O‘TGAN YILI TUMAN DXM TOMONIDAN 60105 TA DAVLAT XIZMATI KO‘RSATILGAN

Туман янгиликлари

Yurtimizning barcha hududlarida davlat xizmatlari markazlari jadal sur’atlarda rivojlanib, ko‘rsatiladigan xizmatlar soni ham tobora ortib bormoqda. Mazkur sohada davlat organlari va boshqa tashkilotlar bilan o‘zaro yaqin hamkorlik tizimi o‘rnatilib, davlat organlari va boshqa tashkilotlar o‘rtasida elektron hujjat aylanishi tartibi joriy qilingani, soddalashtirilgan holda tezkor davlat xizmatlari ko‘rsatilayotgani natijasida fuqarolar va tadbirkorlarga juda katta qulayliklar yaratilmoqda.

Amudaryo tumanida ham Davlat xizmatlari markazi va Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali o‘tgan yil davomida jismoniy va yuridik shaxslar 60105 ta davlat xizmatidan foydalanishgan. Shuningdek, 355 ta yuridik korxonalar, 1276 nafar yakka tartibdagi tadbirkorlar yangidan, 280 ta yuridik korxonalar, 56 nafar yakka tartibdagi tadbirkorlar esa qayta davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan.

Ushbu davr mobaynida ko‘rsatilgan sayyor tartibdagi davlat xizmatlari soni 3338 tani tashkil qiladi. Davlat xizmatlari markazining Xitoy filiali orqali ham 5613 ta davlat xizmati ko‘rsatilgan.

Ma’lumki, Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 28 sentyabr kungi “Fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish tartiblarini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi tegishli Qarori bilan tug‘ilganlikni tibbiyot muassasalari orqali FHDYO bo‘limlarida qayd etish tartibi 2023 yil 1 yanvardan Toshkent shahrida, 2023 yil 1 iyundan esa butun respublika hududida joriy etiladi. O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligining nikoh tuzish va nikohdan ajratishni qayd etish uchun tuman Davlat xizmatlari markazlari orqali arizalarni qabul qilish bo‘yicha esa Sirdaryo viloyatida huquqiy eksperiment o‘tkazilmoqda. Ushbu huquqiy eksperiment 2022 yilning 1 noyabridan boshlangan bo‘lib, 2023 yilning 1 iyulga qadar amalga oshiriladi.

Ta’kidlash joizki, jismoniy va yuridik shaxslarga ko‘rsatiladigan davlat xizmatlari soni yil sayin ortib, takomillashib bormoqda. O‘tgan yil davomida elektron raqamli imzo kalitlarini berish – 15 ming 255 ta, kadastr sohasiga oid xizmatlar – 12 ming 684 ta, bolani davlat maktabgacha ta’lim muassasasiga joylashtirish – 8 ming 965 ta, narkologiya va ruhiy kasalliklar bo‘yicha dispanser hisobida turishi yoki turmasligi to‘g‘risida ma’lumotnoma berishda – 5 ming 948 ta, sudlanmaganlik yoki sudlanganlik to‘g‘risida ma’lumotnoma berishda – 1 ming 602 ta, elektr tarmoqlariga ulanish uchun texnik shartlarni berishda – 1 ming 495 ta davlat xizmatlaridan foydalanilgan.

Mamlakatimizda aholi va tadbirkorlik subyektlariga shaffoflik, qulaylik va soddalashtirilgan holda tezkor davlat xizmatlari ko‘rsatish maqsadida bugungi kunda ko‘rsatilayotgan davlat xizmatlari soni tobora ortmoqda. Joriy yilda ham fuqaro e’tibor markazida tamoyili asosida tuman Davlat xizmatlari markazi tomonidan aholi va tadbirkorlarga qulaylik yaratish maqsadidagi chora-tadbirlar belgilab olindi.

Ayni paytda tuman Davlat xizmatlari markazi orqali ko‘rsatilayotgan barcha xizmatlardan tumanimiz aholisi va tadbirkorlar juda mamnun.

Umida Saparboyeva, tuman DXM xodimi.