“Besh tashabbus – yoshlarga qanot” loyihasi doirasida o‘tkazilgan insholar tanlovi g‘oliblari rag‘batlantirildi

Туман янгиликлари

Prezidentimiz tomonidan yoshlar hayotiga keng joriy etilgan besh muhim tashabbus doirasida amalga oshirilayotgan keng qamrovli ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar yoshlarning ijtimoiy faolligini oshirish, o‘z qobiliyatlarini amalda namoyon etishlari uchun ulkan imkon eshiklarini ochib berganligi blian muhim ahamiyat kasb etmoqda. Bu borada “Mening oilam” gazetasi tahririyati ijodiy jamoasi tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar e’tiborga molik.

Tahririyat O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi tomonidan moliyalashtirilgan “Nogironligi bo‘lgan shaxslarni ijtimoiy-ma’naviy qo‘llab-quvvatlash” mavzusidagi tanlovning “Nogiron yoshlar orasida besh tashabbus tamoyillarini keng joriy etish, ularni ijtimoiy-ma’naviy yuksaltirish” yo‘nalishida “Besh muhim tashabbus – yoshlarga qanot” loyihasi bilan ishtirok etib, mazkur fondning grant sohibi bo‘lgan edi.

Gazeta tahririyati tomonidan besh muhim tashabbus doirasida o‘quv muassasalarida ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar tashkil etilib, unda nogironligi bo‘lgan o‘quvchi-yoshlarning faol ishtiroki ta’minlanmoqda.

Joriy yilning yanvar oyi davomida birinchi tashabbus doirasida nogironligi bo‘lgan yoshlarning adabiyotga bo‘lgan qiziqishini oshirish va iste’dodlarini yuzaga chiqarish maqsadida “Men o‘qigan asar qahramoni” mavzusida insholar tanlovi o‘tkazildi. Insholar tanlovida Amudaryo tuman Xalq ta’limi  bo‘limi tasarrufidagi umumta’lim maktablarining nogironligi bo‘lgan, uyda ta’lim olayotgan 20 nafarga yaqin o‘quvchi-yoshlari ishtirok etishdi.

“Besh tashabbus – yoshlarga qanot” loyihasi doirasidagi insholar tanlovini o‘tkazuvchi hakamlar hay’ati a’zolarining xulosasiga ko‘ra, 20-sonli maktab o‘quvchisi San’atbek Rajabov qiyinchiliklarga sabr-bardoshli bo‘lishga undovchi fikrlari uchun 1-o‘ringa munosib ko‘rildi. 65-sonli maktab o‘quvchisi Sevara Safarboyeva yozgan insho xalq og‘zaki ijodiga cheksiz mehri uchun hamda 13-sonli umumta’lim maktabining 10-sinf o‘quvchisi Sevara Xolboyeva ona yurtga muhabbat tuyg‘usi ulug‘langan asar qahramonining  fazilatlarini keng yoritgani uchun 2-o‘ringa, 42-sonli maktab o‘quvchisi Kumushoy Quvvatova A.Navoiy dahosiga mehr tuyg‘usi uchun, 5-sonli maktab o‘quvchisi Bunyodbek Tojiboyev, 2-sonli maktab o‘quvchisi Xursand Sobirov yozgan insholar esa yovuzlikka nafrat, yaxshilik va ezgulikni ulug‘lash to‘g‘risidagi fikrlari bilan madaniyatli kitobxon yo‘nalishida 3-o‘ringa munosib ko‘rildi.

Shuningdek,50-sonli maktab o‘quvchisi Gulnoza Yursinova, 32-sonli maktab o‘quvchisi Zafar Primbetov, 42-sonli maktab o‘quvchisi Og‘abek To‘raboyev, 10-sonli maktabdan Tursunoy Murodova, Shahzoda Bozorboyeva, 2-sonli  maktabdan Alibek Bekchanov, 11-sonli maktabdan Oxunjon Gulmirzayev, 11-sonli maktabdan Sohiba Hayitboyeva, Jasurbek Yo‘ldoshev, Asadbek Baxtovlar yozgan insholar to‘g‘rilik va rostgo‘ylik, tabiatga, hayvonot dunyosiga  mehr tuyg‘ulari ulug‘langan insholar sifatida e’tirof etildi.

Barcha yo‘nalishlar bo‘yicha g‘oliblar “Mening oilam” gazetasi tahririyati tomonidan rag‘batlantirilib, sovg‘alar taqdim etildi.

Robiya YO‘LDOSHЕVA.