Tuman Kengashi deputatlari, kotibiyat mudirlari hamda fuqarolar yig‘inlari raislarining bilimlarini oshirishga bag‘ishlangan o‘quv-seminar bo‘lib o‘tdi

Туман янгиликлари

2023 yil 26 yanvar kuni tuman hokimligining majlislar zalida Xalq deputatlari tuman Kengashi deputatlari, ovul va mahalla fuqarolar yig‘inlari raislari, ommaviy axborot vositalari ishtirokida o‘quv-seminar bo‘lib o‘tdi.
O‘quv-seminarni tuman hokimining birinchi o‘rinbosari Rashid Salayev ochdi va olib bordi. Seminardan ko‘zlangan maqsad, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 20 dekabr kungi Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga Murojaatining mazmun-mohiyatini tushuntirish shuningdek, deputatlarning qonuniy xuquqi va majburiyati, ommaviy axborot vositalari bilan ishlashish metodlari, fuqarolar yig‘inlari raislarining jismoniy va yuridik shaxslar murojaatlari bilan ishlashish jarayonida  ahamiyat qaratilishi lozim bo‘lgan jihatlar bo‘yicha bilim va ko‘nikmalarni yanada mustahkamlashdan iboratdir. Seminarda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 20 dekabr kungi Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga Murojaatining mazmun-mohiyati to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kengashi ijroiy qo‘mitasi devonining deputatlar, deputatlik birlashmalari va boshlang‘ich partiya tashkilotlari bilan ishlash bo‘lim boshlig‘i Majid Murzambetov ma’ruza qildi.
U o‘z nutqida muhtaram Prezidentimiz Murojaatnomada oltita yo‘nalishda  amalga oshirish zarur bo‘lgan eng muhim islohotlarni ilgari surganligini bularning barchasi Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot yo‘lida muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladi. Shuningdek, 2023 yildan maktab ta’limini xalqaro ta’lim dasturlari asosida butunlay isloh qilish kelasi besh yilda  ularning soni bir mingtaga yetkazilishi ishonchli kelajak, yosh avlodning porloq hayoti uchun tikilgan investitsiya ekanligini aytib o‘tdi.
Yig‘ilishda deputatlarning qonuniy xuquqi va majburiyatlari  yuzasidan Kengash ijroiy qo‘mitasi devoni mafkuraviy va ma’naviy-ma’rifiy masalalar bo‘yicha bosh mutaxassis Muxamedali Tursinbayev ma’ruza qildi.
Qayd etib o‘tilganidek, deputat o‘z faoliyatida jamiyatda umumiy qabul qilingan odob-axloq prinsiplariga qat’iy rioya etishi, fuqarolarning, mansabdor shaxslarning huquqlari, sha’ni, qadr-qimmatini yoki ishchanlik obro‘sini hurmat qilishi, shuningdek deputat nomiga dog‘ tushiradigan va O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi nufuziga, umuman davlat manfaatlariga putur yetkazadigan xatti-harakatlardan o‘zini tiyishi lozim.
Undan tashqari, deputat o‘z vazifalarini vijdonan va halol bajarishi, o‘z malakasini yuqori darajada tutib turishi, o‘zining nazariy bilimlari va amaliy ko‘nikmalarini takomillashtirib borishi kerak.
Seminarda deputatlarning ommaviy axborot vositalari bilan ishlashish metodlari yuzasidan esa Kengash raisining axborot siyosati masalalari bo‘yicha maslaxatchisi Mirzaxmet Tajimuratov ma’ruza qildi.
Ta’kidlanganidek, deputat ommaviy axborot vositalarida, matbuot konferensiyalarida, boshqa jamoat tadbirlaridagi chiqishlarida, omma oldidagi bayonotlarida davlat organlari va boshqa organlarning, tashkilotlarning, mansabdor shaxslarning va fuqarolarning faoliyatini sharhlaganda o‘z nutqida ularning sha’ni va qadr-qimmatiga putur yetkazadigan qo‘pol, haqoratomuz ibora va so‘zlarni qo‘llashga, asossiz ayblovlarga yo‘l qo‘yishga, bila turib yolg‘on va noto‘g‘ri axborotdan foydalanishga, qonunga xilof xatti-harakatlarga da’vat etishga haqli emas.
Seminar davomida fuqarolar yig‘inlarining aholi murojaatlari bilan ishlash tartibi haqida ham so‘z yuritildi. Kun tartibidagi mazkur masala yuzasidan tuman Adliya bo‘limi xodimi Jurat Avezov ma’ruza qilib “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasining Qonuni ijrosini to‘liq ta’minlash lozim ekanligini qayd etib o‘tdi.
Seminarda tuman hokimligining tashkiliy-nazorat guruhi yetakchi mutaxassisi Azat Almuratov Fuqarolar yig‘inlarining boshqaruv tartibi va hujjatlar bilan ishlash yo‘nalishida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan tartib va qoidalar bilan barchani yaqindan tanishtirib o‘tdi.
O‘quv-seminar davomida deputatlar hamda mahalla raislarining siyosiy bilimlari yanada oshirildi.
 Ular seminar tashkilotchilariga o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat qilib tegishlicha javoblar olishdi.

Tuman hokimligining Axborot xizmati.