YURT HIMOYASIGA MUNOSIB YOSHLAR TARBIYALAYOTGAN USTOZ

Туман янгиликлари

Yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, yurt himoyasiga, uning xavfsizligi, hududiy yaxlitligi va mustaqilligini ta’minlashga doimo shay turishlari uchun ular qalbida shu zaminga muhabbat va sadoqat tuyg‘ularini mustahkamlash muhim ahamiyatga ega. Shu bois keyingi yillarda umumta’lim muassasalarida chaqiruvga qadar boshlang‘ich tayyorgarlik fani o‘quv jarayonlarini yanada takomillashtirish, moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, shuningdek, kadrlar bilan ta’minlash masalalariga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Amudaryo tumanining Toryop mahallasidagi 51-sonli maktabning harbiy chaqiriqqa tayyorgarlik rahbari, iste’fodagi harbiy ofitser Davronbek Davletmurodov ayni paytda yoshlarga harbiy ta’lim haqida boshlang‘ich bilimlarni berib kelmoqda.

Maktabga 2021 yildan ishga kelgan Davronbek yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, boshlang‘ich harbiy ta’limni o‘rgatish ishlariga bor kuch va bilimlarini sarflab, o‘zining fidoyiligini ko‘rsatmoqda. U dastlab maktabda ajratilgan alohida xonani mashg‘ulotlar sifatli tashkil qilinishi uchun zarur ko‘rgazmali vositalar bilan jihozlanishiga e’tibor qaratdi. Gazniqob, maxsus harbiy kiyimlar, qurol-aslahalar maketlari kabi zarur ko‘rgazmali vositalarni keltirdi. Sinfda xotira burchagini tashkil qildi va unda Vatanimiz sarhadlari daxlsizligini ta’minlashda halok bo‘lganlar to‘g‘risida fotolavha va ma’lumotlar joylashtirdi.

Mashg‘ulotlar sifatini oshirish, jumladan, yoshlarda harbiylikka havasni kuchaytirish maqsadida tumandagi harbiy qismlar va Mudofaa bo‘limi bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yib, harbiylar bilan o‘quvchi-yoshlarning uchrashuvlarini ham tashkil qilib kelayotgan maktabning chaqiriqqa tayyorgarlik rahbari o‘zining harbiy xizmat mobaynidagi tajribalaridan unumli foydalnib kelmoqda.

Davronbek 2000-2004 yillarda Toshkent oliy umumqo‘shin qo‘mondonlik bilim yurti kursanti bo‘ldi. O‘qishni tugatganidan so‘ng, 2006 yildan Navoiy viloyatidagi harbiy qismda ma’lumotlarni qayta ishlash yo‘nalish boshlig‘i bo‘lib xizmatini boshladi. Keyinchalik Sirdaryo viloyatidagi harbiy qismda safarbarlik chaqiruv rezervi bataloni vzvod komandiri, shuningdek, Jizzax, Samarqand, Andijon, Namangan, Buxoro viloyatlari, Termiz shahridagi harbiy qismlarda kadrlar bo‘linmasi boshlig‘i vazifalarida xizmat qildi.

Xizmat davri mobaynida “Mustaqillikning 20 yilligi” va “Mustaqillikning 25 yilligi” ko‘krak nishonlari bilan taqdirlandi. Undan tashqari, vatanparvar harbiyga bir necha bor O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligining faxriy yorliq va minnatdorchilik xatlari ham topshirildi. Otasi Xo‘jamurod aka va onasi O‘rozgul opalarga ham 2018 yilda Janubiy-G‘arbiy maxsus harbiy okrugi qo‘mondonining tashakkurnomasi berildi.

Harbiy sohada samarali xizmat qilib, iste’foga chiqqan Davronbek tuman Mudofaa bo‘limi tomonidan yosh avlod ta’lim-tarbiyasiga hissa qo‘shishga jalb etilganidan so‘ng, o‘z bilim va tajribalarini o‘quvchilarga o‘rgatishni sharaf deb bildi.

Tajribali harbiy ayni paytda o‘zi faoliyat ko‘rsatayotgan maktabda nazariy va amaliy mashg‘ulotlar tashkil etish bilan birga “Yosh qutqaruvchi”, “Temurbeklar” singari tanlovlarni ham o‘tkazish orqali o‘quvchilar egallayotgan bilimlar sinovdan o‘tkazib bormoqda.

Harbiy xizmatchilar hayoti bilan yaqindan tanishtirish maqsadida tumandagi harbiy qismlarda o‘tkaziladigan ochiq eshiklar kuni tadbirlarida ham maktab o‘quvchilarining ishtirokini ta’minlab, ular qalbidagi yurtga muhabbat va burchga sadoqat tuyg‘ularini mustahkamlamoqda. O‘quvchilar ham chaqiriqqa qadar boshlang‘ich tayyorgarlik ko‘nikmalarini shakllantirayotgan, harbiylikka qiziqishlarini oshirayotgan, qalblaridagi vatanparvarlik tuyg‘ularini yanada mustahkamlayotgan ustozlaridan juda minnatdor.

Mamlakat kelajagini yaratishda shijoatli, qat’iy, maqsadni aniq qo‘yib, shu asosda harakat qiladigan yoshlarning o‘rni katta. Shu sababli 51-sonli maktabning harbiy chaqiriqqa tayyorgarlik rahbari Davronbek Davletmurodov yosh avlodni yurt himoyasiga munosib, mard va jasur, haqiqiy vatanparvar bo‘lib kamolga yetishlariga hissa qo‘shib, ularga harbiylikka doir bilimlarni mukammal o‘rgatishga harakat qilmoqda.

Ozoda Xudoyberganova.