YURT HIMOYASIGA MUNOSIB YOSHLAR TARBIYALAYOTGAN USTOZ

Туман янгиликлари

Tor yop mahallasidagi 51-sonli maktabning harbiy chaqiriqqa tayyorgarlik rahbari, iste’fodagi harbiy ofitser Davronbek Davletmurodov ayni paytda yoshlarga harbiy ta’lim bo‘yicha boshlang‘ich bilimlarni berib kelmoqda.

Maktabga 2021 yildan ishga kelgan Davronbek yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, boshlang‘ich harbiy ta’limni o‘rgatishda sohadagi ko‘p yillik tajribasi va bilimlaridan unumli foydalanmoqda. U dastlab maktabda ajratilgan alohida xonaning mashg‘ulotlar sifatli tashkil qilinishi uchun zarur ko‘rgazmali vositalar bilan jihozlanishiga e’tibor qaratdi. Gazniqob, maxsus harbiy kiyimlar, qurol-aslahalar maketlari kabi zarur ko‘rgazmali vositalarni keltirdi. Sinfda xotira burchagini tashkil qildi va unda Vatanimiz sarhadlari daxlsizligini ta’minlashda halok bo‘lganlar to‘g‘risida fotolavha va ma’lumotlarni joylashtirdi.

Ta’lim sifatini oshirish, jumladan, yoshlarda harbiylikka havasni kuchaytirish maqsadida tumandagi harbiy qismlar va Mudofaa bo‘limi bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yib, harbiylar bilan o‘quvchi-yoshlarning uchrashuvlarini ham tashkil qilib kelayotgan maktabning chaqiruvga qadar boshlang‘ich tayyorgarlik rahbariga o‘zining harbiy xizmat mobaynidagi tajribalari juda qo‘l kelmoqda.

Davronbek 2000-2004 yillarda Toshkent Oliy Umumqo‘shin qo‘mondonlik bilim yurti kursanti bo‘ldi. O‘qishni tugatganidan so‘ng, 2006 yildan 2021 yilgacha turli viloyatlardagi harbiy qismlarda mas’uliyatli lavozimlarda xizmat qildi. Xizmat davri mobaynida “Mustaqillikning 20 yilligi” va “Mustaqillikning 25 yilligi” esdalik nishonlari bilan taqdirlandi. Undan tashqari, bu vatanparvar harbiyga bir necha bor O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligining Faxriy yorliq va minnatdorchilik xatlari ham topshirildi. Otasi Xo‘jamurod aka va onasi O‘rozgul opalarga ham 2018 yilda Janubi-G‘arbiy harbiy okrug qo‘mondonining tashakkurnomasi berilganida Vatan koriga yaraydigan mard o‘g‘lon voyaga yetkazishganidan juda faxrlanishgan edi.

Harbiy sohada samarali xizmat qilib, iste’foga chiqqan Davronbek tuman Mudofaa bo‘limi tomonidan yosh avlod ta’lim-tarbiyasiga hissa qo‘shishga jalb etilganidan so‘ng, o‘z bilim va tajribalarini o‘quvchilarga o‘rgatishni sharaf deb bildi. U ayni paytda o‘zi faoliyat ko‘rsatayotgan maktabda nazariy va amaliy mashg‘ulotlar tashkil etish bilan birga “Yosh qutqaruvchi”, “Temurbeklar” singari tanlovlarni ham o‘tkazib, o‘quvchilar egallayotgan bilimlarni sinovdan o‘tkazib bormoqda.

Harbiy xizmatchilar hayoti bilan yaqindan tanishtirish maqsadida tumandagi harbiy qismlarda o‘tkaziladigan "Ochiq eshiklar kuni" tadbirlarida ham maktab o‘quv-chilarining ishtirokini ta’minlab, ular qalbidagi yurtga muhabbat va burchga sadoqat tuyg‘ularini mustahkamlamoqda. O‘quvchilar ham chaqiriqqa qadar boshlang‘ich tayyorgarlik ko‘nikmalarini shakllantirayotgan, harbiylikka qiziqishlarini oshirayotgan, qalblaridagi vatanparvarlik tuyg‘ularini yanada mustahkamlayotgan ustozdan juda minnatdor.

Mamlakat kelajagini yaratishda shijoatli, qat’iy va maqsadni aniq qo‘yib, shu asosda harakat qiladigan yoshlarning o‘rni katta. Shu sababli 51-sonli maktabning harbiy chaqiriqqa tayyorgarlik rahbari Davronbek Davletmurodov yosh avlodning yurt himoyasiga munosib, mard va jasur, haqiqiy vatanparvar bo‘lib kamolga yetishiga hissa qo‘shib, harbiylikka doir bilimlarni mukammal o‘rgatishga harakat qilmoqda.

Ozoda Xudoyberganova.