AMUDARYO TUMAN IIBDA HISOBOT YIG‘ILISHI BO‘LIB O‘TDI

Туман янгиликлари

Har yilgi an’anaga ko‘ra, joriy yilning 24 yanvar sanasida Amudaryo tuman Ichki ishlar bo‘limida o‘tgan 2022 yilda Ichki ishlar bo‘limi xodimlari tomonidan amalga oshirilgan ishlarga bag‘ishlangan hisobot yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Yig‘ilishda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ichki ishlar vazirining o‘rinbosari G‘ulomjon Eshimbetov, Amudaryo tuman Ichki ishlar bo‘limi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Rahim Jumaboyev, Ichki ishlar bo‘limi xodimlari, joylarga birkitilgan profilaktika inspektorlari va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdilar.

Hisobot yig‘ilishi avvalida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023 yil 20 yanvardagi “Ichki ishlar organlarini xalqchil professional tuzilmaga aylantirish va aholi bilan yanada yaqin hamkorlikda ishlashga yo‘naltirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Qarori mazmun-mohiyatini shaxsiy tarkibga tushuntirish maqsadida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ichki ishlar vazirining o‘rinbosari G‘ulomjon Eshimbetovning ma’ruzasi tinglandi.

G‘ulomjon Eshimbetov o‘z ma’ruzasida Prezidentimizning mazkur Qarorini hayotga izchil tatbiq etish va undan kutiladigan natijalar xususida batafsil so‘z yuritdi. Ichki ishlar organlarining xalqqa yaqinligini ta’minlashda aholi bilan doimiy hamkorlikda ish olib borish, IIB xodimlari bilan xalq diplomatiyasi orqali yuz berishi mumkin bo‘lgan jinoyatlarning, huquqbuzarliklarning oldini olish bo‘yicha qimmatli fikrlarini bayon etdi.

Shuningdek, ushbu Qaror bilan tasdiqlangan to‘rtta ilovada belgilangan keng ko‘lamli vazifalarga to‘xtalib, IIB xodimi uchun o‘ta muhim hisoblangan birinchi ilovadagi asosiy talablar, ichki ishlar organlari xodimlarining kasbiy madaniyati, xizmat intizomi bo‘yicha Kodeksi ham tasdiqlangani to‘g‘risida zarur tushunchalar va ma’lumotlar berdi.

Shundan so‘ng, hisobot yig‘ilishi kun tartibidagi asosiy masala – “2022 yil davomida Amudaryo tuman Ichki ishlar bo‘limi tomonidan jinoyatchilikning oldini olish, huquqbuzarliklar profilaktikasini tashkil qilish borasida amalga oshirilgan ishlar va yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar” yuzasidan Amudaryo tumani Ichki ishlar bo‘limi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Rahim Jumaboyev hisobot ma’ruzasi qildi.

Hisobot ma’ruzasida ta’kidlanganidek, o‘tgan 2022 yil davomida IIBning sohaviy xizmatlari bo‘yicha o‘z faoliyatlarida xato va kamchiliklarga yo‘l qo‘ygan xodimlari keskin tanqid qilinib, ularning o‘z xizmat vazifalarini bajarishda zamon talablaridan kelib chiqib, o‘zgarishlarga erishishlari uchun zarur taklif va tavsiyalar berildi. Xususan, yuqoridagi Prezident Qarorida qayd etilganidek, ichki ishlar organlarini xalqchil professional tuzilmaga aylantirish va xalq bilan doimiy hamkorlikda ishlashga yo‘naltirish yuzasidan masalahat va yo‘l-yo‘riqlar berildi.

Yig‘ilish davomida xizmat vazifalarini sidqidildan ado etib, o‘z faoliyatlarida ijobiy natijalarga erishayotgan, ayniqsa, hududlarga birkitilgan profilaktika inspektorlarining sa’y-harakatlari bilan jinoyatchilikning, huquqbuzarlik holatlarining oldi olinib, aholi bilan hamkorlikni yaxshi yo‘lga qo‘yish orqali muvaffaqiyatlarni qo‘lga kiritayotgan xodimlarga minnatdorchilik bildirilib, ma’naviy rag‘batlantirildilar.

Shuningdek, hisobot yig‘ilishida Amudaryo tuman Ichki ishlar bo‘limi tomonidan 2023 yilda amalga oshirilishi belgilangan ishlar, profilaktik tadbirlar, jinoyatchilik va huquqbuzarlik holatlarining oldini olishga qaratilgan reja ham tasdiqlab olindi.

Robiya YO‘LDOSHЕVA.