TO‘LQIN OVULIDA NAVRO‘ZI TANTANALARI NISHONLANDI

Туман янгиликлари

Xalqimiz tarixi va madaniyatining uzviy qismi bo‘lgan Navro‘zi olam shodiyonalari har bir yurtdoshimizga ko‘tarinki kayfiyat, yashashga ishtiyoq baxsh etadi. Ushbu bayramning necha-necha asrlar silsilasidan o‘tib, bizgacha yetib kelgani, tobora yangi ma’no-mazmun bilan boyib borayotgani bejiz emas. Axir Navro‘z tinchlik, totuvlik, bag‘rikenglik, mehr-oqibat timsoli, kishilarni birdamlikka, hamjihatlikka, mehnatsevarlikka chorlaydigan, ajdodlarimizdan meros bo‘lib kelayotgan qadim an’analarimiz, urf-odatlarimiz, qadriyatlarimiz yaqqol namoyon bo‘ladigan qutlug‘ kun.

Sana munosabati bilan To‘lqin ovulining Agronom aholi punktida 32-sonli maktab o‘qituvchilar jamoasi va hudud aholisi bilan birgalikda “Har kuning Navro‘z bo‘lsin, jonajon O‘zbekistonim!” shiori ostida o‘tkazilgan “Xush kelding, Navro‘z!” deb nomlangan bayram tadbirida ham ushbu kun mazmun-mohiyati teran ochib berildi.

Tadbirga maktab o‘qituvchilari, o‘quvchilari, hudud aholisi, 23-sonli davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti xodimlari va tarbiyalanuvchilari ishtirok etdilar.

Tantanani 32-sonli maktab faxriy o‘qituvchisi To‘liboy Yo‘ldoshev ochdi va barchani Navro‘z bayrami bilan qutladi. Ovul xotin-qizlar faoli Gavhar Bobotoyeva, hudud profilaktika inspektori Ravshanbek Qalandarov, ta’lim faxriysi Dilorom Qurbonova, Gulchehra Arabovalar tabrigidan so‘ng teatrlashtirilgan bayram tomoshasi boshlandi. Davraga boshiga gulchambar taqqan Navro‘zoyning tashrifini barcha qarsaklar bilan olqishlab qarshi olishdi.

To‘kin dasturxon atrofidan joy olgan mahalla nuroniylari, faollari, ta’lim fidoyilari va yoshlar Navro‘zi olamni yurtimiz tinchligi, obodligi, inson qadri ulug‘langan she’rlar, qo‘shiqlar, raqslarni miriqib tomosha qildilar. 23-sonli davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti tarbiyalanuvchilari ijrosidagi badiiy chiqishlar ham barchaga bahoriy kayfiyat bag‘ishladi.

Maktab, hudud badiiy havaskorlari birgalikda tayyorlagan teatrlashtirilgan bayram tomoshasidan so‘ng navbat azal-azaldan Navro‘z tantanalaridan munosib o‘rin egallab kelayotgan xalq o‘yinlariga berildi. Sportchilarning tantanali chiqishlaridan so‘ng tosh ko‘tarish, arqon tortishish, musobaqalari o‘tkazildi. Nihoyat bolajonlar orziqib kutgan soniyalar keldi. Ular varrak uchirish musobaqasini boshladilar.

Bolajonlar har ko‘klamda o‘ynab maza qiladigan bu o‘yinda varrakning eng yuqoriga ko‘tarilishi uchun ham epchillik kerak. Barchaga xush kayfiyat ulashgan xalq o‘yinlari g‘oliblari munosib taqdirlandi. “Assalom, Navro‘z” yozuvi aks etgan bug‘doy maysalari ham go‘yo bayramni olqishlab mayin tebrandi.

Hudud fermerlari homiyligida o‘tkazildan Navro‘z tantanalari barchada o‘chmas taassurotlar qoldirdi.

Sevara ISMOILOVA.