DO‘RMAN OVULIDA “ASSALOM NAVRO‘Z!” DЕB NOMLANGAN NAVRO‘Z SAYLI O‘TKAZILDI

Туман янгиликлари

O‘lkamizda so‘lim bahor. Hammayoqda go‘zallik, yangilanish, yasharish. Yoshu-qari, barcha-barchaning qalbida shodlik, bayramona quvonch. Yurtimizning har bir go‘shasida, har bir ovul va mahalla, xonadonlarda Navro‘z shukuhi. Shunday shodiyona kunlarda sho‘x kuy va qo‘shiqlar yanada avjida.

Barcha joylarda bo‘lgani kabi Amudaryo tumanining chekka hududlaridan bo‘lgan Do‘rman ovulidagi 20-sonli maktabda ham “Assalom, Navro‘z!” deb nomlangan katta bayram sayli o‘tkazildi. Sayilga maktab o‘qituvchi va o‘quvchilari, faxriylar, ovul aholisi tashrif buyurishdi.

Tadbirni maktab direktori Jahongir Matnazarov ochib berdi va do‘rmanliklarni bayram bilan muborakbod etdi. U o‘z so‘zida Navro‘z tarixi haqida gapirib, fors tojik tilidan olingan Navro‘z so‘zi yangi kun, degan ma’noni anglatishini, O‘rta Osiyo va Yaqin sharq xalqlarining qadimiy an’anaviy yangi yil bayrami hisoblanishini aytib o‘tdi.

Ta’kidlanganidek, Navro‘z juda qadimdan nishonlana boshlagan. Navro‘z bahorgi tun va kunning tengligiga, ya’ni 21-22 martga to‘gri keladi. Sharq xalqlarining azaliy va milliy bayrami bo‘lgan Navro‘z 4 ming yilik tarixga ega. Navro‘zning kelib chiqishi va shakllanishiga oid qimmatli manbalar Zardushtiylik muqaddas kitobi hisoblangan “Avesto”, mashhur qomusiy olim Abu Rayhon Beruniy, Umar Xayyom, Abdulqosim Firdavsiy, Nasiriddin Rabg‘uziy, Yusuf Xos Hojib, Alisher Navoiy kabi mutafakkirlarimizning qimmatli ma’lumotlarda keltirilgan. Navro‘z – muhabbat, do‘stlik, poklik va insonparvarlik ayyomi sifatida ulug‘lanadi.

Do‘rman ovulida o‘tkazilgan Navro‘z tantanasida maktab o‘quvchilari tomonidan tayyorlangan musiqiy dastur namoyish etildi. Bahoriy liboslar kiygan qizlar ijrosidagi raqslar, kuy va qo‘shiqlar bayramga fayz kiritdi. Dastur davomida davraga Navro‘zoyning kirib kelgani tomoshabinlarni yanada quvonchga to‘ldirdi. U har bahorda Navro‘z tantana qilishini aytib, yashnash, yasharish bayrami tabiatning uyg‘onishi bilan bog‘liq ushbu yangi kunning boshlanishi bilan barchani muborakbod etdi. Shu bilan birga bahordagi bu an’ana xalqimizni hech qachon tark etmaganini, aksincha Navro‘z sayli yil sayin takomillashib, sayqallanib, boyib borganini e’tirof etdi.

Navbat adras-u atlaslar makoni Marg‘ilon joylashgan vodiyga xos milliy ohanglar, kuy va qo‘shiqlarga berilganida tomoshabinlarning ham zavqi oshdi, sayilga kelganlar davrani to‘ldirib, raqsga tushishdi. Bu hammaga yanada ko‘tarinki va bayramona ruh baxsh etdi.

Bayram tadbiri davomida xalqimizda kelayotgan qadimiy udumlar ham ko‘rsatib berildi. Beshik bilan bog‘liq bo‘lgan xalqimiz an’analari, beshik to‘yi, chaqaloqni beshikka belash marosimi namoyish qilindi. Kelinchaklarning yal-yal yonib turgan liboslari, buvijonlar kiygan qadimiy kiyimlar, qizlarga yarashgan qirq kokillar bu qadimiy bayram ko‘rkiga ko‘rk qo‘shdi. Yangragan allalar, laparlar va yor-yorlar, yigit-qizlar aytishuvlari millatimiz navqironligini o‘zida aks ettirdi.

Sayilga kelganlarga bayramona bezatilgan dasturxonlardagi milliy taomlardan, Navro‘zning shoh taomi – sumalaklar ulashildi. Ovul ahli birdamlik, hamjihatlikda va ko‘tarinki ruhda qadimiy bayramni nishonladi. Do‘rmandagi ushbu sayilda butun el bahor tashrifini, Navro‘z shukuhini birdek his qildi.

O.Xudoyberganova.