YOSHLARGA TAYANCH BO‘LAYOTGAN YETAKCHI

Туман янгиликлари

Yoshlarni tadbirkorlikka jalb qilish, ularning bandligini ta’minlash bugungi kunning dolzarb masalalaridan biri sanaladi. Ularning muammolarini tizimli o‘rganish, mahallaning o‘zida bevosita hal etish, ta’lim muassasalarida ma’naviy-ma’rifiy va tarbiyaviy ishlarning samaradorligini yanada oshirish ishlarida yoshlar yetakchilarining faoliyati muhim o‘rin tutadi.

Xolimbeg ovulida istiqomat qilayotgan 7119 nafar aholining 2105 nafarini yoshlar tashkil qiladi. Ovul hududida uchta maktab mavjud. O‘quvchilarning vaqtini mazmunli tashkil qilishda yoshlar yetakchisi Quvondiq O‘razmetov tomonidan ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar, sport o‘yinlari  doimiy ravishda o‘tkazib kelinadi. Quvondiq bu lavozimda shu yilning 21 yanvaridan buyon faoliyat ko‘rsatib kelmoqda. Yoshlar yetakchisiga mahalla yoshlaridan shu kunga qadar 110 ta murojaat kelib tushgan. Shundan 96 ta murojaat mahallaning o‘zida bevosita hal qilingan. Qolgan qismi ko‘rib chiqilishi uchun yuqori mas’ul tashkilotlarga yuborilgan.

Mahalla ahli asosan dehqonchilik va chorvachilik bilan shug‘ullanadi. Yoshlarning aksariyati esa boshqa shaharlarda, qurilish sohasida ishlab kelardi. Q.O‘razmetov yordami bilan 70 nafar yosh 10 yil muddatga 25 sotixdan ijaraga yer olib, oilasi bag‘rida mehnat qilmoqda. Shuningdek, yana yuzlab yoshlarning mavsumiy bandligi ta’minlangan. Ishning ko‘zini bilgan dehqon yoshlar yil davomida mo‘l hosil yetishtirib, yaxshi daromadga ega bo‘layotganligidan xursand.

Subsidiya asosida ikki nafar yoshga issiqxona qurib berildi. Ular poliz ekinlari yetishtirish orqali hamyonbop narxlarda ichki bozorlarimizni sifatli kundalik mahsulotlar bilan ta’minlamoqda. Yunus Tursunboyev esa 66 mln. so‘m imtiyozli kredit olib, issiqxona faoliyatini yanada kengaytirdi. U 10 yil muddatga 25 sotix yerni ijara olgan.

– Yoshlarning ota-onasi, oilasi bag‘rida bo‘lib, mehnat qilishiga imkoniyat yaratish, ko‘maklashish mening asosiy maqsadim. Muhimi, ular boshqa hududlarda ishlab qiynalishmaydi. Yoshlarning bandligini ta’minlash orqali har xil noxush holatlarning oldini olishimiz mumkin, –deydi Quvondiq O‘razmetov.

Mahalla yoshlarining 78 nafari har xil yo‘nalishlarda oliy ta’lim muassasalarida tahsil olishadi. Yetakchi tavsiyasi bilan 4 nafar kam ta’minlangan oila farzandlariga to‘lov-shartnoma pulining 30 foizi Yoshlar ishlari agentligi tomonidan to‘lab berildi. Shuningdek, bir nafar yigitning harbiy xizmat shartnoma puli 100 foiz to‘lanishida yordam berildi. Uning sa’y-harakatlari bilan 78 nafar yosh «Yoshlar daftari»dan chiqarildi.

Yetakchi Q.O‘razmetov kelgusida mahalla hududida bolalar uchun minifutbol maydonchasi qurilishini maqsad qilgan. 

Vatan fidoyi insonlarning mehnati bilangina ravnaq topadi. Yoshlar tayanchiga aylangan Quvondiq O‘razmetovning xayrli ishlarida muvaffaqiyat tilab qolamiz.

Shohzod Qurbonboyev.