DXX chegara qo‘shinlari xodimlari ishtirokida “Vatanni sevmoq – iymondandir!” shiori ostida ma’naviy-ma’rifiy uchrashuv o‘tkazildi

Туман янгиликлари

Ona Vatanni sevish, uning sarhadlari daxlsizligini saqlash – bu shunchaki oddiy tushunchalar emas, balki insonning qoniga, jism-u joniga tutash eng buyuk tuyg‘udir. Vatan sevgisi shuning uchun ham buyukki, ana shu muqaddas zaminda tug‘ilib-o‘sganimiz, qalblarimizni gupirtirgan ezgu orzularimizni emin-erkin amalga oshirishga intilib va bundan zavqlanib yashashga musharraf bo‘lganimiz, osuda tonglarimizning, tinchligimizning bardavomligidan! Ona Yurtga bo‘lgan muhabbat tuyg‘usi bilan yashash esa inson uchun bebaho qadriyat. Shuning uchun ham Vatanni sevish – iymondandir, degan bemisl ulug‘ tushuncha har bir insonga quvvat bag‘ishlaydi.

Joriy yilning 25 yanvar sanasida Amudaryo tumani hududidagi Davlat xavfsizlik xizmati chegara qo‘shinlari harbiy zobitlari, muddatli harbiy xizmat burchini ado etayotgan askarlar, tumanning Qilichboy mavzesidagi umumta’lim maktablari o‘quvchilari, hududda istiqomat qiluvchi yoshlar hamda sobiq afg‘on urushi jangchilari ishtirokida “Vatanni sevmoq – iymondandir” shiori ostida ma’naviy-ma’rifiy uchrashuv o‘tkazildi. Tadbirda Vatanparvarlik, tinchlik va bag‘rikenglik, o‘zaro mehr-oqibat, millatlararo totuvlik tuyg‘ularining buyukligi, xalqlar, millatlar va davlatlar o‘rtasidagi do‘stlik, tenglik, tinchlik tamoyillarining barqarorligini ta’minlashdagi ahamiyati haqida so‘z yuritildi.

Ma’naviy-ma’rifiy tadbirni Davlat xavfsizlik xizmati chegara qo‘shinlari zobiti, podpolkovnik Sanjar Toshmatov harbiy vatanparvarlik, tinchlik va totuvlik, millatlar va davlatlar do‘stligini ulug‘lovchi da’vatkor ma’ruza bilan ochdi hamda yoshlar qalbiga ko‘tarinki ruh bag‘ishlovchi so‘zlari bilan tadbir ishtirokchilarini faollikka undadi.

Harbiy sohada tajribali zobit, podpolkovnik Sanjar Toshmatov ona Vatanni himoya qilishdek eng mas’uliyatli va sharafli kasb egalari bo‘lgan harbiylar, Davlat xavfsizlik xizmati chegara qo‘shinlari saflarida o‘zlarining yigitlik burchlarini matonat bilan ado etayotgan askarlarning Vatan sarhadlarini himoya qilish borasidagi fidoyiliklari xususida yoshlarga so‘zlab berdi.

Uchrashuv tadbirida harbiy zobitlar – 1-darajali kapitan Hoshimjon Toshpo‘latov, serjant Otabek Mahmudovlar yoshlarga o‘zlari faoliyat olib borayotgan harbiy qism tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar, zamonaviy harbiy texnikalar, qurol-aslahalar haqida so‘zlab berishdi.

Shu bilan birga, kelajakda harbiy sohada xizmat qilishni xohlovchi yoshlar uchun mamlakatimizdagi oliy harbiy Akademiya, maxsus harbiy bilim yurtlari, “Temurbeklar maktabi” va ushbu harbiy o‘quv yurtlariga hujjat topshirish qoidalari, jismoniy yetuklik va nazariy bilimlar bo‘yicha sinovlar tartib-qoidalari xususida zarur tushunchalar hamda ma’lumotlar berdilar.

Shundan so‘ng, uchrashuv tadbiriga taklif etilgan sobiq afg‘on urushi ishtirokchilari A.Abdurahmonov, B.Jumaniyozov, X.Saparboyev, S.Xo‘rozov, O.Xo‘janiyozov, R.Xo‘rozovlar bugungi tinch va osoyishta hayot, farovon turmushning qadriga yetish har bir insonning zimmasidagi burchi ekanligini ta’kidladilar. Shu bilan birga, tinchlik va taraqqiyot hokim bo‘lgan mustaqil Vatanda harbiy xizmat burchini o‘tash bugungi yoshlar uchun chin ma’nodagi baxt ekanligini havas bilan e’tirof etdilar.

Tadbir davomida yoshlar sobiq afg‘onchi-jangchilarga o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat qildilar va barcha savollariga batafsil javoblar oldilar. Uchrashuv tadbiri Davlat xavfsizlik xizmati chegara qo‘shinlarining kazarmasida davom ettirilib, bu yerda yoshlar harbiy zobitlar va askarlar uchun yaratilgan sharoitlar va imkoniyatlar bilan yaqindan tanishdilar.

Uchrashuv tadbirida Nukus harbiy prokuraturasi xodimi, katta leytenant Azizjon Karimov ishtirok etdi va Qilichboy mavzesidagi umumta’lim maktablarining yuqori sinf o‘quvchilari bilan samimiy muloqotda bo‘lib, O‘zbekiston Respublikasi sarhadlari daxlsizligini ta’minlashga qaratilgan qonuniy asoslar xususida so‘zlab berdi.

Uchrashuv yakunida sobiq afg‘on urushi ishtirokchilariga sovg‘alar berildi.

Bo‘lib o‘tgan mazkur uchrashuv yoshlar qalbida “Vatanni sevmoq – iymondandir” degan ezgu g‘oyani yanada mustahkamladi.

Robiya Yo‘ldosheva.