“XAVFSIZ HAYOT UCHUN!” SHIORI OSTIDA VЕLOMARAFON O‘TKAZILDI

Туман янгиликлари

Dunyoning turli burchaklarida urush-nizolar, davlatlararo munosabatlarda ziddiyatlar kuchayayotgan bugungi kunda yoshlarning ong-shuurini, tafakkurini to‘g‘ri shakllantirish, ularni ham ruhan, ham jismonan barkamol qilib voyaga yetkazish dolzarb vazifaga aylangan. Chunki kelajak – yoshlarniki. Ularni o‘z Vataniga sodiq, ota-onasi, oilasi, chor-atrofidagi odamlarga mehrli, el xizmatiga kamarbasta, fidoyi qilib voyaga yetkazish – yurtimiz tinch-osuda, obod, farovon bo‘lishini ta’minlaydi.

Ilmli, intiluvchan, yurtiga xizmat qilishga shay avlodni voyaga yetkazishda, ularni yot g‘oyalardan, illatlardan asrashda sog‘lom turmush tarzining o‘rni alohidadir. Sog‘lom turmush tarzi jismoniy faollik bilan uzviy bog‘liq.

Shularni inobatga olgan holda Amudaryo tumani hokimligi, Yoshlar ishlari agentligi tuman bo‘limi Ichki ishlar bo‘limi va tuman Bolalar-o‘smirlar sport maktabi hamkorligida “Xavfsiz hayot uchun!” shiori ostida velomarafon o‘tkazildi.

Aslini olganda bahor faslining ajib tarovati, ona zamin bag‘ridan maysalarning unib chiqish-yu chor-atrofimizni qurshagan dov-daraxtlarning yashil libos kiyib, tabiatning o‘zgacha ko‘rkamlik kashf etishi kishi ko‘ngliga ajib bir masrurlik baxsh etadi, har bir kuni qutlug‘ kunday, bayramday taassurot uyg‘otadi odamda.

Ana shunday shukuhli damlarda tumanimizning barcha ovul va mahallalaridan kelgan 700 nafardan ortiq yoshlarni, o‘smirlarni birlashtirgan velomarafon ham haqiqiy shodiyonaga aylanib ketdi. Bir safga tizilgan musobaqa ishtirokchilarini tuman Ichki ishlar bo‘limi boshlig‘i Jaloladdin Yusupov, yo‘l harakati xavfsizligi bo‘limi boshlig‘i Murat Mirzamuratov, Yoshlar ishlari agentligi tuman bo‘limi boshlig‘i Sardor Ismoilov, Bolalar-o‘smirlar sport maktabi direktori Chorsham Tojimurodovlar g‘oliblik uchun kuch sinashishga kelganliklari bilan qutladi.

“Xavfsiz hayot uchun” shiori ostida sog‘lom turmush tarzi tamoyillari asosida jismoniy barkamolligini namoyish etishga chog‘langan velosport ishqibozlariga muvaffaqiyatlar tiladilar. Musobaqaga start berilishi yoshlarning shodon qiyqiriqlari bilan olqishlandi. Velomarafonchilar O‘rta qal’a ovulining “Vaxum” aholi punktidan Do‘stlik mahallasi hududiga – tuman hokimligi binosigacha bo‘lgan yo‘lda g‘oliblik uchun o‘zaro bellashdilar.

Eng chaqqon, eng intiluvchan velosipedchilarning marra chizig‘iga yetib kelishi qarsaklar bilan olqishlandi.

Velomarafon g‘oliblari shu yerning o‘zida taqdirlandi. Ularni tuman hokimi Sultonboy Yo‘ldoshev, Ichki ishlar bo‘limi boshlig‘i Jamoladdin Yusupovlar qizg‘in qutladilar va barcha ishtirokchilarga ham minnatdorchilik bildirdilar.

Velomarafon g‘oliblariga musobaqa tashkilotchilarining qimmatbaho sovg‘alari topshirildi.

“Xavfsiz hayot uchun!” Ushbu shiorning o‘zi barcha ishtirokchilarga ko‘tarinki kayfiyat va motivatsiya berdi, sog‘lom, xavfsiz hayot kechirishga rag‘batlantirdi.

Oygul RAJABOVA.