KO‘KSIMDAGI ORIMSAN, VATAN!

Туман янгиликлари

Bugun dunyoda kechayotgan murakkab va tahlikali vaziyatda O‘zbekiston Respublikasini ichki va tashqi tahdidlardan himoya qilishda, xalqaro munosabatlarda uning milliy manfaatlarini qo‘llab-quvvatlashda Davlat xavfsizlik xizmatining salmoqli o‘rni bor.

Men Davlat xavfsizlik xizmati Chegara Qo‘shinlariga qarashli qismda xizmat qilaman. Bu mening bolaligimdan orzuim  bo‘lgan, desam adashmagan bo‘laman.

Hozirgi kunda Mang‘it shahrida joylashgan harbiy qismda qism komandirining tarbiyaviy va mafkuraviy ishlar bo‘yicha o‘rinbosariman. Harbiy xizmatchilar, muddatli harbiy xizmat burchini o‘tayotgan askarlar orasida harbiylar burchi va mas’uliyati, sohadagi yangiliklar haqida tez-tez suhbatlar o‘tkazib turaman. Birgalikda badiiy adabiyotlar o‘qiymiz, qo‘shiqlar aytamiz. Bunday jarayonlarda ularning shu tinch-osoyishta, jannatmakon yurtimizni sevishi, uni himoya qilishga qodir ekanligini his qilaman.

Qismimiz ma’muriyati tomonidan belgilangan rejaga muvofiq chegara hududlar aholisi bilan uchrashuvlar o‘tkazib, O‘zbekiston Respublikasining “Davlat chegarasi to‘g‘risida”gi Qonuni mazmun-mohiyatini ularga keng tushuntirib, chegaralarimiz daxlsizligiga raxna solmaslikni targ‘ib etamiz.

Maktablarda o‘quvchilar bilan harbiy vatanparvarlik mavzusida o‘tkazayotgan tadbirlarimizda ularga Vatan himoyasi har bir yigitning muqaddas burchi ekanligini keng tushuntirayapmiz.

Ha, Vatan himoyasi – muqaddas burch. Ona Yurt - ko‘ksimizdagi orimiz kabi buyukdir!

Vatanimiz chegaralarini yozning jaziramasi-yu qishning qahratonida ham sobit turib qo‘riqlayotgan mard va jasur, oriyatli chegarachilarni, barcha harbiy xizmatchilarni 14 yanvar – Vatan himoyachilari kuni bilan samimiy qutlayman!                

 Sherzod ATAYEV, harbiy xizmatchi.