Bola huquqlarini ta’minlash, bolalarni har tomonlama yetuk, komil inson qilib tarbiyalash – jamiyatimizda muhim masala bo‘lib kelgan. Ayniqsa, mustaqillik yillaridan bu masalaga alohida e’tibor berib kelinmoqda. Yurtboshimiz Sh.Mirziyoyevning “Bizning kelajagimiz, eng asosiy ishonchimiz, madad-tayanchimiz – bu o‘sib kelayotgan yosh avloddir. Men o‘zimning taqdirimni ham, mamlakatimiz va mustaqilligimiz taqdiri va kelajagini ham ana shu yoshlar qiyofasida, ularning pok qalbi, erkin tafakkuri, mustahkam irodasi va dunyoqarashida ko‘raman”, degan so‘zlari alohida ahamiyat kasb etadi.
Tuman FHDYO bo‘limi tomonidan ham nikoh, tug‘ilganlik, otalikni belgilash va farzandlikka olish bo‘yicha hujjatlarni qayd etish, bu boradagi huquq va majburiyatlarni fuqarolarga keng tushuntirish ishlari amalga oshirilmoqda. Shu yilning 11 oyi davomida tuman FHDYO bo‘limida 4737 nafar bolaga tug‘ilganlik haqidagi guvohnoma berilgan bo‘lsa, ularning 2392 nafarini o‘g‘il bolalar, 2345 nafarini esa qiz bolalar tashkil etadi. Otalikni belgilash bo‘yicha 162 ta, farzandlikka olish bo‘yicha 35 ta hujjat, 1539 ta nikoh rasmiylashtirildi.
Bola huquqlariga oid milliy qonunchilik deganda, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 64-, 65-moddalariga e’tibor qaratish lozimdir. Ushbu moddalarda ota-onalar o‘z farzandlarini voyaga yetgunlariga qadar boqish va tarbiyalashga majburligi, davlat va jamiyat yetim bolalarni va ota-onalarining vasiyligidan mahrum bo‘lgan bolalarni boqish, tarbiyalash va o‘qitishni ta’minlaydi, bolalarga bag‘ishlangan xayriya faoliyatlarini rag‘batlantiradi, deb ko‘rsatib o‘tilgan. Shuningdek, farzandlar ota-onalarining nasl-nasabidan va fuqarolik holatidan qat’iy nazar, qonun oldida tengligi, onalik va bolalik davlat tomonidan muhofaza qilinishi belgilab qo‘yilgan.
Bolalarga mas’ul bo‘lgan shaxslar ularning dunyoga kelishi bilan paydo bo‘ladigan haq-huquqlarini ta’minlashi va fuqarolik holatini qayd etishlari zarur. Ammo ayrim fuqarolar o‘z farzandlarining tug‘ilganligini qayd qilish, guvohnoma olishga e’tiborsizlik bilan qarashadi. Bolalarni himoya qilish, asrab-avaylash – har birimizning vazifamizdir. Butun insoniyat va insonparvar jamiyat uchun bu muhim, doimiy e’tibordagi masala hisoblanadi.
S.Xolboyeva,
tuman FHDYO bo‘limi mudirasi.