SABR-U CHIDAM BILAN

Туман янгиликлари

Men 1962 yilning noyabr oyidan 1965 yilning noyabr oyigacha, uch yil sobiq sovet armiyasi safida xizmat qilganman. Uch yil ota-onangdan, tug‘ilib-o‘sgan yurtingdan uzoqda bo‘lish oson emasligini  tengdoshlarimiz yaxshi bilishadi. 70 yillarda armiya xizmati uch yildan ikki yilga tushirildi. Hozir esa bir yil.

Bizlar harbiy xizmatga chaqirilgan davrimizda iloji boricha ko‘pchilik harbiy xizmatdan qolishga harakat qilishardi. O‘tgan asrning 64-65 yillarida esa oliy o‘quv yurtida o‘qiyotganlar, bitirganlar ham harbiy xizmatga chaqirila boshlandi.

Xo‘sh, hozir qanday? Armiya yoshidagi yoshlarimizga havas qilsak arziydi. Negaki, ular hozir bir yil o‘z Vatanida xizmat qiladi. Shu bilan birgalikda ancha imtiyozlarga ega bo‘lishadi. Avvallari bunday imtiyozlar yo‘q edi.

Harbiy qismlarda turli millat vakillari xizmat qilishardi. Natijada o‘zaro kelishmovchilik, tortishuv, o‘zidan boshqa millatni mensimaslik holatlari ham uchrab turardi. Men xizmat qilgan qism temir yo‘ldan 15-20 chaqirim uzoqlikda, qalin o‘rmon ichida joylashgandi. Qismimizga temir yo‘l orqali turli qurilish mollari kelardi, ularni esa kechiktirmay vagonlardan tushirish lozim edi. Shu boisdan ham temir yo‘l stansiyasida  navbatchilik qilardik. Bir kuni yarim tunda yuk keldi. Navbatchilar boshlig‘i rus  millatiga mansub zobit edi. Yarim kecha bo‘lishiga qaramay, u meni qismga xabar berish uchun yubordi. Bunga 60 yilcha vaqt o‘tgan bo‘lsayam, u kun tez-tez yodimga tushib turadi.

Zobit buyrug‘ini bajarish askar uchun qonun. Xullas, yarim tunda o‘rmon ichidan qismga yayov bir o‘zim yetib borganman.

Yuk kelganligi haqidagi xabarni qism rahbariyatiga ertalab yetkazsa ham  bo‘lardi. Xolbuki, buni zobitimiz tushunishni istamadi va meni – o‘zbek millatiga mansub askarni ayash haqida o‘ylagisi ham kelmadi. Biz ana shunday bosimlar ostida xizmat qilganmiz.

Darhaqiqat, bizlar uch yil barcha qiyinchiliklarga bardosh berib, sabr-u chidam bilan xizmat qildik. Natijada boshqa orzularimizga uch yil kechikib yetishganmiz.

S.XO‘JANIYOZOV, faxriy jurnalist, sobiq askar.