MILLIY ARMIYAMIZ NUFUZI VA SALOHIYATI YUKSALMOQDA

Туман янгиликлари

So‘nggi yillarda mamlakatimizda mudofaa sohasini isloh qilish, Qurolli Kuchlar jangovar  qobiliyatini yuksaltirish borasida uzluksiz islohotlar olib borilayotir. Natijada bugungi kunda davlatimiz suverenitetini, chegaralarimiz daxlsizligini, tinchlik-osoyishtaligini ishonchli ta’minlay oladigan, har qanday tahdidlarga qarshi tura oladigan milliy armiyamiz shakllandi.

O‘zbekiston Qurolli Kuchlari dunyoning eng kuchli armiyalari reytingida 145 davlat orasida 62-o‘rinni egallagani fikrimiz dalilidir.

Amudaryo  tuman Mudofaa ishlari bo‘limida ham ishlar bugungi kun talablari darajasida olib borilishi uchun barcha imkoniyatlar safarbar etilayapti.

O‘zbekiston Respublikasi “Umumiy harbiy majburiyat va harbiy xizmat to‘g‘risida”gi Qonuni va Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasi yoshlarni harbiy xizmatga chaqirish tizimini yanada takomillashtirish to‘g‘risida”gi Qarori,  “Chaqiruvga qadar boshlang‘ich tayyorgarlikni tashkil etish va uni amalga oshirish tartibi to‘g‘risida”gi Nizom talablari asosida muayyan ishlar amalga oshirilmoqda.

Bunda  yosh avlodni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, milliy armiyamizning Vatanimiz sarhadlarini sergaklik bilan himoya  qilayotgani, Vatanini asrash har bir o‘g‘lonning burchi ekanligi, mamlakatimizda  uzluksiz harbiy ta’lim tizimida “Temurbeklar maktabi”, Oliy harbiy ta’lim muassasalari faoliyat yuritayotgani, ularda ta’lim  olgan yoshlar harbiy xizmat sohasida ishlab, yurtimiz tinchligini, osoyishtaligini saqlashga munosib hissa qo‘shayotgani keng targ‘ib etilmoqda.

Chaqiruvga qadar boshlang‘ich tayyorgarlik fani o‘qituvchilari bu borada faol mehnat qilishayapti. Ta’lim muassasalarida yoshlarning jismoniy chiniqishi uchun zarur sport jihozlari mavjudligi ularni chaqiriqqacha tayyorlash ishlarini sifatli olib borishga asos bo‘layotir.

Bo‘limimiz tomonidan o‘tgan yil mobaynida umumiy o‘rta ta’lim maktablarida o‘smirlarni chaqiriqqacha tayyorlash bo‘yicha 78 marta tadbirlar o‘tkazildi, shuningdek, baynalmilal jangchilar bilan uchrashuvlar tashkil etildi, “Yosh chegarachilar” harbiylashtirilgan sport musobaqalari o‘tkazildi.

Ushbu musobaqada 6-sonli maktab jamoasi tumanda birinchi, respublikada faxrli uchinchi o‘rinni egalladi.

Yoshlarni uzluksiz harbiy ta’limga jalb qilish borasidagi targ‘ibot ishlari muntazam olib borilayotganligi natijasida 2022 yilda 9 nafar yoshlar Oliy harbiy ta’lim muassasalariga, 8 nafar yoshlar “Temurbeklar maktabi” harbiy-akademik litseylariga o‘qishga qabul qilindilar. Biz ularning kelgusida Qurolli Kuchlarimiz safida sadoqat bilan xizmat qilishiga, mudofaa salohiyati oshishiga hissa qo‘shishiga ishonamiz.

Bo‘limimiz tomonidan armiyamiz saflarini munosib o‘g‘lonlar bilan to‘ldirish maqsadida muddatli harbiy xizmatga chaqiriluvchilar belgilangan tartibda  tanlab olinishiga ulkan e’tibor qaratilmoqda.

Armiya va xalq yakdildir. Shu boisdan  ham 14 yanvar – Vatan himoyachilari kunini xalqimiz keng tantana qiladi.

Tumanimizning butun aholisini  ushbu qutlug‘ kun bilan tabriklayman. Yurtimiz tinch, onalar ko‘ngli xotirjam bo‘lsin!

Sherzod MURODOV,

tuman Mudofaa ishlari bo‘limi boshlig‘i.