YO‘LLARDA QOIDABUZARLIKLARGA QARSHI KURASHNING YANGI TIZIMI JORIY ETILDI

Туман янгиликлари

Mamlakatimizda avtotransport vositalarini boshqarayotgan haydovchilarning yo‘l harakati qoidalariga amal qilmay, tezlikni me’yordan oshirishi yoki yo‘l belgilariga bo‘ysunmasligi oqibatida yo‘l-transport hodisalari tobora ko‘paymoqda. Buning oqibatida beayb insonlarning jabr ko‘rayotgani esa juda achinarli.

Yurtimiz hududlarida 2022 yilda 2356 nafar fuqarolar yo‘l-transport hodisalari oqibatida vafot etgan. Ularning orasida bolalar, hatto go‘daklar ham bor. Buningdek holatlarning kamayishiga erishish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vaziri o‘rinbosarining farmoyishiga ko‘ra yo‘l-transport hodisalarining oldini olishga sinov tariqasida yangi tizim – “Mahallabay” tizimi joriy etilmoqda. Hududlarda yo‘l-transport hodisalarining barvaqt oldini olish, yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash va qoidabuzarliklarga qarshi kurash samaradorligini oshirish maqsadida joriy etilayotgan ushbu yangi tizimda yo‘l patrul xizmati xodimlari hududdagi kriminogen vaziyat, transport vositalari soni, aholi soni, avtomobil yo‘llarining uzunligi, transport vositalarining oqimi, ijtimoiy obyektlar soniga qarab biriktiriladi va faoliyati doimiy nazorat qilib boriladi.

Amudaryo tumani hokimligi majlislar zalida hududlarda yo‘l-transport hodisalarining barvaqt oldini olish, yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash va qoidabuzarliklarga qarshi kurashish bo‘yicha “Mahallabay” ishlash tizimi joriy etilayotganligi munosabati bilan yig‘ilish o‘tkazildi.

Yig‘ilishda tuman hokimi Sultonboy Yo‘ldoshev, Qoraqalpog‘iston Ichki ishlar vazirligi yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi boshlig‘i podpolkovnik Salauat Kazbekov, tuman Ichki ishlar bo‘limi boshlig‘i Jamoladdin Yusupov, bo‘lim yo‘l-patrul xizmati xodimlari, profilaktika inspektorlari, mahalla fuqarolar yig‘inlari raislari, huquqni muhofaza qilish idoralari vakillari qatnashdilar.

Yig‘ilishni tuman hokimi Sultonboy Yo‘ldoshev ochdi va kun tartibida ko‘rilayotgan masaning muhim ahamiyatga egaligini ta’kidladi.

Shundan so‘ng Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi boshlig‘i, podpolkovnik Salauat Kazbekov so‘zga chiqib, yo‘l-transport hodisalarining barvaqt oldini olish, yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash va qoidabuzarliklarga qarshi kurashish bo‘yicha joriy etilayotgan yangi tizim bo‘yicha keng tushuntirish berdi.

Yig‘ilishda hududlarga birkitilgan 10 nafar yo‘l-patrul xizmati xodimlarga yuklanadigan vazifalar xususida to‘liq ma’lumotlar berildi. Mahallalardagi kriminogen vaziyatni barqarorlashtirish, yo‘l infratuzilmasi ahvolini o‘rganish va nazorat qilish, ijtimoiy obyektlardagi harakat xavfsizligini ta’minlash, hududlar bo‘yicha o‘z vaqtida profilaktik tadbirlarni tashkillashtirish, haydovchilarni tayyorlashni nazorat qilishning sinov tariqasida joriy etilayotganligi – yo‘l-transport hodisalari va ular oqibatida insonlarning jabrlanishining oldini olishga qaratilganligi bayon etildi.

Yig‘ilishda ko‘rilgan masalalar yuzasidan tegishli qarorlar qabul qilindi.

O.RAJABOVA.