AMUDARYOLIK OSIYO KUBOGI G‘OLIBI, YOSH FUTBOLCHI TAQDIRLANDI

Туман янгиликлари

Yurtimizda yoshlarga qaratilayotgan e’tiborning ijobiy natijalariga adabiyot, san’at, madanaiyat, sport, qo‘yingki, barcha sohalarda ham yaqqol guvoh bo‘layapmiz.

Shu yilning 18 mart kuni mamlakatimiz tarixida muhim sana sifatida qayd etildi. Shu kuni futbol bo‘yicha 20 yoshgacha bo‘lgan o‘yinchilar o‘rtasidagi Osiyo Kubogi – 2023 final bosqichida O‘zbekiston yoshlar jamoasi iroqlik yosh futbolchilarga qarshi maydonga tushib, g‘alaba qozondi.

Mazkur o‘yinni Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev va boshqada davlat rasmiylari, sport sohasi mas’ullari “Bunyodkor” stadionida ko‘psonli muxlislar qatorida tomosha qilishdi. G‘alaba nashidasini yosh futbolchilarimiz davlatimiz rahbari bilan birga nishonlashdi. Taqdirlash marosimida ishtirok etgan Prezident bosh sovrin – Osiyo Kubogini jamoaga topshirdi.

Futbolda erishilgan bu g‘alaba hech bir o‘zbekistonlikni befarq qoldirmadi desak, adashmagan bo‘lamiz. Xususan, amudaryoliklarga yosh futbolchilar yutug‘i Navro‘zi olam shodliklariga shodlik qo‘shdi. Ushbu g‘olib jamoa a’zosi, 5-raqamli himoyachi Javohir O‘tamurodov tumanimiz o‘g‘loni ekanligi esa faxrdir.

U 2004 yilda To‘lqin ovulida tug‘ilgan. Boshlang‘ich sinflarni 32-sonli maktabda, keyinchalik Nukus shahridagi 27-maktabda o‘qidi. Futbolga qiziqishi tufayli muntazam mashg‘ulotlarga qatnashdi. Nukus Olimpiya zahiralari sport kollejida o‘qidi. Maktab, kollej o‘quvchisi davrida futbol musobaqalarida mahoratini namoyish etib, soha mutaxassislari e’tiborini qozongani bois 2018 yildan 2021 yilgacha “Nasaf” futbol akademiyasi tarbiyalanuvchisi bo‘ldi, hozirgi kunda “Nasaf” futbol klubi markaziy himoyachisi, 2022 yildan 20 yoshgacha bo‘lgan futbol terma jamoasi a’zosi. Shu kungacha o‘ndan ortiq davlatlar yoshlari bilan bo‘lgan bellashuvlarda qatnashib, g‘alabaga munosib hissa qo‘shdi, Xitoy yoshlari bilan bo‘lgan bahsda yagona gol muallifi bo‘ldi.

Osiyo Kubogi o‘yinlari yakunlanganidan so‘ng tumanimizga qaytgan futbolchini Nukus xalqaro aeroportida hukumat vakillari tantanali kutib olishdi.

Uning g‘alaba quvonchlarini birga baham ko‘rish uchun tug‘ilgan uyiga kelishi haqiqiy bayramga aylanib ketdi. Otasi, enasi, dadasi, onasi, qarindoshlari, ustozlari sinfdoshlari, qo‘ni-qo‘shnilar jam bo‘lib, go‘yo to‘y bo‘ldi. “Prezident sovg‘asi” yozuvi tushirilgan, Yurtboshimiz sovg‘a qilgan O‘zbekistonda ishlab chirqarilgan “Jentra” avtomobili kalitini otasiga sovg‘a qilib, unga, enasini, bobo-buvisini ham mashinaga o‘tqazib qo‘yganida Javohir O‘tamurodovga barcha havas qildi.

22 mart kuni Javohir O‘tamurodov Yoshlar ishlari agentligi tuman bo‘limi va Bolalar-o‘smirlar sport maktabi tomonidan ham munosib taqdirlandi. U “Navro‘z kubogi” sport musobaqalarining sektor g‘oliblari bo‘lgan To‘lqin, Xolimbeg ovullari, Beruniy, Qizilcholi mahallalari futbol jamoalari bellashuviga yig‘ilgan yoshlar bilan uchrashdi. Chordara mahallasidagi sun’iy qoplamali mini futbol maydonchasida futbolsevar yoshlarga mahorat darsi o‘tdi, birgalikda markaziy hujumchi sifatida o‘ynadi.

Osiyo kubogi g‘olibiga yoshlar o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat qilishdi. Javohir ularga batafsil javoblar berib, ularning futboldagi faoliyatiga, o‘qish, ishlariga muvaffaqiyatlar tiladi.

Osiyo kubogi g‘olibi Javohir O‘tamurodov bilan o‘tkazilgan uchrashuv, mahorat darsi yosh futbolchilarimizga ulkan mativatsiya berdi, o‘zlariga bo‘lgan ishonchini oshirdi.

Sevara Ismoilova.