EL XIZMATIGA KAMARBASTA

Туман янгиликлари

Tumanimizda faoliyat boshlagan ovul, mahallalardagi xotin-qizlar faollari o‘z zimmalaridagi mas’uliyatli va dolzarb vazifalar ijrosini ta’minlash borasida tizimli ishlarni amalga oshirmoqdalar.

Tumanimizning chekka hududi bo‘lgan Qumyop mahallasida 714 ta xonadonda 4653 nafar aholi istiqomat qiladi.

Mahalla xotin-qizlar faoli Roza Qonarboyeva va yig‘in mas’ullari yil boshida o‘tkazgan xatlov natijasida ijtimoiy himoyaga muhtoj 93 nafar ayollar 3-bosqich “Ayollar daftari”ga kiritildi. Ularning 33 nafari ijtimoiy himoyaga muhtoj, 9 nafari ishsiz, tadbirkorlik bilan shug‘ullanish istagi bor, 15 nafari boquvchisini yo‘qotgan, ehtiyojmand ayollar, 17 nafari nogironligi bo‘lgan ayollar, 2 nafari uy-joyga muhtoj ayollar, 17 nafari qaramog‘ida nogiron farzandlari bor ehtiyojmand ayollar sifatida alohida-alohida ajratib daftarga qayd etildi va muntazam xabar olinayapti hamda moddiy qo‘llab-quvvatlanayapti. 3 nafarining uy-joyi ta’mirlab berildi, 6 nafar ayol imtiyozli kredit evaziga tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘ydi va o‘zini o‘zi band qildi, 6 nafar ayol haq to‘lanadigan jamoat ishiga jalb qilindi.

Mahalla tinch-osoyishtaligiga erishish, o‘zaro do‘stona qo‘shnichilik munosabatlarini mustahkamlash, yoshlar ma’naviyatini yuksaltirish, oilalarning mustahkamligiga erishish maqsadida turli ma’naviy-madaniy tadbirlar o‘tkazilayapti.

Keyingi yillarda to‘y-marosimlarning ortiqcha sarf-xarajatlar bilan o‘tkazilayotgani, dabdababozlik, isrofgarchilikka yo‘l qo‘yilayotgani bu borada aholi orasida jiddiy targ‘ibot olib borishni taqozo etmoqda. Shundan kelib chiqib, R.Qonarboyeva mahalla nuroniylari ishtirokida ibratli ishlarni amalga oshirayapti. Sog‘lom turmush tarzi, oilalarni mustahkamlash keng targ‘ib etilayotgani natijasida oilaviy ajrimlar sodir bo‘lmadi.

Mahalla faollari G.Nazarova, M.Yaxshimovalar va hududdagi ulkan hayotiy tajribaga ega nuroniy onaxonlar Rozaxon opaga ko‘makdosh bo‘lishayapti.

Qumyop mahallasiga Chimboy tumanidan kelin bo‘lgan, millati qozoq bo‘lsa-da, mahallada yashovchi aholining katta yoshlilariga qiz, kichik yoshdagilarga opa, checha bo‘lib, el bo‘lib ketgan oliy ma’lumotli o‘qituvchi mutaxassisligiga ega R.Qonarboyevaning hali mahallada amalga oshirishni rejalashtirayotgan ishlari ko‘p. Harakatda – barakat, deydi xalqimiz.

Ha, intilgan kam bo‘lmaydi. Biz Roza Qonarbayevaning el xizmatiga kamarbasta bo‘lib yuraverishini tilab qolamiz.

Sevara Ismoilova.