Konstitutsiyaning 52-moddasida "O‘zbekiston Respublikasini himoya qilish - O‘zbekiston Respublikasi har bir fuqarosining burchidir. Fuqarolar qonunda belgilangan tartibda harbiy xizmatni o‘tashga majburdirlar", deb belgilab qo‘yilgan. Shunga muvofiq Vazirlar Mahkamasining “Chaqiriluvchilarni tanlab olish to‘g‘risida”gi Qarori asosida tumanimizda 2023 yilgi harbiy xizmatga chaqiriluvchilarni saralab olish maqsadida tanlov tadbirlari bo‘lib o‘tmoqda.
Muddatli harbiy xizmatga (bir yillik xizmat) tanlov tadbirlari 2022 yilning 15 avgust kunidan boshlandi va jarayon 2023 yilning 10 fevral kuniga qadar davom etadi. Tanlov tadbirlarida 18 yoshdan 27 yoshgacha bo‘lgan, harbiy xizmatni o‘tamagan yigitlar qatnashishlari lozimdir.
Tanlov tadbirlarida qo‘yilgan sinovlardan muvaffaqiyatli o‘tgan aqlan va jismonan sog‘lom yigitlar muddatli harbiy xizmatga jo‘natiladi.
Tanlov 3 ta yo‘nalishda olib boriladi. Dastlab chaqiriluvchilarning jismoniy tayyorgarlik darajasi baholanadi. Shundan so‘ng, yakka tartibda suhbat o‘tkaziladi. Yakka tartibdagi suhbat davomida chaqiriluvchining mahalla va jamiyatda tutgan o‘rni, oilaviy ahvoli, obro‘-e’tibori, yurish-turishi, qiziqishlari, yurtimiz tarixi, buyuk sarkardalar, ajdodlarimiz hayoti va faoliyatiga oid bilimlari sinovdan o‘tkaziladi. Tanlovning yakuniy bosqichida tibbiy ko‘rikning yakuniy xulosasiga ko‘ra, jismonan va ma’nan yetuk yigitlar muddatli harbiy xizmatga yuboriladi.
Mazkur tanlovda qatnashmagan chaqiriluvchilar Safarbarlik chaqiruv rezervi (bir oylik harbiy xizmat) xizmatiga tayinlanadilar.
Ayni kunlarda tuman Mudofaa ishlari bo‘limining safarbarlik chaqiruv bo‘linmasi tomonidan Qurolli Kuchlarimiz safini jismonan baquvvat va ma’nan yetuk chaqiriluvchilar bilan to‘ldirish maqsadida tanlov tadbirlari olib borilmoqda.
F.Eshimbetova.