HAM VATANPARVAR, HAM OILAPARVAR HARBIY

Туман янгиликлари

Hayotida bir bora harbiy libos kiyishni orzu qilmagan yigit bo‘lmasa kerak. Chunki bekorga bolajon xalqimiz oilada o‘g‘il tug‘ilsa, bir-birlarini: “askar muborak bo‘lsin!” deya qutlamaydilar. Shuning uchun ham o‘g‘li bor otaning ko‘kragi baland, yuzi yorug‘. Boisi, u ona Vatanning bo‘lg‘usi himoyachisi – askarning otasi!

Sherzod Atoyev oilada kenja farzand. Uch nafar o‘g‘ilning otasi bo‘lgan dadasi Mo‘min Atoyev va onasi Ro‘zika Sobirova uch o‘g‘ilni uch metin qo‘rg‘onim, deb voyaga yetkazdilar. O‘g‘illari hayotdan o‘z o‘rinlarini topib, kasb-u korli bo‘lganlarida, oila qurib, oldi-orti nevaralarga to‘lganida, uch o‘g‘lon haqiqatan ham uch metin qo‘rg‘on kabi suyanch bo‘lganida ko‘ngillari to‘lib, shukronalar aytishdi.

Ayniqsa, kenja o‘g‘il Sherzodjonning tanlovidan ota-ona sifatida faxrlandilar. Umumta’lim maktabini muvaffaqiyatli tamomlagan Sherzod Atoyev Urganch Davlat Universitetining tarix fakultetida, milliy istiqlol g‘oyasi, huquq va ma’naviyat asoslari yo‘nalishi bo‘yicha tahsil oldi.

Bolaligidan harbiy sohaga qiziqishi yuqori bo‘lgan Sherzod 2015 yildan Davlat xavfsizlik xizmati chegara qo‘shinlari safida ilk harbiy faoliyatini boshladi. U qayerda, qaysi harbiy qismda faoliyat yuritishidan qat’iy nazar, muddatli harbiy xizmat burchini o‘tayotgan yoshlar bilan ishlashish, ularni turli mafkuraviy xurujlardan himoya qilish, yosh askarlar ongiga harbiy vatanparvarlik tuyg‘ularini singdirishga intildi.

Askarlarning bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazishlari uchun turli xil zakovat o‘yinlari, kitobxonlik kechalarini tashkil etish, mamlakatimizda va xorijda ro‘y berayotgan ijtimoiy-siyosiy, mafkuraviy jarayonlar xususida aniq va puxta ma’lumotlar berish orqali yosh askarlarning ma’naviy immunitetini oshirishga xizmat qiluvchi nazariy va amaliy mashg‘ulotlar olib bordi.

Sherzod Atoyev 2015 yildan Davlat xavfsizlik xizmati chegara qo‘shinlari qo‘mondonligining yo‘llanmasi bilan Amudaryo tumani hududidagi chegara qo‘shinlari safida o‘z xizmat vazifasini davom ettirib kelmoqda. U qism komandirining tarbiyaviy va mafkuraviy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari sifatida deyarli har kuni askarlar bilan birga. Chunki O‘zbekistonning turli hududlaridan kelib, o‘z xizmat burchini ado etayotgan yosh askarlarning har birining xulq-atvori har xil.

Biri-birini takrorlamaydigan turli fikr va dunyoqarashga ega yosh askarlarni bir maqsad – ona Vatan tinchligi va osoyishtaligi yo‘lida sidqidildan xizmat qilish yo‘lida birlashtirish, Vatanparvarlik, xalqparvarlik ruhida, nafaqat jismonan, balki aqlan yetuk, kuchli va salohiyatli qilib tarbiyalash oson emas. Buni yaxshi his qilgan Sherzod Atoyev har bir tarbiyaviy tadbirning muvaffaqiyatli o‘tishi, yosh askarlarning faol ishtirokini ta’minlash maqsadida eng zamonaviy, interfaol usullarni qo‘llagan holda mashg‘ulotlar olib borishga harakat qiladi. Boisi, davlat chegarasini qo‘riqlayotgan askarning mas’uliyatni nechog‘lik his etishi, juda ko‘p jihatdan qism komandirining tarbiyaviy va mafkuraviy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari Sherzod Atoyevning faoliyatiga bog‘liq. Sherzod Atoyev esa o‘z vazifasini muvaffaqiyatli ado etish uchun o‘qib-o‘rganishdan, izlanishdan aslo charchamaydi.

Harbiy zobit uchun ikkita oila bor – biri ona Vatani bo‘lsa, yana biri – sevimli rafiqasi va farzandlari. Bu tomondan Sherzod Atoyevning hamisha ko‘ngli to‘q. Umr yo‘ldoshi Nodira Yoqubovaning tadbirli uy bekasi, mehribon ona va sadoqatli rafiqa sifatidagi o‘rni g‘oyat e’tiborli. Doimiy ravishda ish bilan band bo‘ladigan Sherzodning xotirjam ishlashidan tashqari, xizmat vazifasini mazmunli o‘tkazishi uchun zarur sharoit yaratishga harakat qilgani bois, oilada barcha ishlar joyila. Ikki nafar farzandining tarbiyasi, oilaning saranjom-sarishtaligi, qo‘ni-qo‘shnilari bilan muomalasi, bordi-keldilari havasga munosib.

Biz ijodiy guruhimiz bilan 14 yanvar – Vatan himoyachilari kuni arafasida Sherzod Atoyev va Nodira Yoqubovalar oilasida bo‘lib, ona Vatan sarhadlarida sobit askarlar va ularga ma’naviy rag‘bat, ma’naviy ruh, bilim va salohiyat ulashayotgan Sherzod Atoyevni, davlat xavfsizlik xizmati chegara qo‘shinlari askarlari, harbiy zobitlar, shu barobarida ularning oila a’zolarini ham bayram bilan muborakbod etdik.

Robiya YO‘LDOSHЕVA, Ravshon BAHROMOV, M.SHOMURODOV olgan surat.