AMUR TЕMUR NOMLI OVUL YOSHLARI O‘RTASIDA JINOYATCHILIKNING OLDINI OLISHGA BAG‘ISHLANGAN TADBIR O‘TKAZILDI

Туман янгиликлари

Yoshlar ma’naviyatini yuksaltirish, ular ongida Vatanga muhabbat, milliy-ma’naviy va umuminsoniy qadriyatlarga sadoqat ruhini shakllantirish, ularning bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazishga ko‘maklashish hamda o‘sib kelayotgan yosh avlodni mafkura maydonining turli xurujlaridan himoya qilish, ayniqsa, yoshlarning ma’naviy-ruhiy va intellektual salohiyatini oshirish, jamiyatda ijtimoiy-ma’naviy muhitni sog‘lomlashtirishga hissa qo‘shish maqsadida “Mening oilam” gazetasi tahririyati ijodiy jamoasi tomonidan ta’lim muassasalarida va jamoat tashkilotlarida turli xil mavzularda davra suhbatlari, insholar tanlovlari, targ‘ibot tadbirlari o‘tkazilmoqda.

Ana shunday tadbirlardan biri “Yuksak ma’naviyatli va axloqiy yoshlar – kelajak poydevori” grant loyihasi doirasida Amir Temur nomli ovul fuqarolar yig‘ini binosida ham o‘tkazildi. Unda fuqarolar yig‘ini mas’ullari, “Mening oilam” gazetasi tahririyati ijodkorlari, ovul faollari va yoshlar ishtirok etdilar.

Tadbirda “Jaholatga qarshi - ma’rifat” tamoyili asosida yoshlar o‘rtasida jinoyatchilikning oldini olish, jinoyat sodir qilishga moyil, muqaddam sudlangan va jinoyat sodir qilgan shaxslar bilan ishlashish borasida Amir Temur nomli ovul fuqarolar yig‘ini mas’ullari tomonidan amalga oshirilayotgan ma’naviy-tarbiyaviy targ‘ibot ishlari xususida Amir Temur nomli OFY raisi Oybek Yusupov batafsil ma’lumot berib, hudud bo‘yicha profilaktika isnpektori, xotin-qizlar faoli, nuroniylar masalalari bo‘yicha OFY raisining o‘rinbosari hamda yoshlar yetakchisi bilan hamkorlikdagi huquqiy-tarbiyaviy tadbirlarning ijobiy natijalari haqida qisqacha to‘xtalib o‘tdi.

Shundan so‘ng, “Yuksak ma’naviyatli va axloqli yoshlar – kelajak poydevori” loyihasi koordinatori, Qoraqalpog‘iston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan jurnalist Robiya Yo‘ldosheva “Mening oilam” gazetasi tahririyati ijodiy jamoasi tomonidan hududlarda amalga oshirilayotgan huquqiy-tarbiyaviy targ‘ibot tadbirlari, ovul va mahalla fuqarolar yig‘inlari va boshqa nodavlat tashkilotlar bilan hamkorlikda tashkillashtirilayotgan davra suhbatlari, oshkora va samimiy muloqot tarzidagi uchrashuvlarning yoshlar hayotida tutgan o‘rni hamda kutilayotgan natijalar xususida ma’ruza qildi.

Tadbir davomida hududiy profilaktika inspektori Behzod Norboyev ovul yoshlari o‘rtasida har haftada tashkillashtirilayotgan tarbiyaviy suhbatlar, ayniqsa, yoshlarning bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazishga qaratilgan kompleks chora-tadbirlar tufayli jinoyatchilik va huquqbuzarlik holatlari kamaygani xususida to‘xtalib, hudud faollari bilan hamkorlikdagi ishlar yaxshi natija berayotganini alohida ta’kidladi.

Haqiqatan ham ovulda yoshlar o‘rtasida jinoyatchilikning oldini olish, jinoyat sodir qilishga moyil, muqaddam sudlangan va jinoyat sodir qilgan shaxslar bilan ishlashish jarayonida sezilarli natijalarga erishilmoqda. Ayniqsa, jinoyat qilishga moyil, muqaddam sudlangan, ayni paytda probatsiya tartikida hisobda turgan shaxslar bilan muntazam ravishda o‘tkazilayotgan tarbiyaviy suhbatlar o‘zining ijobiy natijasini bermoqda.

Tadbirda qilgan jinoyati tufayli muqaddam sudlangan shaxslar, aka-uka Nursulton va Nurmuxan Shomurodovlar ham ishtirok etishib, hamqishloqlari oldida qilgan jinoyatlaridan pushaymon ekanliklarini bildirishdi.

Ayni paytda probatsiya tarkibida hisobda turuvchi Nursulton va Nurmuxan Shomurodovlar “egilgan boshni qilich kesmaydi” degan xalq o‘gitiga amal qilishib, hamqishloqlariga chin dildan pushaymonlik bilan boshqa bunday noma’qul ishga qo‘l urmasliklarini bildirib, kechirim so‘rashdi.

Tadbirda so‘zga chiqqan ovul faollaridan biri, keksa onaxon Amina momo Norboyeva “bir bolaga yetti mahalla ota-ona” ekanligini aytib, xato qilgan yoshlarni to‘g‘ri yo‘lga solish, ularning hayotlari izga tushib ketishiga ko‘maklashish barchaning zimmasidagi mas’uliyat ekanligini ta’kidladi.

Bo‘lib o‘tgan tadbir yuksak ma’naviyatli va axloqli yoshlarni tarbiyalash, ovul yoshlari bilan ishlashish bo‘yicha hududiy profilaktika inspektorining muqaddam sudlangan va jinoyat qilishga moyil shaxslarning ovul faollari ishtirokidagi oshkora muloqot tarzidagi uchrashuvlari mazmun-mohiyati jihatidan ibratga munosib ekanligi bilan muhim ahamiyat kasb etdi.

Ravshan Bahromov, Mahmudjon Shomurodov