XALQ DARDI BILAN YASHASH BAXTI

Туман янгиликлари

Ekologik barqarorlikni ta’minlash, bu boradagi muammolarga jamoatchilik e’tiborini qaratish va salbiy oqibatlarining oldini olishda O‘zbekiston ekologik partiyasi a’zolarining hissasi ulkan.

Partiya a’zosi, xalq deputatlari Amudaryo tuman Kengashi deputati, ayni paytda Qilichboy ovul fuqarolar yig‘ini raisi bo‘lib ishlayotgan Bahrom Qodirov partiya dasturlarini hayotga tatbiq etishda faol ishtirok etmoqda.

Xalq hurmat-e’tiborini qozongan B.Qodirov 2020 yilda xalq deputatlari tuman Kengashiga Qilichboy saylov okrugidan deputat bo‘lib saylandi.

U xalq vakili sifatida hudud aholisining mamlakatimizda kechayotgan ijtimoiy-siyosiy jarayonlar, yangilanishlar, yuksalishlarga daxldorligini oshirish, barcha jabhalarda amalga oshirilayotgan islohotlarda faol ishtirok etishga targ‘ib qilish maqsadida tez-tez uchrashuvlar o‘tkazib turadi. Uchrashuvlar jarayonida aholi turmushidagi aniqlangan muammolarni ijobiy hal qilish uchun tinmay harakat qiladi.

Joriy yilda ana shunday xalq bilan jonli muloqotlar davrida bildirilgan murojaatlarga muvofiq Xizr eli mahallasida aholi tomorqa yerlarini oqar suv bilan ta’minlash yaxshilandi, shu mahalla hududidagi transformator ko‘chirildi, Tozayop, Olmazor aholi punktlariga yangi transformator o‘rnatildi, Oftob, Bahouddin Naqshband ko‘chalari yo‘li ta’mirlandi.

Ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi qo‘llab-quvvatlanayotgani Bahrom Qodirovning el oqsoqoli sifatidagi, deputat sifatidagi nufuzini, obro‘sini oshirayapti. Ha, xalq dardi bilan yashagan inson haqli ravishda halqning olqishini oladi. Bu – ulkan baxtdir.

Oygul RAJABOVA.