QILICHBOYDA NAVRO‘Z TANTANALARI

Туман янгиликлари

Xalqimizning qadim tarixi va madaniyatining uzviy qismi bo‘lgan Navro‘zi olam tantanalarini doimo orziqib, intiqib kutishimiz, unga talpinishimiz bejiz emas. Boisi, Navro‘z – birdamlik, tinchlik, totuvlik, do‘st-birodarlikni o‘zida ifoda etuvchi xalqchil bayramdir. Bayram bahona bir-birovni yo‘qlash, sumalak, go‘ja, palov kabi milliy taomlar bilan do‘st-yoronlarni mehmon qilish, bemor, keksalar holidan xabar olish, muhtojlarga mehr-muruvvat ko‘rsatib, ko‘nglini olish – ushbu qutlug‘ kunda amalga oshiriladigan qadimiy odatlarimizdandir.

Xalqi mehnatkash, tanti Qilichboy ovulida ham bayram munosabati bilan tadbir tashkillashtirildi. Unga ovulda istiqomat qiluvchi ulug‘ yoshli nuroniylar, o‘g‘il-qizlarini odobli, ilmli qilib voyaga yetkazgan ibratli onalar, turli jabhalarda mehnat qilayotgan fidoyi insonlar, yoshlar ishtirok etdilar.

Ovul fuqarolar yig‘ini binosi oldidagi bayramona bezatilgan ulkan maydonchaga yig‘ilgan aholini ovul fuqarolar yig‘ini raisi Bahrom Qodirov, raisning keksalar ishlari bo‘yicha o‘rinbosari Amina Yusupova, ovul yoshlari yetakchisi Jasur Otamurodovlar qizg‘in tabriklab, ezgu tilaklarini bildirdilar.

Davrada hududdagi davlat va xususiy maktabgacha ta’lim, umumiy o‘rta ta’lim muassasalari xodimlari tomonidan dasturxon yozilib, bahoriy taomlar, chevar va pazanda qizlar tayyorlagan turli pishiriqlar tortildi.

22-, 27-sonli maktabgacha ta’lim tashkilotlari, 15-, 69-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktablari o‘quvchilari ishtirokida tayyorlangan “Xush kelibsan, Navro‘zi olam!” deb nomlangan teatrlashtirilgan bayram dasturi yig‘ilganlarga cheksiz taassurotlar hadya etdi.

Jajji qizaloqlarning xalqimizning milliy kiyimlarida quvnab raqsga tushishlari, ona yurtimizni, tinchligimizni, yasharish, yangilanish fasli – bahor, Navro‘zni madh etuvchi she’r, qo‘shiqlar ijro etishi hech kimni e’tiborsiz qoldirmadi.

Amudaryo tumani Madaniyat bo‘limi xodimlari chiqishlaridan so‘ng, bayram tadbiri Muyassar Matyoqubova rahbarlik qilayotgan xususiy maktabgacha ta’lim tashkilotida tashkillashtirilgan “Sumalak sayli” bilan davom etdi.

Muassasa xodimlari ovulning nuroniy onaxonlari maslahat va ko‘rsatmalariga muvofiq sumalak qaynatayotgan ulkan doshqozon atrofida o‘yin-kulgular uzoq davom etdi.

Navro‘z bayrami munosabati bilan tashkillashtirilgan tadbirlar qilichboyliklarga xush kayfiyat, ko‘tarinki ruh baxsh etdi. Ular bayram tashkilotchilari – ovul fuqarolar yig‘ini, ovuldagi maktabgacha ta’lim tashkilotlari, umumiy o‘rta ta’lim maktablari, Qilichboy Madaniyat markazi mas’ullariga ulkan minnatdorchilik bildirishdi.