Gulzor mahallasida tuman hokimining sayyor qabuli va yoshlar bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi

Туман янгиликлари

Zamonaviy bilim va ko‘nikmalarga ega, mamlakatning munosib kelajagi uchun javobgarlikni o‘z zimmasiga ola biladigan barkamol, maqsadga intiluvchan va serg‘ayrat yoshlarni tarbiyalash mamlakatni barqaror va ildam rivojlantirishning eng muhim shartidir. Mazkur ezgu maqsadni ro‘yobga chiqarish, yoshlarning muammo va takliflarini o‘rganish maqsadida tashkil etilayotgan hokim va yoshlar uchrashuvlari yuqoridagi ustuvor vazifalarni amalga oshirishda muhim vosita bo‘lib xizmat qilmoqda.

26 yanvar kuni Amudaryo tumanining Gulzor mahalla fuqarolar yig‘ini binosida tuman hokimi, 1-sektor rahbari Sultonboy Yo‘ldashevning sayyor qabuli va yoshlar bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

Unda tuman Xalq qabulxonasi bo‘limi mudiri Erkin Rajabov, tuman hokimi o‘rinbosari Mahmud Shermetov, Yoshlar ishlari agentligi tuman bo‘limi boshlig‘i Sardor Ismailov hamda mahallaning faol yoshlari ishtirok etishdi.

Uchrashuvda tuman hokimi Sultonboy Yo‘ldashev so‘nggi yillarda yoshlarning intellektual va ijodiy salohiyatini namoyon qilish, ularning fuqarolik javobgarligini va olib borilayotgan islohotlarga daxldorligini oshirish borasida ulkan ishlar amalga oshirilayotganini ta’kidladi. Shu bilan birga, joylarda yoshlarning ijtimoiy-iqtisodiy faolligini oshirishga, ularni tadbirkorlik faoliyatiga keng jalb qilishga, yosh tadbirkorlarning istiqbolli g‘oyalari va loyihalarini ro‘yobga chiqarishga doir ko‘plab sa’y-harakatlar amalga oshirilayotganini aytib o‘tdi.

Uchrashuvda yoshlar o‘z muammo va takliflari bilan tuman hokimiga murojaat qilishdi. Jumladan, mahallaning faol yoshlaridan Dinora Yangiboyeva o‘zining tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘ymoqchi ekanligini ammo, buning uchun bo‘sh bino zarurligini aytib, tuman hokimiga murojaat qildi.

Shuningdek, yoshlardan Nilufar Tursinbayeva hamda Ozoda Berdiboyevalar oliy ta’lim muassasasida o‘qiyotganligini, ammo oilaviy sharoiti tufayli kontrakt to‘lovini to‘lash muammo bo‘layotganiligini bildirib, amaliy yordam so‘rashdi.

Mahalla yoshlaridan yana biri Dilshodbek Soatboyev esa tuman hokimiga oilaviy sharoitini, aytib haydovchilik guvohnomasini olish uchun badal pullarining qoplab berilishida amaliy yordam so‘radi.

Yoshlardan kelib tushgan murojaatlarning barchasi ijobiy hal etiladigan bo‘ldi. Bu bo‘yicha Yoshlar ishlari agentligi tuman bo‘limi boshlig‘i Sardor Ismailovga hamda Gulzor mahallasining hokim yordamchisi Akbar Rajabovga topshiriqlar berilib, ijrosi nazoratga olindi.

Yig‘ilishda yoshlarning biznes tashabbuslari, Start-up g‘oyalari va loyihalarini ro‘yobga chiqarishga ko‘maklashish hamda qo‘llab-quvvatlash, band bo‘lmagan yoshlarni mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan mutaxassisliklar va biznes yuritish ko‘nikmalariga o‘qitish, umuman yoshlarning ijtimoiy-iqtisodiy faolligini oshirish orqali ularning bandligini ta’minlash muhim vazifalardan biri ekanligi va bu masalaga tuman hokimligi va sektor rahbariyati doimiy e’tibor qaratishi ta’kidlandi.

Uchrashuvda tuman hokimi Sultonboy Yo‘ldashev mamlakatimizda yaratilgan barcha sharoit va imkoniyatlar faqat yoshlar uchunligini ta’kidlab, ularning kelgusi ishlariga omad va zafarlar tiladi.

Tuman hokimligining Axborot xizmati