BЕSHOVULLIKLAR NAVRO‘Z BAYRAMINI KO‘TARINKI RUHDA NISHONLASHDI

Туман янгиликлари

Yurtimiz bo‘ylab o‘tkazilgan Navro‘z tantanalari xalqimizga bahoriy va ko‘tarinki kayfiyat baxsh etdi. Ayyom munosabati bilan tumanimizning barcha hududlarida, ovul va mahallalar, ta’lim muassasalari, korxona-tashkilotlarda konsert dasturlari, sayillar va sport musobaqalari o‘tkazildi.

Navro‘z bayrami munosabati bilan Beshovul mahallasida ham katta sayil bo‘lib o‘tdi. Mahalla hududidagi fermerlar homiyligida fuqarolar yig‘ini tomonidan tashkil etilgan ushbu tadbirga yoshi ulug‘lardan tortib, kichik yoshdagi bolalargacha tashrif buyurishdi.

Mahalladagi 37-sonli maktabning sport maydonchasida o‘tkazilgan bayram tadbirini fuqarolar yig‘inidagi hokim yordamchisi Sherzod To‘rayev ochib berdi va mahalla aholisini bayram bilan tabrikladi. U o‘z so‘zida hududni rivojlantirish, aholiga farovon turmush tarzini yaratish borasida olib borilayotgan ishlar xususida to‘xtaldi. Shuningdek, mahallada bandlikni ta’minlash, tadbirkorlikni yo‘lga qo‘yish va rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilgan chora-tadbirlar to‘g‘risida ham so‘zladi.

Fuqarolar yig‘inida tashkil etilgan Keksalar guruhi a’zosi, qishloq xo‘jaligi sohasida uzoq yillar faoliyat ko‘rsatgan nuroniy otaxon Farhod ota Iskandarov ham mahalladoshlarni bayram bilan qutlab, Navro‘z bayrami munosabati bilan faxriylar, keksa avlod vakillarini har tomonlama e’zozlash, «Temir daftar», «Ayollar daftari», «Yoshlar daftari» va «Mehr daftari»ga kiritilgan hamda ko‘makka muhtoj insonlarning holidan xabar olish, ularga beg‘araz yordam berish bilan bog‘liq xayriya tadbirlari ham tashkil etilganini ta’kidladi. Bemorlar, yakka-yolg‘iz yashovchilar xonadonlarida obodonlashtirish, tomorqadagi ekish ishlariga ko‘maklashilgani, mahallada birdamlikda pishirilgan sumalaklar tarqatilgani, bayramni munosib kutib olishga qizg‘in tayyorgarlik ko‘rilganini aytib o‘tdi.

Bayram saylida Qilichboy madaniyat markazi xodimlari va havaskorlari, 37-sonli maktab o‘quvchilari va mahalla hududidagi maktabgacha ta’lim tashkiloti tarbiyalanuvchilari tomonidan tayyorlangan katta musiqiy dastur namoyish etildi. Dastur davomida ijro etilgan bahor, Navro‘z, Vatan haqidagi kuy va qo‘shiqlar, xalq og‘zaki ijodi namunalari, yor-yor va laparlar, kelinsalom, ona allasi, qiz uzatish kabi milliy qadriyatlarimiz aks etgan sahna ko‘rinishlari ishtirokchilarga ko‘tarinki kayfiyat bag‘ishladi. Shuningdek, o‘yingohda turli sport musobaqalari ham tashkil etildi. Mahallaning sportchi yoshlari tosh ko‘tarish, kuch sinashish, arqon tortish musobaqalarida faol qatnashishdi. Ayniqsa, sun’iy qoplamali sport maydonchasida bo‘lib o‘tgan futbol musobaqasidagi o‘yinlar juda qizg‘in kechdi. Bolajonlar o‘rtasida bo‘lib o‘tgan varrak uchirish musobaqasi ham sayilning fayzli o‘tishini ta’minladi.

Tadbir davomida yoshi ulug‘ nuroniylarga, sport musobaqalari g‘oliblari va fermer xo‘jaliklarining ilg‘or ishchilariga bayram sovg‘alari topshirildi.

Bayram sayliga tashrif buyurgan mehmonlar dasturxonlarga tortilgan bahoriy taomlar, sumalaklar va boshqa turli noz-ne’matlardan bahramand bo‘ldilar. Ularga milliy taomimiz osh ham tortildi.

Mahallada o‘tkazilgan Navro‘z bayrami tantanalari beshovulliklarga ko‘tarinki ruh baxsh etib, katta taassurotlar qoldirdi.

Ozoda Xudoyberganova.