PROBATSIYA GURUHI HISOBIDA TURUVCHI 17 NAFAR MAHKUM MUDDATIDAN AVVAL OZOD ETILDI

Туман янгиликлари

Respublikamizda sud-huquq sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar natijasida odamlarning davlatga ishonchi yuksalib, hayotlaridan rozi bo‘lib yashashi ta’minlanmoqda. Xususan, bilib-bilmay jinoyat sodir etib qo‘yib, chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lgan, sodir etgan jinoyatining oqibatlarini tushunib yetgan shaxslar avf etilib, ularning jamiyatga moslashuviga sharoit yaratilmoqda.

Jinoyat turiga ko‘ra ozodlikdan mahrum etish bilan bog‘liq bo‘lmagan, yoxud tayinlangan ozodlikdan mahrum etish jazosining o‘talmagan qismi ozodlikdan mahrum etish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazo turiga almashtirilgan mahkumlar ushbu jazo turini o‘tash davrida munosib xulq-atvorda bo‘lsa, tuzalish yo‘liga o‘tib, jazoni o‘tash tartib-qoidalariga amal qilsa, muddatidan oldin ozod etiladi. Davlatimizning buningdek bag‘rikenglik, insonparvarlik siyosati tufayli shodlik-quvonch kirib kelgan oilalar ko‘pchilik.

11 yanvar kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Amudaryo tumani sudi tomonidan Boyovul mahalla fuqarolar yig‘ini binosida sayyor sud majlisi o‘tkazilib, unda tuman Ichki ishlar bo‘limi Probatsiya guruhi hisobida turgan va tuzalish yo‘liga o‘tgan 17 nafar mahkumlarga nisbatan kiritilgan taqdimnomalar ko‘rib chiqildi.

Mahkumlardan biri oqibatini chuqur o‘ylab ko‘rmay, tez va mo‘may pul topish ilinjida jinoyat ko‘chasiga kirib qolgan yurtdoshimizdir. Xalqimizda so‘nggi pushaymon – o‘zingga dushman, degan ibora bor. U ham qilmishidan pushaymonligini xulq-atvori bilan isbotladi, muassasa tartib-qoidalariga bo‘ysundi, mehnatsevarligini ko‘rsatdi. Natijada bir yilga yaqin vaqt o‘tgach, uning ozodlikdan mahrum qilish jazosi sud hukmi bilan axloq tuzatish ishlariga almashtirildi va u ishga joylashdi.

Davlatimizning kechirimlilik siyosati natijasida mazkur sud majlisida jami 17 nafar mahkum ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazodan muddatidan oldin ozod etildi.

Adashganning aybi yo‘q – qaytib yo‘lini topsa, deydi xalqimiz. Ularning endi adashmasliklarini tilab qolamiz.

Oygul RAJABOVA.