzda qonunga xilof ravishda aralashish yoki ta’lim muassasasi pedagog xodimining xizmat vazifalarini bajarishiga to‘sqinlik qilish:
fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining besh baravaridan etti baravarigacha;
mansabdor shaxslarga esa — etti baravaridan o‘n baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.

Mana shu qoidaga ko‘ra bu vaziyatda sizlar tuman prokuraturasiga murojaat qilishingiz lozim.

 

Maktab direktorining o‘zi ham «direktor jamg’armasi»dan moddiy yordam olishga haqlimi?

 

Xodimlarga moddiy yordam maktablarda direktor jamg’armasidan beriladi. Moddiy yordam olish uchun xodim shu tashkilotda mehnat shartnomasi asosida ishlashi va moddiy yordam olish uchun asos bo‘ladigan holatlar sodir bo‘lishining o‘zi etarli.

Ya’ni xodim mehnat ta’tilida, malaka oshirishda yohud vaqtincha mehnatga layoqatsizlik davrida bo‘lishi uning moddiy yordam olish huquqini cheklamaydi.

Bunda Vazirlar Mahkamasining 02.08.2022 yildagi 425-son qarori bilan Vazirlar Mahkamasining 30.09.2019 yildagi 823-son qarori 33-bandiga o‘zgartirish kirilgan.

Unga ko‘ra umumta’lim muassasalari xodimlariga moddiy yordam kalendar yil davomida ikki lavozim maoshi (o‘qituvchining tarif stavkasi) miqdorigacha:
• xodimning o‘zi va yaqin qarindoshi (otasi, onasi, turmush o‘rtog’i, farzandi) vafot etganda;
• og’ir kasallikka chalinganda;
• xodim tabiiy ofatdan zarar ko‘rganda ko‘rsatiladi.

Qoidaning mazmuniga ko‘ra xodim maktabda mehnat shartnomasi asosida ishlayotgan davrda yuqoridagi holatlar sodir bo‘lsa, direktor jamg’armasida mablag’ etarli bo‘lgan taqdirda xodim 2 lavozim maoshi miqdorida moddiy yordam olishga haqli.

Mana shu qoidaga ko‘ra xodim 1 kalendar yilida jami 2 lavozim maoshigacha moddiy yordam olishi mumkin. Bunda xodimga moddiy yordam berish bo‘yicha ishchi guruh qarori asosida direktor buyruq chiqaradi.

Agar tibbiy xulosada xodimning kasalligi og’ir ekanligi qayd etilgan bo‘lsa, xodim moddiy yordam olishga haqli. Shunga ko‘ra sizdagi vaziyatda ham kasallik og’ir ekanligi tibbiy xulosada ko‘rsatilgan bo‘lsa, unda moddiy yordam olishingiz mumkin.

Ushbu nizomning 34-bandida “umumta’lim muassasasi rahbariga Jamg’arma mablag’lari hisobidan moddiy rag’batlantirish yuqori turuvchi tashkilot tavsiyasi asosida berilishi mumkin” degan qoida bo‘lardi.

Biroq bu qoida Vm 425-son qaror bilan bekor qilingan.

Shunga ko‘ra, yuqoridagi asoslar bo‘lganda, direktor ham moddiy yordam olishga haqli.

 

Nogironligi bor fuqarolarga ertaroq pensiyaga chiqishda qanday imtiyozlar bor?

Fuqarolarning davlat pensiya ta’minoti to‘g’risidagi qonun 7-moddasiga ko‘ra yoshga doir pensiya olish huquqiga:
 erkaklar — 60 yoshga to‘lganda va ish stajlari kamida 25 yil bo‘lgan taqdirda;
 ayollar — 55 yoshga to‘lganda va ish stajlari kamida 20 yil bo‘lgan taqdirda ega bo‘ladilar.

 Demak, umumiy holatda ayollar ish staji 20 yil bo‘lganda va ularning yoshi 55ga to‘lganda pensiyaga chiqishi mumkin.

‍ Lekin yigirma yillik ish staji bo‘lgan ayollar ellik to‘rt yoshga to‘lganda pensiya olish huquqiga ega bo‘ladilar. Bu qoida ushbu qonun 12-1-moddasida qayd etilgan.

Yuqoridagi qoidalarning mazmuniga ko‘ra o‘sha ayol xodim 54 yoshga to‘lgandan so‘ng imtiyozli ravishda pensiyaga chiqishi mumkin. Yoki u hozirda nogironlik pensiyasiga chiqishi mumkin.

Yuqoridagi qonun 15-moddasiga muvofiq nogironlik pensiyalari qonun hujjatlarida belgilangan tartibda I va II guruh nogironlari deb topilgan shaxslarga tayinlanadi.

Qoidaning mazmuniga ko‘ra opangizning nogironligi bor deb topilsa, nogironlik pensiyasi olishga haqli. Ushbu qonunning 17-moddasi birinchi qismida mehnatda mayiblanganda yoki kasb kasalligiga uchraganda beriladigan nogironlik pensiyalari ish stajidan qat’i nazar, tayinlanishi belgilangan.

Shuningdek, mazkur normaning ikkinchi qismiga umumiy kasallik tufayli beriladigan nogironlik pensiyalari nogironlik boshlangan paytga qadar quyidagicha ish stajiga ega bo‘lgan taqdirda tayinlanadi:
Yosh Ish staji
 
23 yoshga qadar – 2
23 yoshdan 26 yoshga qadar – 3
26 yoshdan 31 yoshga qadar – 5
31 yoshdan 36 yoshga qadar – 7
36 yoshdan 41 yoshga qadar – 9
41 yoshdan 46 yoshga qadar – 11
46 yoshdan 51 yoshga qadar – 14
51 yoshdan 56 yoshga qadar – 17
56 yosh va undan oshganda – 20.

 

Kontraktning 12 foizini qaytarib olish mumkinmi?

 

Soliq summasini qaytarish mumkin.

Faqat bunda to‘langan kontrakt puli uchun yo‘naltirilgan daromaddan soliq to‘langan bo‘lishi shart. Boshqacha aytganda bu daromad rasmiy manbaga ega bo‘lishi talab etiladi.

Soliq kodeksining 378-moddasiga asosan soliq to‘lovchining O‘zbekiston Respublikasining professional va oliy ta’lim tashkilotlarida ta’lim olish (o‘zining, shuningdek yigirma olti yoshga to‘lmagan farzandlarining yoki erining (xotinining) ta’lim olishi) uchun to‘lovga yo‘naltiriladigan, soliq solinishi lozim bo‘lgan ish haqi va boshqa daromadlari soliqdan ozod qilinadi.

Demak, bu imtiyoz ota-onaga farzandining yoki talabaning o‘ziga yoshidan qat’iy nazar kontrakti uchun ish haqi yoki rasmiy boshqa daromadlaridan (soliq to‘langan daromad) to‘lov qilgan shaxsga nisbatan qo‘llaniladi.

O‘zbekiston Respublikasining professional va oliy ta’lim tashkilotlarida ta’lim olish uchun yo‘naltiriladigan mablag’larga jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig’i bo‘yicha imtiyozni qo‘llash tartibi to‘g’risidagi nizom (Ro‘yxat raqami 2107) 16-bandiga asosan:

O‘zbekiston Respublikasining professional va oliy ta’lim tashkilotlarida o‘qish uchun to‘lov jismoniy shaxs tomonidan mustaqil ravishda (naqd pul hisobiga, jismoniy shaxslarning banklardagi omonat va boshqa hisob raqamlaridan yoki plastik kartalardan foydalangan holda) amalga oshirilganda, soliq chegirmasi O‘zbekiston Respublikasi Soliq kodeksining 396 — 398-moddalarida nazarda tutilgan tartibda davlat soliq xizmati organlariga jismoniy shaxsning jami yillik daromadi to‘g’risidagi deklaratsiyani topshirish yo‘li orqali berilishi mumkin.

Yuqoridagi qoidalarga muvofiq siz to‘lov kontrakti uchun to‘lagan pulingizni qaytarib olishingiz mumkin.

Faqat ushbu kontrakt uchun to‘langan pullar rasmiy manbaga asoslansa (ya’ni ushbu daromaddan soliq undirilgan bo‘lishi kerak), kontrakt summasidan soliqni qaytarib olishingiz mumkin.

 

Vrachlar 1 stavkadan ortiq ishlashi mumkin emasmi?

 

Amaldagi mehnat qonunchiligiga muvofiq 1 stavkadan ortiq ishlashga cheklov qo‘yilmagan.

Mehnat kodeksining 184-moddasiga ko‘ra ishi yuqori darajadagi ruhiy, aqliy va asabiy zo‘riqish bilan bog’liq bo‘lgan, ya’ni alohida xususiyatga ega bo‘lgan tibbiyot xodimlari, pedagoglar va boshqa toifadagi xodimlar uchun ish vaqtining davomiyligi haftasiga ko‘pi bilan o‘ttiz olti soat qilib belgilanadi.

Mana shu qoidaga ko‘ra, to‘liq stavkada ishlayotgan tibbiyot xodimlarining haftalik ish soati 36 soatdan oshmasligi kerak. Boshqacha aytganda 1 stavka ishlayotgan tibbiyot xodimi 1 haftada 36 soat ishlashi lozim.

Endi qarang! Ushbu kodeks 206-moddasida ishning tugashi va uning keyingi kuni (smenada) boshlanishi o‘rtasidagi har kungi (smenalar oralig’idagi) dam olish davomiyligi, shu jumladan dam olish va ovqatlanish uchun tanaffus o‘n ikki soatdan kam bo‘lishi mumkin emasligi belgilangan.

Qoidaning mazmuniga ko‘ra xodimning bir ish kuni bilan ikkinchi ish kuni o‘rtasidagi dam olish vaqti 12 soatdan kam bo‘lmasligi shart. Agar qoidani teskarisiga o‘giradigan bo‘lsak, unda xodim 1 kunda 12 soatgacha ishlashi mumkin. Mehnat qonunchiligida xodimlarning stavkasiga oid aniq qoida belgilanmagan. Xodimlarning stavkasi yuqoridagi ikki qoida bilan aniqlanadi.

Demak, tibbiyot xodimi to‘liq stavkada haftasiga 36 soat, agar u 1.5 stavka ishlaydigan bo‘lsa, haftasiga 54 soat ishlashi mumkin. Hech qanday cheklov mavjud emas.

Xulosa qiladigan bo‘lsak, bu holatda sizning stavkangizni kamaytish mumkin emas.

Siz bemalol 1.25 stavkada ishlashingiz mumkin. Stavkangizni tiklash uchun tuman adliya bo‘limiga murojaat qilishingiz lozim.

Bolalar nafaqasi va moddiy yordam tayinlash uchun onlayn ariza berish tizimi yo‘lga qo‘yiladi
Vazirlar Mahkamasining 2023 yil 10 noyabrdagi “Ijtimoiy himoya yagona reestri” axborot tizimi orqali kam ta’minlangan oilalarni aniqlash va ularga ijtimoiy nafaqalar tayinlash bo‘yicha elektron shaklda ariza berishni joriy etish chora-tadbirlari to‘g’risida”gi Qarori qabul qilindi.

Qarorga muvofiq, 2024 yil apreldan boshlab:

- fuqarolar ortiqcha ovoragarchiliklarsiz onlayn shaklda bolalar nafaqasi va moddiy yordamga ariza topshirishlari mumkin. Bunda fuqarolar Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (YaIDXP) orqali arizalarni yuborish imkoniyati yaratiladi.

 – “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlarining ijtimoiy xodimlariga fuqarolarning bevosita roziligi bilan “Yagona reestri” AT orqali kam ta’minlangan oilalarni aniqlash va ularga ijtimoiy nafaqalar tayinlash bo‘yicha elektron shaklda ariza berish huquqi beriladi.

 Shuningdek, mazkur qaror bilan ijtimoiy nafaqalarni tayinlash mezonlariga quyidagi o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi:

 2023 yil dekabr oyidan boshlab:

 – bolalar nafaqasi va moddiy yordam tayinlangandan so‘ng “Yagona reestr” AT yordamida har oyda oilaning iqtisodiy holati avtomatik ravishda monitoring qilinadi hamda oilaning iqtisodiy holati yaxshilangan (ikkinchi ko‘chmas mulk yoki noturar joy, yangi avtotransport xarid qilgan yoki yuqori ish haqi olishni boshlagan) bo‘lsa, nafaqa to‘lovi to‘xtatiladi.