Olmazor mahallasida tuman hokimining yoshlar bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi

Туман янгиликлари

Bugungi yoshlar – mamlakat iqtisodiyoti, siyosiy-ma’naviy, ijtimoiy va madaniy hayotining ertangi kungi qudratli lokomotivlaridir. Bu haqda Prezidentimiz har galgi uchrashuvlarida ham faxr, ham ishonch bilan ta’kidlashlari bejiz emas. Shu bois, mamlakatimizda yoshlarning bilim olishlari, o‘z qobiliyat va iqtidorlarini amalda namoyon etishlari uchun barcha zarur sharoitlar, imkoniyatlar yaratilgan. Mamlakat rahbaridan tortib, quyi bo‘g‘in rahbarlarigacha yoshlar hayotiga oid muammolarni o‘rganish, mavjud muammolarni joylariga chiqqan holda ijobiy hal etishga ko‘maklashish maqsadida o‘tkazilayotgan yoshlar bilan uchrashuvlar, davra suhbatlari samimiy muloqot maydoniga aylanmoqda.

23 mart kuni Amudaryo tumani Olmazor mahallasining ma’muriy binosida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda tuman hokimi Sultonboy Yo‘ldashev, tuman Xalq qabulxonasi bo‘limi mudiri Erkin Rajabov, tuman hokimi o‘rinbosari Mahmud Shermetov, Yoshlar ishlari agentligi tuman bo‘limi boshlig‘i Sardor Ismailov hamda mahallaning faol yoshlari ishtirok etishdi.

Tuman Xalq qabulxonasi bo‘limi mudiri Erkin Rajabov yoshlar uchun imkoniyatlar ko‘lami nihoyatda keng ekanligini, bu imkoniyatlardan faqatgina to‘laqonli ravishda foydalanib, Vatan ravnaqiga hissa qo‘shish lozimligini aytib o‘tdi.

Tuman hokimi Sultonboy Yo‘ldashev joriy yilning 30 aprel kuni bo‘lib o‘tadigan umumxalq referendumida barcha yoshlarni faol ishtirok etishga chorlab, mazkur siyosiy jarayonning ahamiyati to‘g‘risida o‘z fikrlarini bildirib o‘tdi. Shuningdek, uchrashuvda yoshlarning bandligini ta’minlash, qo‘shimcha ish o‘rinlarini yaratish, yosh tadbirkorlar safini kengaytirishga qaratilgan muhim chora-tadbirlar belgilanib, shu asosida olib borilayotgani qayd etib o‘tildi.

Shundan so‘ng Yoshlar ishlari agentligi tuman bo‘limi boshlig‘i Sardor Ismailov yoshlarning murojaatlari imkon qadar bartaraf etilishiini aytib, tumanimizning chekka hududlarida istiqomat qiluvchi yoshlarning muammolari ham sayyor qabul tarzida ko‘rib chiqilayotganligini va hech bir murojaat e’tibordan chetda qolmasligini ta’kidladi.

Tuman hokimi bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda yoshlarning muammo va takliflaridan iborat murojaatlari tinglandi.

Jumladan, mahalla hududida istiqomat qiluvchi faol yoshlardan biri Shahzod Ibodullayev haydovchilik guvohnomasini olish uchun o‘quv kursi xarajatlarini qoplab berilishida, Farida Abdullayeva, Sevara Murodova, Dinora Qurboniyozova, Shohista Sobirovalar esa kontrakt to‘lovining bir qismi to‘lab berilishida amaliy yordam so‘rab murojaat qildilar.

Aksariyat murojaatlar shu yerning o‘zida qanoatlantirilib, qolganlari tez kunda ijobiy hal qilinishi ma’lum qilindi.

Shu o‘rinda aytish kerakki, bugun yoshlar yaratilayotgan har bir imkoniyatdan unumli foydalanishga intilmoqda. Uchrashuv davomida berilgan savollar va bildirilan muammolardan ham bilsa bo‘ladiki, bugun har bir o‘g‘il-qizning o‘z rejalari va maqsadlari bor. Chunki, davlatimiz tomonidan olib borilayotgan yoshlar siyosati ularni yanada ilhomlantirmoqda.

Tuman hokimligining Axborot xizmati.