SOG‘LOM YASHASHNING ODDIY VA FOYDALI QOIDALARI

Туман янгиликлари

Inson xizmat vazifasi yoki uy ishlarini bajara oladigan bo‘lsa,  sog‘lig‘ini yaxshi deb hisoblaydi, salomatligida biron muammolar paydo bo‘lib, ahvoli og‘irlashgandagina yomon deb baholaydi. Aslida sog‘liq uchun oddiy ko‘rsatkichlar ham muhimligini hamma ham bilavermaydi.

Agarda kishi organizmida barcha hayotiy jarayonlar me’yorida kechsa, ya’ni ishchanlik, chiniqish, yaxshi ishtaha, sog‘lom uyqu, yaxshi kayfiyat kabilar o‘z o‘rnida bo‘lsa, sog‘lom odam odatdagi ish yuklamalarini bemalol bajaradi. Ishchanlikni ta’minlashning eng samarali usuli bajaradigan ishni ma’lum bir tartibga buysundirish, ya’ni ish va dam olish oraliqlarini to‘g‘ri belgilashdir. Odatda kishi ko‘p ishlaganidan emas, balki, tartibsiz ishlaganidan charchaydi.

Chiniqishdan ko‘zda tutiladigan maqsad organizmning issiq va sovuq harorat sharoitlariga moslasha olish imkoniyatlarini ta’minlash sanaladi. Ertalabki quyosh nurlarida bir muddat bo‘lish, muntazam ravishda ertalabki badantarbiya, kun davomida jismoniy mashqlar bajarish, sportning biror turi bilan shug‘ullanish, toza havoda sayr qilish, piyoda yurish – bularning barchasi tanani chiniqtirishga yordam beradi.

Yaxshi ishtaha deganda ovqatxo‘rlikni tushunmaslik kerak. Ovqatlanishdagi asosiy talab ochlik va to‘qlik o‘rtasidagi me’yorni topish va shu holatni saqlab borish kerak. Sog‘lom odamning uyqusi tinch va uzluksiz bo‘ladi. Tartibga keltirilgan ish va kun tartibida sog‘lom odam 3-4 minut ichida uxlab qoladi va ertalab yaxshi kayfiyatda uyg‘onadi. Agarda kishi uzoq vaqt uxlay olmasa, uyqusida tez-tez uyg‘onsa, uyqudan keyin o‘zini lanj va kayfiyatsiz sezsa, bunday uyqu salomatlikning, ayniqsa, asablar tizimining yaxshi emasligidan dalolat beradi. Uyqu vaqtida asablar tinchligi hisobiga ichki a’zolarning ishi yaxshilanadi.

Kimdaki, xotira yaxshi bo‘lsa, uning axborotlarni esda saqlash imkoniyati ko‘p bo‘ladi va bu hol uning bilimdonlik darajasini belgilaydi.

Yaxshi kayfiyat salomatlikning asosiy ko‘rsatkichi bo‘lib, uni yaxshilashning imkoniyatlari ko‘p. Imon-e’tiqodli, sog‘lom odam g‘azab, qo‘rquv va iztiroblardan xoli bo‘lib, har qanday sharoitda ham bosiq, o‘yli, mulohazali va yaxshi kayfiyatda bo‘ladi. Buning uchun hayotdagi har bir narsadan go‘zallik, mazmun, hayotiy xulosa topishga harakat qilish kerak.

J.Yavkashev,

TTB ASTTQQ va JFO bo‘limi shifokori.