Xitoy ovul fuqarolar yig‘inida Navro‘z bayrami bo‘lib o‘tdi

Туман янгиликлари

Bahor va tabiat uyg‘onishining timsoli, sharqona yangi yilning boshlanishi bo‘lgan Navro‘zi olamni baland ruh va katta shodiyona bilan nishonlash azal-azaldan el-yurtimiz uchun go‘zal an’ana hisoblanadi. Xalqimizning ko‘p asrlik ezgu qadriyatlarini, uning orzu-intilishlarini o‘zida mujassam etgan ushbu qutlug‘ ayyom mustaqillik yillarida mamlakatimizda yashayotgan turli millat va elatlarga mansub barcha vatandoshlarimiz uchun umumxalq bayramiga aylandi. Ushbu ayyom mamlakatimizda har yili milliy qadriyat va urf-odatlarimizga uyg‘un tarzda nishonlanib kelinadi.

Jumladan, bayram shodiyonasi Amudaryo tumanining har bir mahalla va ovullarida ko‘tarinki ruhda, yuqori saviyada o‘tkazildi. Xitoy ovulidagi Navro‘z saylida ovul hududida istiqomat qiluvchi yetti yoshdan yetmish yoshgacha bo‘lgan barcha faol ishtirok etishdi.

Navro‘z saylida Xitoy ovul fuqarolar yig‘ini raisi Davlatboy Atajanov barchani yangilanish va yasharish faslida yangi kun, yangi yil, yangi hayot sifatida kirib kelayotgan qutlug‘ bayram bilan tabrikladi. Shuningdek, ta’lim faxriysi, taniqli ijodkor Tursunboy Abdullayev ovuldoshlarini bayram bilan samimiy qutladi. Ularning oilasiga tinchlik, xotirjamlik, qut-baraka tiladi.

So‘zga chiqqanlar yurtimizda hukm surayotgan tinchlik, do‘stlik va birodarlik tuyg‘ularini mustahkamlash, xalqimiz, avvalo, yosh avlodimiz qalbi va ongida Vatanimizning buguni va kelajagiga daxldorlik tuyg‘usini kuchaytirishda Navro‘z bayramining ahamiyati tobora ortib borayotganligini ta’kidlab o‘tdilar.

Mahallaning hoji otaxon va onaxonlari, yoshi ulug‘ nuroniylar, tengdoshlariga o‘rnak bo‘layotgan yoshlarning tabrik so‘zlaridan so‘ng, bayramona konsert dasturi namoyish etildi.

Maktabgacha ta’lim tashkiloti tarbiyalanuvchilari, umumta’lim maktablari o‘quvchilari ishtirokida tayyorlangan badiiy chiqishlarda Navro‘zi olamning ruhi va falsafasida mujassam bo‘lgan yaxshilik va bag‘rikenglik, ahillik va hamjihatlik, atrof-muhitni ko‘z qorachig‘idek asrab-avaylash kabi olijanob g‘oyalar aks etdi. El-yurtimiz yasharish va yangilanish, mehr-oqibat fasli sifatida e’zozlaydigan, Birlashgan Millatlar Tashkiloti tomonidan xalqaro bayram deb e’tirof etilgan Navro‘zning ma’naviy hayotimizdagi ulkan o‘rni va ta’siri xitoyliklarning yuz ifodalarida yoqqol namoyon bo‘ldi.

Navro‘z saylida milliy o‘yinlarimiz, urf-odatlarimiz namoyish etilib, fasli navbahorni, Navro‘zni tarannum etuvchi go‘zal kuy-qo‘shiqlar kuylandi, raqslar ijro etildi.

Bayramda jamiyat va davlat hayotida faollik va tashabbuskorlik ko‘rsatgan, o‘zining fidokorona mehnati bilan ibratli faoliyat olib borayotgan, yurtimiz rivojiga o‘zining munosib hissasini qo‘shib kelayotgan, shuningdek oilaviy qadriyatlarni mustahkamlashga, ma’naviy-axloqiy muhitni sog‘lomlashtirish ishlarida o‘zining hayotiy tajribalari bilan faol ishtirok etib kelayotgan mehnat faxriylariga homiylar tomonidan esdalik sovg‘alari topshirildi.

Shuningdek, bayram tadbirida o‘z iste’dodi va qobiliyatlarini namoyish etib, faol qatnashgan maktab o‘quvchilari va tarbiyalanuvchilarga ham esdalik sovg‘alari ulashildi.

Har yildagidanda o‘zgacha kayfiyat va ko‘tarinki ruhda nishonlanayogan Navro‘z qalblarni birlashtirdi. Darhaqiqat, yurtimizga go‘zallik va nafosat, yasharish va yangilanish, mehr va oqibat bayrami – Navro‘z kirib kelar ekan, dala va qirlarimiz, bog‘ va yaylovlarimiz ko‘klam yomg‘irlari – obirahmatdan bahramand bo‘lib, bo‘lg‘usi mo‘l hosil, qut va barakadan darak bermoqda.

 Har bir inson o‘zining tabiat farzandi ekanini yanada chuqur anglayotgan mana shunday munavvar ayyomga el-yurtimiz bilan sog‘-omon yetganimiz uchun shukronalar aytmoqda.

Tuman hokimligining Axborot xizmati.