ASKAR O‘G‘LINING QARORIDAN MAMNUN ONA

Туман янгиликлари

Xalqimizning qon-qoniga singib ketgan go‘zal bir fazilati bor: yangi oila qurayotgan yoshlarga to‘lib-toshib baxt-saodat tilash bilan birga, albatta “unib-o‘singlar, boshlaringizda soyabon, atrofingizda metin qo‘rg‘on bo‘lgulik o‘g‘illar ko‘ringlar”, – deyishadi. Bu – yosh oilaning ona Vatan tinchligiga daxldor juftlik sifatida e’tirof etilishidir.

Mang‘it shahrining Oybek nomli mahallasida istiqomat qiluvchi Muzaffar Qo‘chqorov bilan Dildora Avezboyevalarning birgalikdagi hayoti ham ana shunday tilaklar bilan boshlandi. O‘zaro mehr-oqibat, bir-birovga izzat-hurmat asosiga qurilgan oilada biri-biridan shirin ikki o‘g‘il dunyoga kelganida Muzaffar bilan Dildoraning quvonchlariga nafaqat yaqinlari, balki do‘stlari, qo‘ni-qo‘shnilari ham sherik bo‘lishdi.

Yillar bilan bo‘y talashib, ulg‘aygan o‘g‘illarining kattasi Nurbek otasiga yordamchi bo‘ldi, yakka tadbirkorlik yo‘nalishini tanladi. Begzod esa o‘zi ta’lim olgan 55-sonli maktabda o‘qib yurgan kezlaridanoq harbiy bo‘lish orzusi bilan ulg‘aydi va harbiylar hayotiga oid kitoblarni o‘qish, maktabdagi chaqiriqqa qadar tayyorgarlik fanini puxta o‘zlashtirish uning sevimli mashg‘ulotiga aylandi. O‘qishdan bo‘sh vaqtlarida mustaqil ravishda futbol sporti bilan shug‘ullandi, chiniqish mashg‘ulotlarida qatnashdi. 2022 yilning yanvar-fevral oylarida u muddatli harbiy xizmatga chaqirilgan tengqurlari qatori Amudaryo tuman Mudofaa ishlari bo‘limi tomonidan tashkil etilgan tibbiy, axloqiy-ma’naviy, jismoniy yetuklik bo‘yicha ko‘riklardan o‘tib, ma’naviy-ma’rifiy va nazariy sinovlarni muvaffaqiyatli topshirdi. Mart oyida muddatli harbiy xizmat burchini ado etish uchun jo‘nab ketdi.

Andijon viloyatining Paxtaobod tumani hududidagi Davlat xavfsizlik xizmati chegara qo‘shinlari tarkibida o‘z xizmat burchini ado etishga kirishgan Begzod o‘zining qiziquvchanligi, qolaversa, mustaqil ravishda futbol sporti va jismoniy chiniqish mashqlari bilan shug‘ullangani uchun harbiy hayotga juda tez ko‘nikdi. Chaqqonligi va kism komandirlari tomonidan berilgan topshiriqlarni a’lo darajada bajarishi bilan quroldosh do‘stlariga namuna bo‘laoldi.

Muddatli harbiy xizmat burchini ado etayotgan barcha safdoshlari qatori Begzod O‘rozboyev ham ayni kunlarda harbiy-jismoniy va nazariy test sinovlarini topshirmoqda.

- O‘g‘lim sinovlardan a’lo darajada o‘tayotgan ekan, - quvonch bilan so‘zlaydi uning onasi Dildora Avezboyeva. – Begzodjon xizmat qilayotgan harbiy qismdan tashakkurnomalar, “shunday farzandni tarbiyalaganingiz uchun rahmat”, - degan minnatdorchilik xatlarini olganimda ko‘ksim tog‘day yuksaladi. Begzodjon harbiy xizmatga jo‘nab ketayotib menga so‘z bergan: “albatta harbiy bo‘laman, ona Vatanni himoya qilaman!”, - degan!

Onaning farzandidan roziligi ham, farzandiga ishonchi ham uning mamnuniyat balqib turgan yuz-u ko‘zlarida ayon. Dildoraxon ham Begzodjonning tanlovidan, erishayotgan yutuqlaridan mamnun. Chunki Begzodjon O‘rozboyev o‘zi xizmat qilayotgan davlat xavfsizlik xizmati chegara qo‘shinlari tarkibidagi harbiy qism qo‘mondonligining tavsiyasi, qolaversa, o‘z hohishi bilan muddatli harbiy xizmat burchini o‘tab bo‘lgach, shartnoma asosida xizmatni davom ettirishga qaror qilgan.

- Bahor kelishini intiqib kutayapmiz, - deydi Dildoraxon. – Begzodjonni harbiy libosda ko‘rish ona sifatida menga faxr-iftixor bag‘ishlaydi. U o‘zi orzu qilganiday ona Vatan himoyachisi bo‘lib, harbiy xizmatni davom ettirish uchun yana o‘zi xizmat qilgan qismga jo‘nab ketadi. Ilohim, o‘g‘lim va u kabi barcha Vatan himoyachilari omon bo‘lsinlar.

Biz ham askar o‘g‘lining qaroridan mamnun Dildoraxon Avezboyevaga va barcha askar onalariga sog‘lik, yurtimizga tinchlik tilaymiz hamda 14 yanvar – Vatan himoyachilari kuni bilan muborakbod etamiz.

Robiya YO‘LDOSHЕVA, Rashan BAHROMOV, M.SHOMURODOV surat-lavhasi.